Tojikiston-Suriya: Jihodning uzoq yo‘li

Image caption Tojikiston shimolidagi Chorqishloqdan 17 yigit Suriyadagi jihodchilar safida ekanligi aytiladi

Tojikiston shimolidagi kichikkina Chorqishloq mamlakatdagi boshqa ko‘plab aholi maskanlaridan farq qilmaydi.

Lekin oxirgi oylarda Chorqishloq jamoatchilik va Xavfsizlik Xizmati e‘tibori markazida...

Chunki bu qishloqdan bo‘lgan 17 yigit Suriyadagi jihodchilar saflarida jang qilmoqda ekan.

Yoshlari 19dan 35gacha bo‘lgan bu yigitlar nafaqat bir qishloqdan, balki yonma-yon qo‘shni ham bo‘lishgan.

Ular turli vaqtda Rossiyaga pul topish ilinjida ketib, keiynchalik Suriyada Bashar Al-Asad rejimiga qarshi kurashayotgan kuchlar saflariga qo‘shilishgan.

Ularni Suriyaga nimalar yetaklab bordi? Jihodmi, pulmi yo g‘oya? Bu savollarga javob topish uchun Chorqishloqqa yo‘l oldim.

"O‘g‘lim nima uchun kurashmoqda?"

Chorqishloq O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston chegarasiga yaqin yerdagi Isfara shahridan atigi 7 kilometr masofada joylashgan. Aholisi to‘rt yarim ming atrofida...

Hali Sho‘rolar vaqtidayoq qishloq aholsi taqvodorligi bilan ma‘lum edi.

"O‘zbekiston Islomiy Harakati" va boshqa taqiqlangan harakatlarga a‘zolikda ayblangan va qamoq jazolariga hukm qilinganlar orasida isfaraliklar kam emas.

Mukarrama Qodirova 19 yoshli o‘g‘li Ahliddin Kamolzodaning Suriyada ekanligidan militsiya bo‘linmasida xabar topdi. Mukarrama o‘g‘li bilan aloqa uzilib qolganidan so‘ng o‘zi militsiyaga murojaat qilgandi.

U o‘g‘lining oxirgi marotaba Turkiyadan qo‘ng‘iroq qilganini aytadi.

"Men undan Turkiyaga qanday qilib borib qolganini so‘radim. Axir, u Rossiyaga pul ishlgani ketgan edi... Qanday qilib u yerga borib qolganligini bilishga harakat qildim. U esa tinmay yig‘lardi. Keyin aloqa uzilib qoldi. Mana bir yarim oyidan beri hech qanday xabar yo‘q"...

Image caption Mukarrama Qodirovaning o‘g‘lidan bir yarim oydan beri xabar yo‘q...

Ahliddan otasi va akasi ketidan Rossiyaga yo‘l olib, o‘zining to‘yi va yangi uy qurish uchun pul ishlagani ketgandi.

Dastlab uyiga muntazam qo‘ng‘iroq qilib turgan Ahliddin keyinchalik aloqaga chiqmay qo‘ydi. Akasi ham uni topolmay qoldi.

Ahliddin Kamolzoda Tojikiston Xavfsizlik Xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, Suriyadagi jangovor harakatlarda ishtirok etayotgan 17 chorqishloqlikdan biridir.

Ularning oila a‘zolari Xavfsizlik Xizmati tomonidan doimiy nazorat ostida ekanliklarini aytishadi.

"Kimlardir doim kelib, nimalarnidir tekshirishadi. Suratga olishadi, videoga tushirishadi. So‘roqqa tutishadi. Nimalarnidir aniqlashmoqchi bo‘lishadi. Lekin biz hech nima bilmaymiz, hech nimani yashirayotganimiz yo‘q", deydi Yosinxon Eshonov.

Uning 28 yoshli o‘g‘li Yaqubjon farzandlarini tashlab, turmush o‘rtog‘i bilan birga Suriyaga ketgan.

"O‘g‘lim bir necha yil Rossiyada ishladi. Uyga pul yuborib turardi. Keyin xotinini o‘zi bilan olib ketdi. Ikki oy oldin telefon qilib Turkiya va Suriyaga ketishayotganini aytdi. Keyin boshqa aloqaga chiqmadi".

Xavfsizlik Xizmatining aytishicha, Suriyaga ketgan chorqishloqliklardan ikki nafari allaqachon halok bo‘lishgan.

"Bedarak ketganlar"

Qishloqliklardan ilk bor Hojimuhammad Ibrohimovlar oilasiga 29 yoshi o‘g‘illari Masrurning halok bo‘lgani haqida xabar qilishdi. U bir necha oy avval Suriyadagi aksilhukumat kuchlari safiga qo‘shilish uchun jo‘nab ketgandi.

"O‘g‘limizning halok bo‘lgani haqida xabar berishdi. Lekin men ishonmayman, chunki uning jasadini ko‘rganim yo‘q... Hech nima demayman, so‘zlar bilan hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi. Suriyaga ketishga o‘g‘lim voyaga yetgan inson sifatida o‘zi qaror bergan. Men uning qadamlarini izohlay olmayman", deydi Hojimuhammad Ibrohimov.

Chorqishloqlik jihodchilarni rasman "bedarak ketganlar" deya qayd etishgan.

Tojikiston Tashqi Ishlar vazirligida turli ekstremistik tashkilotlar saflariga vatandoshlar qanday qilib safarbar etilayotganliklari yo‘llari haqida ma‘lumotga ega emasliklari, ammo ular Suriyaga Rossiya, Pokiston, Turkiya va Afg‘oniston orqali ketayotganliklarini aytishdi.

Muhojirdan mujohidgacha...

Tahlilchilarga ko‘ra, o‘zga sharoitga tushib qolganlarda ko‘pda o‘zligini anglash hissi o‘tkirlashuvi kuzatiladi.

Ular o‘zgacha ekanliklarini his etib, o‘zlariga taaluqli jihatlarni izlashlari, biron umumiylik atrofida jipslashishga, taqvodorroq bo‘lishga harakat qilishadi. Bu tabiiy jarayon.

Bu kabi vaziyatda masjid o‘zlariga yaqinlar bilan muloqot qiladigan yagona manzilga aylanadi.

Image caption Muhojirlikda masjid o‘zlariga yaqinlar bilan "dardlashish"ning ko‘pda yagona joyiga aylanadi

Muhojirlar huquqsizliklari va zaifliklari uchun u yerda dastak va birdamlik izlaydilar.

"Muhojirlarning diniy savodsizliklari, soddaliklari va iqtisodiy qiyin sharoitlaridan yollovchilar foydalanadilar. Lekin shuni tushunib yetish kerakki, bu jihod emas. Suriyadagi qarama-qarshilikning ikkala tomonida ham musulmonlar kurashmoqda. Bu ichki fuqaroviy mojaro. U yerdagi tojikistonliklarning ba‘zilari pul uchun kurashmoqdalar, lekin ko‘plari g‘oyaga ishonadilar. Ular aldanganlar, ular halok bo‘lgan vaqtlari shahid bo‘lmaydilar", deydi So‘g‘d viloti ulamolar Kengashi rahbari Ho‘ja Husayn Musozoda.

Mutaxassilarga ko‘ra, Rossiyadagi muhojirlar sharoitidan radikal diniy tashkilotlar o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqdalar. Ular muhojirlar orasidagi norozilik va g‘azabni o‘zlari uchun kerakli yo‘nalishga burishga muvaffaq bo‘lmoqdalar.

"Rossiyada muhojirlarga munosabat risoladagidek emas. Tojikiston rasmiylarining munosabati esa befarq. Bunday sharoitda ko‘plab muhojirlar diniy tashkilotlarga yollovchilar takliflariga rozi bo‘lmoqdalar", deydi qishloqliklardan biri.

Sobiq talabalar taqdiri

Shu yil boshlarida Suriyada qator tojikistonlik islomchilar qo‘lga olinib, ular bilan suhbatlar davlat televizioni orqali namoyish etildi.

Ular "Jabha-tul Nusra" tashkiloti tomonidan yollangalari va Bashar Al-Assad hukumatini ag‘darish uchun janglarda qatnashganliklarini aytishdi.

Ularning barchasi Suriyadagi diniy maktablarning sobiq talabalari edilar.

Yaqin Sharqdagi diniy maktab va madrasalarda yaqin-yaqinlargacha minglab tojikistonlik yoshlar bepul ta‘lim olardilar.

2012 yili prezident Imomali Rahmon ko‘plab diniy markazlar ekstremistik ta‘limotlarga asoslanganligini aytganidan so‘ng, tojikistonlik talbalarni yoppasiga ortga qaytara boshladilar.

Majburiy ravishda taxmianan 2 ming talaba Tojikistonga qaytarildi.

Tojikiston Islomiy tadqiqotlar Markaziga ko‘ra, ulardan atigi bir necha yuz kishi mamlakatda ish topa olishgan. Qolganlari yana boshqa mamlakatlarga yo‘l olishdi.

Ba‘zilari Xavfsizlik Xizmatlarining o‘ta "diqqat" bilan ularni kuzatishlari tufayli mamlakatni tark etganlar.

Bundan tashqari sobiq toliblarni siyosiy jihatdan ishonchsiz hisoblab, davlat tashkilotlariga ishga olishga ko‘pda rozi bo‘lmaydilar.

Internetdagi da‘vatlar

Ba‘zi tahlilchilarga ko‘ra, sobiq talabalardan ko‘plari Yaqin Sharq mamlakatlarida diniy saboqlarini davom ettirish uchun Rossiya fuqaroligi va pasportini olish maqsadida u yerga yo‘l olganlar.

Radikal diniy tashkilotlarning faollashuvi nafaqat Tojikiston hukumati xavotirlariga sazovor bo‘lmoqda. Ularga qarshi kuch bilan kurashish hozircha samara bergani yo‘q.

Oxirgi oylar mobaynida Internetda Suriyadagi tojikistonliklar aks etgan bir qator videotasvirlar paydo bo‘ldi.

YouTube portalida shu yil aprel oyida paydo bo‘lgan videoda noma‘lum bir shaxs tojik pasportlarini alangada yoqayotgani va rus tilida bu pasportlar egalari Suriyada Bashar Al- Assadga qarshi kurashayotganlari va boshqalarni ham bu jihodga qo‘shilishga chorlayotgani aks etgan.

Your contact details
Disclaimer