Iroq: Anbar viloyati politsiyasi boshlig‘i halok etildi

Image copyright AP
Image caption Anbar sunniy qurolli guruhlari faol bo‘lgan viloyat hisoblanadi

Iroqda Anbar viloyati politsiyasining boshlig‘i yo‘l chetiga o‘rnatilgan bombaning portlashi oqibatida halok bo‘lgan.

Bu haqda Iroq hukumati rasmiylari ma‘lum qilganlar.

Brigada generali Ahmad al-Dulaymiy mashinasi bomba portlagan paytda Anbar viloyati Ramadi shahri shimolidan o‘tayotgan kolonna ichida bo‘lgan.

Bag‘dod shimoli-sharqida kurdlar nazorat etuvchi hududda yuz bergan uchta portlashda esa kurd kuchlarining kamida 20 nafar jangchisi halok bo‘lgan.

Shanba kuni Bag‘dodning shialar yashovchi mintaqasida mashinaga o‘rnatilgan bombaning portlash qirqqa yaqin odam umriga zomin bo‘lgandi.

Islomiy Davlat jangchilari so‘nggi oylarda Iroq va Suriyaning yirik hududlarini ishg‘ol etdilar.

Anbar sunniy qurolli guruhlari, jumladan Islomiy Davlat faol bo‘lgan viloyat hisoblanadi.