Krishtianu "Facebook" da ham zo‘rlarning zo‘ri

Image copyright AP

Amaldagi "jahon va Ovro‘poning eng zo‘r futbolchisi"ning bu ijtimoiy muloqot tarmog‘idagi o‘quvchilarining soni 100 million kishidan ortdi.

Dunyoning to‘rt karra eng zo‘r o‘yinchisi bo‘lmaydimi, bu borada jahon futboli yulduzi Lionel Messi ham Krishtianu Ronalduga yetolmadi.

Argentina va "Barsa" yulduzini kuzatib borayotganlarning soni joriy paytda qariyb 75 millionga yaqin.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Portugaliya milliy terma jamoasi va Madrid "Real"ining yuzi bo‘lgan o‘yinchi "Twitter"da ham qolgan barcha raqiblaridan oldinda bormoqda.

Krishtianu Ronaldu hali sentyabr oyida "Twitter"da 30 million followeriga ega edi.

"Facebook" ijtimoiy tarmog‘ida mashhurlik bobida Ronaldudan keyingi o‘rinlarni:

Image copyright Getty

Lionel Messi ("Barselona") - 73.9 mln

Neymar ("Barselona") - 47.8 mln

Xames Rodriges ("Real" Madrid) - 22.5 mln

Garet Beyl ("Real" Madrid) - 20.9 mln

egallab turishibdi.

Deylik, 2010 yilda portugaliyalik futbol yulduzi "Facebook"dagi do‘stlarining soni 10 millionga yetarkan, u ijtimoiy muloqot tarmoqlarida bu kabi muvaffaqiyatga erishgan amerikalik bo‘lmagan birinchi taniqli shaxs aylangan.

Oradan ikki yil o‘tib esa, "Real"(Madrid) yulduzining "Facebook"dagi do‘stlari soni 50 million kishiga chiqadi va u buncha do‘st orttirishga muvaffaq bo‘lgan jahondagi ilk sportchi bo‘ladi.

Amerikada chop etiluvchi nufuzli "Forbes" jurnali esa, xuddi o‘sha yili Krishtianu Ronalduni Ledi Gaga, Rianna, Jastin Biber va Keti Perridan keyin eng mashhur shaxs, deb topgandi.

Image copyright AFP

Agar, "Vikipediya"da futbolchi haqida berilgan ma‘lumotlarga tayanilsa, o‘sha paytda kompyuterlar xavfsizligini ta‘minlash bilan shug‘ullanuvchi McAfee shirkati sara hujumchini kiber fazodagi eng "xavfli" o‘yinchi, deya ham e‘tirof etgan.

Shirkatga ko‘ra, "Krishtianu Ronaldu", "Krishtianu Ronaldu daunlod", "Krishtianu Ronaldu va suratlari" yoki "Krishtianu Ronaldu va videolari", deb u haqda internetda ma‘lumot qidirgan kimiki bor, o‘zlarining shaxsiy ma‘lumotlarini o‘g‘irlatib qo‘yish darajasida tavakkal qilisharkan.

Krishtianu Ronaldu bir bolaning otasi va rossiyalik mashhur model Irina Sheyk bilan yuradi.

Portugaliyalik futbol yulduzi o‘zining G‘azo Bo‘lgasidagi xayriyaparvarlik ishlari bilan ham arab dunyosida ancha nom chiqargan.

Sobiq jamoadoshi va hozirda Londonning "Arsenal" klubi o‘yinchisi Mesut O‘zil yaqinda bergan suhbatida Krishtianu Ronalduga "Qur‘oni Karim" suralarini o‘rgatgani haqida ham aytib o‘tgandi.