Fotojurnalist: "Men o‘limdan qo‘rqmayman..."

Image copyright none
Image caption Veronika de Vigeri so‘nggi bor jangarilarning payiga tushgan payti homilador bo‘lgan

So‘nggi 10 yil asnosida fransalik Veronika de Vigeri dunyoning eng tahlikali nuqtalariga borib, suratlar olib qaytishga muvaffaq bo‘lgan.

U Afg‘onistondagi Tolibon harakati, Somalidagi dengiz qaroqchilari ichiga kira olgan.

Janubiy Sudandagi isyonchilar bilan uchrashgan. Oxirgi safari payti u to‘ng‘ich qiziga homilador bo‘lgan.

Bundan tashqari, Veronika Iroq, Niger, Meksiko, Gvatemala, Liviya va Pokiston kabi mamlakatlarda o‘z hayotini tahlika ostiga qo‘yib faoliyat yuritgan fotojurnalistdir.

Uning ishlari Ovro‘po va AQShdagi gazeta-jurnallarda chop etilgan.

BBC fotojurnalistni suhbatga tortib, dunyoning eng xatarli joylarida ishlashga o‘zida qanday kuch topa olgani bilan qiziqqan. Avvaliga BBC: "Siz har doim fotojurnalist bo‘lishni orzu qilganmisiz", deb so‘ragan.

Veronika de Vigeri: Men avvaliga armiya safiga qo‘shilishni istardim. Otamga ko‘ra esa, bu juda yomon fikr edi. Keyin men huquqshunos bo‘larman, deb o‘yladim. Ammo, undan ham ko‘nglim to‘lmadi. Keyin suratkashlik kurslariga qatnadim.

BBC: Tahlikali, zo‘ravonliklar kechayotgan hududlarda suratlar olish doim sizning orzungiz bo‘lganmi?

Veronika de Vigeri: Yo‘q, unday emas. Bolaligimda men quyosh botishini suratga olishni o‘rganganman. Ammo, talabalik yillarimda men ilk bor Afg‘onistonga bordim va u yerni sevib qoldim. Keyin imkon qadar tezroq u mamlakatga qaytib borishga qaror qilganman.

BBC: Afg‘onistonni nimasini bu qadar yaxshi ko‘rib qolgansiz?

Veronika de Vigeri: U men uchun parallel bir dunyo edi. Men bilgan dunyoga mutlaqo o‘xshamasdi. Hamma narsa o‘zgacha edi; vaqt, odamlar, tabiat manzaralari... barcha-barcha narsa men uchun kashfiyot edi.

BBC: Ammo, shu bilan birga Afg‘oniston xatarli mamlakat ekanidan ham boxabar bo‘lgan bo‘lsangiz kerak?

Veronika de Vigeri: Ha, ammo xatar men uchun har doim hayajonli bir narsa edi.

BBC: Siz Kobuldagi internet kafega qilingan hujumda qariyb bir o‘limdan qolgansiz. O‘shanda nimalar bo‘lganini aytib berasizmi?

Veronika de Vigeri: Kobuldagi hodisa 2005 yil may oyida yuz bergandi. Har kungidek, men internet kafega borib, olgan akslarimni kompyuterga o‘tkazmoqchi bo‘lib turgandim. O‘sha payt qattiq portlash ovozini eshitdik. Shift boshimizga qulab tusha boshladi. Biz hech narsani ko‘ra olmasdik. Men do‘stim bilan birga edim. Avval undan hol-ahvol so‘radim. Keyin xudkushlik hujumi uyushtirilganini angladik. Hodisada 5 kishi hayotdan ko‘z yumgandi. Bizning baxtimiz kulib omon qoldik.

BBC: O‘shanda o‘zingizni qanday his qilgansiz? Xavfsizroq joyga imkon qadar tezroq chiqib ketishim kerak deb o‘ylaganmisiz?

Veronika de Vigeri: Yo‘q. Bu noto‘g‘ri joyga bevaqt borib qolgandek gap edi. Gap shundaki, men o‘limdan qo‘rqmayman. Men ko‘proq hayotimni istaganimdek yashay olmaslikdan qo‘rqaman. Agar men ishimni oxiriga yetkazmay, Fransaga qaytib ketsam, bu men uchun erta o‘lim bo‘lgan bo‘lardi.

Image copyright none
Image caption Toliblar... (Veronika de Vigeri olgan surat)

BBC: 2006 yil siz bir guruh Tolibon jangchilarining ishonchini qozonishga muvaffaq bo‘lgansiz. Siz bu kabi guruhning faoliyatini kuzatishga izn berilgan birinchi g‘arbliklardan bo‘lgansiz. Ularga qo‘shilish uchun ruxsatni qanday qilib olishga muvaffaq bo‘lgansiz?

Veronika de Vigeri: Men ularni yaxshi biladigan odamni tanir edim. U harakat voizidan ovro‘polik jurnalist toliblar bilan uchrashishi mumkinmi, deb so‘radi. Javob bir necha haftadan keyin keldi va ular bizga "ha", deyishdi.

BBC: Shartlar qanday edi? Nimalar bo‘lganini aytib berasizmi?

Veronika de Vigeri: Avvaliga biz Kobuldan G‘azniga borishimiz kerak edi. Keyin kelishilgan joyda toliblarni kutib turdik. Burqa kiyib olgandik. Keyin mashinaga o‘tirdik va chang ko‘chalar bo‘ylab o‘tdik. Bir nuqtada ikki mototsikl bizga hamrohlik qila boshladi. Ularning har birida qo‘llarida qurollari bo‘lgan ikkitadan odam bor edi. Keyin ular bizni to‘xtatishdi. Qo‘rqib ketgandik o‘shanda, chunki biz nima uchun to‘xtatilganimizni bilmasdik. "Bu qopqonmi?" degan xayolga ham bordik. Ammo, ular bizdan qo‘l telefonlarimizni so‘rashdi. Yana yo‘lga tushdik. Quyosh botgunga qadar yurdik. Bizni 50ga yaqin jangchi kutib turardi. Yetib borgan paytimiz namoz vaqti kirgandi. Ular namoz o‘qiy boshlashdi. Keyin bizga vositachilik qilgan odam Tolibon rahbari bilan gaplashdi. U rozilik bildirdi. Ammo, kech bo‘lib qolgandi. Qo‘mondon ertaga kelishni va kunduz kuni suhbatlar uyushtirishmiz va suratlar olishimiz mumkinligini aytdi.

BBC: Ertasiga ittifoq kuchlar patrul xizmati hududga borgan va toliblar sizlarni josus deb shubhalana boshlashgan, shundaymi?

Veronika de Vigeri: Xuddi shunday. Ittifoq askarlari u yerda patrullik qilardi. Ikki soatcha vaqt juda asabiy o‘tdi. Chunki, agar ittifoq kuchlari hujum qilganida Tolibon bizni jazolagan bo‘lardi. Biz qo‘shinlar tezroq o‘tib ketsin, deb duo qilardik.

BBC: Toliblarni suratga tushishga ko‘ndirish qanchalar qiyin bo‘lgandi?

Veronika de Vigeri: Ular juda yosh toliblar edi. Hammalarida qo‘l telefonlari, ba‘zilarida Britni Spirs ringtonlari bor edi. Ular biz bilan o‘z suratlarini olishga tushishdi. Ammo, birinchi yarim soat, 40 daqiqa ancha tang kechdi. Hamma bir-biriga qarab turar, hech kim biron ish qilishga jur‘at qilolmasdi. Keyin men kameramni olib ularni suratga ola boshladim va suratlarni o‘zlariga ko‘rsatdim, shundan so‘ng, vaziyat biroz yumshadi.

BBC: Siz 2008 yil Somali dengiz qaroqchilari bilan uchrashgansiz. Ular mavzuni yoritishga kelayotgan odam ayol ekanidan hayratga tushishganmi?

Veronika de Vigeri: Ular hayron bo‘lishgan. Qaroqchilar boshlig‘i o‘rtadagi vositachi bilan gaplashganda uning do‘stlaridan birini qabul qilishga rozi bo‘lgan. "Do‘st" deb aytilgan odam oq tanli ayol bo‘lib chiqqanidan hayratga tushgan, to‘g‘rirog‘i, u dong qotib qolgandi. Ammo, bo‘lar ish bo‘lgan, biron narsani o‘zgartirishga kech edi.

BBC: Siz ko‘pda "iblis" sifatida ta‘riflanadigan odamlar bilan juda yaqindan ko‘rishgansiz. Bu sarlavhalarni bitadigan jurnalistlar foydalanadigan so‘zmi, ya‘ni asl holat biz tasavvur qilgandan ko‘ra murakkabroq deyish mumkinmi? Deylik, Tolibon jangarisi yo-da, Somali qaroqchisi misolida gapiradigan bo‘lsangiz...

Veronika de Vigeri: Xuddi shunday. Men aytmoqchi bo‘layotgan gap ham shu. Hamma narsani oq-qora ranglarda ko‘rishni to‘xtating. Men bu isyonchilar, inqilobchilar bilan uchrashar ekanman, ular haqida bilish, ularni yaxshiroq tanish kerak, deb o‘ylayman. Bu odamlar haqida yaxshiroq bilgandan keyingina biron bir ishga qo‘l urish mumkin. Ammo, bu ular qilayotgan ishlarni oqlash emas. Balki, o‘quvchi-mushtariylarga haqiqiy voqelikni ko‘rsatish.

BBC: Ammo, siz bunday hikoyalarni olish uchun hayotingizni xavf ostiga qo‘yasiz. 2012 yil Janubiy Sudanga borgan paytingiz bir necha oylik homilangiz bo‘lgan. U yerda isyonkorlarga qarshi kurashayotgan dehqonlar bilan ko‘rishgansiz. Guruhingizdan bir odam otib tashlangan. Siz u payt tug‘ilmagan bolangizning hayoti haqida o‘ylamaganmisiz?

Veronika de Vigeri: O‘ylaganman. Ammo, men ular bilan avval ham uchrashgandim. O‘shanda jangarilardan jabr ko‘rgan 17 yoshlik qiz bilan ko‘rishganman. O‘g‘il chaqalog‘i bor edi. U bizga o‘g‘irlab ketilib, jinsiy zo‘rlangani va homilador bo‘lib qolgani haqida gapirib bergandi. Ammo, u qochishga muvaffaq bo‘lgan. To‘qqiz oylik homilasi bilan u suvsiz, biron bir yeguliksiz haftalab o‘rmonda yurgan. Men bu ishni olishdan oldin uni eslaganman. U buni uddalabdimi, men ham bu ishni qila olaman, deb o‘ylaganman.

BBC: Hozir ikki nafar yosh bolangiz bor. Bu holat sizni urush joyiga borishdan oldin o‘ylab ko‘rishga undamaydimi?

Veronika de Vigeri: Yo‘q. Men hali ham u yerlarga borish, hodisa joyidagi odamlar bilan uchrashish juda muhim deb qattiq ishonaman. Va bu ishni hech qachon to‘xtatmasam kerak.

BBC: O‘zingizga biron kor-hol bo‘lishi va bolalaringizning onasiz qolishidan qo‘rqmaysizmi?

Veronika de Vigeri: Albatta, o‘ylaman. Ayniqsa, hozir "Islomiy Davlat" jangarilari bilan bog‘liq hodisalar tufayli surat olishdan oldin bu shuncha xatarga arziydimi-yo‘qmi deb taroziga solib ko‘rsam kerak. Oldinlari surat kerakmi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ketaverar edim.