Ebola jahonga "misli ko‘rilmagan" darajada tarqalishi bashorat qilinmoqda

Image copyright EPA

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ebolaga qarshi kurash bo‘yicha bosh rasmiysiga ko‘ra, dunyo bu virusni jilovlash poygasida ortda qolayapti. Uning bashorat qilishicha, dekabr oyigacha yana minglab odamlar Ebolani yuqtiradi.

"Ebola bizdan tezroq harakat qilayapti va poygada ustun kelayapti", - dedi Antoni Banberi BMT Xavfsizlik Kengashiga.

Ayni damda AQShning Texas shtatidagi hamshira qanday qilib Ebolani yuqtirgani borasida tobora ko‘p savollar so‘ralmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, mazkur virus avj olganidan beri 4447 odamni o‘ldirdi. Qurbonlarning aksari G‘arbiy Afrikada bo‘lgan.

O‘tgan yil dekabrida boshlangan, biroq mart oyigacha tasdiqlanmagan virus Siyerra Leone, Liberiya va Gvineyaga eng ko‘p ta‘sir qilgan.

"Misli ko‘rilmagan vaziyat"

AQSh Prezidenti Barak Obama seshanba kuni qilgan chiqishida jahon Ebolani jilovlash yo‘lida yetarli choralarni ko‘rmayotganini aytdi.

Oq Uyning bildirishicha, chorshanba kuni Obama Ebola inqirozini britan, frantsuz, olmon va italyan rahbarlari bilan video anjumanda muhokama qiladi.

Janob Banberi BMT Xavfsizlik Kengashiga G‘arbiy Afrikadan video orqali qilgan murojaatida agar Ebola hoziroq to‘xtatilmasa, jahon "misli ko‘rilmagan vaziyat"ga yuz tutishi va bu kabi vaziyatni o‘nglashga hech qanday reja ishlab chiqilmaganini aytdi.

U ko‘proq muolaja markazlari qurilishi va ko‘proq tibbiy xodimlar yollanishi uchun ko‘proq moliya zarur ekanini urg‘uladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bashoratiga ko‘ra, agar xalqaro choralar kuchaytirilmasa, ikki oy ichida Ebolaning tarqalish darajasi bir hafta ichida 10 ming odamga chiqishi mumkin.

Your contact details
Disclaimer