WHO: G‘arbda ebola tarqashi ehtimoli kam

Image copyright
Image caption Janob Obama ebolaga qarshi "qat‘iyroq kurash choralari"ni o‘tkazishga farmon berdi

Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotiga (WHO) ko‘ra, AQSh va G‘arb mamlakatlarida xavfli ebola kasalligining keng miqyosda tarqab ketishi ehtimoli kam.

AQSh prezidenti Barak Obamaning aytishicha, ebola virusini yuqtirish xavfi juda past. Lekin ayni holda epidemiyaning oldini olish uchun "keskinroq choralar" ko‘rishga farmon bergan.

Hozirda AQSh rasmiylari Texasda ebolaga chalingan bemorni parvarishlagan va keyinchalik o‘zi ham kasallikni yuqtirgan hamshira qanday qilib uchoqda safar qilishga izn berilganligi tekshirilmoqda.

Amber Vinson ismli hamshira bilan bir uchoqda bo‘lgan 132 yo‘lovchini topishga harakat qilinmoqda.

Shu yil mart oyida Afrika davlatlarida boshlangan kasallik hozirga qadar 4 ming 500 kishining yostig‘ini quritgan.

Ovro‘po Ittifoqi vazirlari Bryusselda uchrashib, G‘arbiy Afrika davlatlarida kasalikka qarshi kurashda yordam berish uchun askarlarni yuborish doxil turli choralarni ko‘rib chiqmoqdalar.

Chorshanba kuni janob Barak Obama avval rejalangan siyosiy uchrashuvlarini bekor qilib, ebolaga qarshi kurash choralari yuzasidan favqulodda majlisda qatnashdi.

Liberiyada ebolani yuqtirganligi aniqlangan shaxs Texasga qaytgan vaqti uni parvarish qilgan 2 hamshira kasallikni yuqtirganlari aniqlangan.

Ikkisi ham maxsus himoyalovchi kiyim va niqobda ishlaganlar. Ularning virusni qanday yuqtirganlari noma‘lum qolmoqda.

Ulardan biri keyinchalik rasmiylarga uchoqda parvoz qilishi haiqda ma‘lum qilgan.

O‘shanda uning harorati 37.5 bo‘lgan. Hozirda aytilishicha, unga yo‘lovchi uchog‘iga chiqishga ruxsat berilmasligi kerak edi.

Kasallikdan vafot etgan shaxsning 48 nafar yaqinlari esa nazorat ostiga olinganlar.

Ayni vaqtda BMT rasmiylariga ko‘ra, ebola tarqagan G‘arbiy Afrika davlatlarida oziq-ovqat taqchilligi yuz berishi kutilmoqda.

Aytilishicha, Siyerra Leone, Gvineya va Liberiyada fermerlar kasallikni yuqtirishdan xavfsirab, dalalarni tark etganlar.

Shifokorlar ebolani yuqtirmaslik uchun kasalikka chalingan bemoralr bilan aloqada bo‘lmaslik, ayniqsa tana suyuqliklaridan ehtiyot bo‘lishni, hatto ko‘zni saqlash maqsadida maxsus ko‘zoynak taqishni tavsiya qiladilar.

Kasal odamga tegishli bo‘lgan kiyim-kechak, o‘rin-ko‘rpa va tibbiy jihozlar yoqib yuborilishi lozim.