O‘zbek matbuoti paxtadan keladigan foydani savol ostiga oldi

Image copyright Reuters

Toshkentda nashr qilinuvchi anxor.uz websayti O‘zbekistondagi paxta sanoati haqida "Paxta: ikki qo‘llab chalingan qarsaklarmi?" sarlavhasi ostida tanqidiy maqola chop qilgan.

Maqola muallifi Yuriy Chernogayevga ko‘ra, "paxta iftixorimiz edi, endi esa oddiy biznesga aylandi". Muallif dehqon va oddiy fuqarolar tomonidan teriladigan paxtadan aslida kim yirik foyda ko‘rishiga ishora qiladi. "Biz paxta umumiy milliy boyligimiz deb aytishga odatlanganmiz, ya‘ni bu biznesda hammamiz tengmiz. Ammo ayrimlar undan ham "tengroq", - deydi u.

Uning yozishicha, o‘zbek paxtasini xorijga sotish bilan asosan uchta davlat hissadorlik shirkatlari shug‘ullanadi. Maqolada ana shu uchta shirkatlardan biri "O‘zmarkazimpeks"ning 19 foiz aktsiyalariga jismoniy shaxslar egalik etishi aytiladi.

Muallif ehtiyotkorlik bilan bu jismoniy shaxslar kimligi yoki bu shirkatlar aslida kimga tegishli ekanini atayin ochiq aytmagan.

"O‘zmarkazimpeks" ustav jamg‘armasining 30 foizi - bu yuridik shaxslar, ya‘ni firmalar. Ortiqcha gap-so‘zlar bo‘lmasligi uchun ularning nomini tilga olib o‘tirmaymiz, ammo ko‘pchilik bu firmalar kimlarga qarashli ekanini biladi (yoki anglab yetgan). Jamg‘armaning 19 foizi esa jismoniy shaxslarda. Ular qachonlardir kerakli paytda kerakli joyda bo‘lishgan. Shuning uchun ular egatda egilib paxta teradigan o‘sha talabalar, shifokorlar va o‘qituvchilardan ko‘ra ko‘proq "teng". 2013 yil yakunlari bo‘yicha "O‘zmarkazimpeks" 838 839 748 so‘m dividend to‘ladi. Jismoniy shaxslarning dividendlari ularning kartochkalariga o‘tkazib berildi. Bu "shaxslar" dehqonlarga to‘lanadigan pulni oshirish tarafdori bo‘lishlariga shubham bor", - deb yozadi janob Chernogayev.

"Boshog‘riq"

Muallif paxta qiymatini "turgan-bitgani boshog‘riq" deya tasvirlaydi va buni asoslashga urinadi. Uning aytishicha, O‘zbekiston paxta eksporti bo‘yicha dunyodagi eng yuqori uchtalikka kirishiga qaramay, jahon bozoridagi tebranishlar ta‘siri ostidadir. U, xususan, 2011 yilda Avstraliya va Pokistondagi suv toshqinlari tufayli paxta narxining 1 funti 1 dollarga tushib ketganini esga soladi.

U paxtaning qiymatini O‘zbekiston eksport qiluvchi boshqa mahsulot - uranga solishtiradi va uranning narxi barqaror bo‘lib kelayotganini aytadi.

Maqolada, shuningdek, dunyoda paxta keragidan ortiq yetishtirib chiqarilayotgani va shu bois o‘zbek tadbirkorlari belgilagan narxda paxta sotib olinmayotgani tilga olinadi.

"Xitoy bilan raqobat oshayotgan va bozorda yuqori sifatli Amerika paxtasi bor bo‘lsa-da, o‘zbek paxtasi o‘zining nufuzini saqlab turibdi. Biroq o‘tgan Xalqaro paxta yarmarkasidagi xorijlik ishtirokchilar bilan suhbatda tashvishli alomatlar ham sezila boshlandi - paxtani o‘zbek tadbirkorlari so‘ragan narxda olishmayapti. Dunyo paxtani g‘amlab bo‘lgan." - deyiladi maqolada.

Yo‘qolgan mashinalar

Janob Chernogayev bir vaqtlar O‘zbekistonning iftixori bo‘lgan mashina terimiga ham to‘xtaladi, hamda rahbariyat nutqlari va O‘zbekiston matbuotida bu borada sezilgan tafovutga e‘tiborni qaratadi.

Uning aytishicha, "katta rahbariyat" o‘tgan yilgi yig‘im-terimda 1 mingta mashina qatnashganini ta‘kidlamoqda, gazetalar esa negadir faqat 50ta mashina haqida yozgan.

Uning aytishicha, o‘tgan asrning 70-80 yillarida "Tashselmash" har yili 7 mingta paxta terish kombaynini chiqargan, "Tashselmash" konstruktorlari yaratgan "O‘zbekiston" mashinasini esa hatto Peruda ham ishlardi. Biroq, bu ishlab chiqarish to‘xtatilgan.

"1990-yillar oxirida mamlakat mashinalar ishlab chiqarishni to‘xtatdi - Amerika mashinalarini yig‘ishga qaror qilindi. Bu ishga katta pul sarflandi, shu bois bu haqda eslashni yoqtirishmaydi. Har yili 500 ta mashina chiqarish rejalashtirilgandi, ammo bor-yo‘g‘i 480 ta ikki yadroli "Keys-2022" (hujjatlar bo‘yicha) yig‘ildi, xolos. O‘sha paytlarda ularning har biri 126810 dollar turgan, xizmat muddati 5 yilni tashkil etgan. Mahalliy "O‘zbekiston"ning narxi esa 100 marta arzon bo‘lib, 8 qatorni egallar va o‘n yil ishlab bergan bo‘lardi", - deyiladi maqolada.

Faxriy jurnalist Yuriy Chernogayev o‘tmishda "Tashkentskaya pravda", "Interfaks", "Nemetskaya volna" nashrlariga ishlab kelgan. U "Tashkentskaya pravda" gazetasida ishlagan davri bosh muharriri bo‘lgan Alo Xodjayev bugunda "Anxor.uz" websaytini boshqaradi.

Your contact details
Disclaimer