"Haqqoniy" tarmog‘i rahbarining o‘g‘li qo‘lga olindi

Image copyright NDS

Keksa Jaloliddin Haqqoniyning yana bir o‘g‘li Nasriddin o‘tgan yil oxirida Pokiston poytaxti Islomobod yaqinida otib o‘ldirilgandi.

Xabarlarga ko‘ra, Anas Haqqoniy tarmoqning boshqa bir yuqori martabali qo‘mondoni Hafiz Rashid bilan birga Afg‘onistonda hibsga olingan.

Anas Haqqoniy tarmoq tarkibida ikkinchi qudratli shaxs sifatida bilingan.

U otasi boshchiligidagi jangari guruhning strategiyasi va moliyaviy ta‘minotida muhim o‘rin tutgan.

"Haqqoniy" tarmog‘i harbiy salohiyati jihatdan Tolibon harakatidan ko‘ra ham kuchliroq, deb bilinadi.

"Haqqoniy" jangari tarmog‘ining Afg‘onistondagi mahalliy va Nato kuchlariga qarshi uyushtirilgan eng halokatli hujumlar ortida turgani ishoniladi.

AQSh guruhni o‘zining "ashaddiy dushmani", deb biladi.

So‘nggi yangilikni Afg‘oniston Josuslik Xizmatining matbuot voizi rasman tasdiqlagan.

Hasib Siddiq janoblarining aytishicha, hibslar shu hafta seshanba kuni tunda amalga oshirilgan.

Image copyright AP

"Haqqoniy" tarmog‘i liderlari Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh qavmlar yashovchi mintaqalaridan boshpana topishgan.

Pokiston Qurolli kuchlarining so‘nggi yirik harbiy amaliyotlari sabab, hozir ular aksariyatining Afg‘onistonga qochib o‘tishgani ishoniladi.

Ammo, mintaqadan olinayotgan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, tarmoq asoschisi va lideri Jaloliddin Haqqoniyning o‘zi hanuz Pokistonda.

Afg‘oniston Josuslik Xizmatining bildirishicha, so‘nggi hibslar "Haqqoniy" tarmog‘i va uning markaziy qo‘mondonligi faoliyatiga jiddiy zarba bermay qolmaydi.

"Haqqoniy" jangari guruhi hozir ham Pokiston va ham Afg‘onistonda faol bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakatining yaqin ittifoqchilaridan sanaladi.

Tarmoq, o‘z o‘rnida, Afg‘oniston Tolibon harakati va "Al-Qoida" bilan ham yaxshi aloqalarga ega.

O‘zining ashaddiy jangariligi bilan tanilgan guruh mintaqadagi xudkushlik hujumlarining ham ustaboshisi sanaladi.

2012 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘oniston-Tolibon bo‘yicha qo‘mitasi "Haqqoniy" tarmog‘ini o‘zining "qora ro‘yxati"ga kiritgan.

Tarmoq AQSh Davlat departamentining "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatida ham turadi.

Image copyright FBI

Departament yaqinda guruh to‘rt yuqori martabali a‘zosining boshiga tikilgan mukofot pullarini ham oshirgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga qaralsa, xalqaro ittifoq kuchlari so‘nggi yillarda afg‘on tomoni bilan hamkorlikda Afg‘oniston sharqida "Haqqoniy" tarmog‘iga qarshi yuzlab harbiy amaliyotlar uyushtirishgan.

Bu amaliyotlar natijasida tarmoqning o‘nlab yetakchilari o‘ldirilgani va yana yuzlab a‘zolari hibsga olingani xabar qilinadi.

Ammo "Haqqoniy" tarmog‘i hanuz Tolibon bilan bir safda Afg‘onistonda jang olib borayotgan uchta yirik isyonkor guruhdan biri, ammo eng xatarlisi sanaladi.

Guruhning Afg‘onistonga xudkushlik hujumlarini olib kirgani va qator shov-shuvli hujumlar ortida turgani ishoniladi.

"Haqqoniy" tarmog‘iga qirq yilcha burun, Afg‘onistonning sobiq Sho‘rolar Ittifoqi tomonidan ishg‘oli paytida asos solingani aytiladi.