Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Toshkentda yana benzin taqchilligi yuzaga kelgan

Toshkentdagi yoqilg‘i quyish shahobchalarida yana uzundan uzun navbatlar paydo bo‘lgan. Haydovchilar benzin quyish uchun soatlab navbatda turishganlarini aytishmoqda.

Ijtimoiy muloqot saytlarida, hatto, "15 ming so‘mga o‘rningizga navbatda turaman" degan xususiy e‘lonlar berila boshlagan.

BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida mahalliy jurnalist Abdurahmon Tashanov ham avtomobiliga yoqilg‘i olish uchun navbatda turganini aytdi.

"Kelganimga 45 minut bo‘ldi. Hisoblab aytganda yana 1,5-2 soatlardan keyin navbat keladi menga. 20 litrdan benzin berishayotgan ekan... Me‘yor cheklangan emish", deydi jurnalist.

Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, mazkur holat 3-4 kundan beri davom etmoqda, ammo hozirgacha benzin taqchilligi bo‘yicha biron rasmiy izoh berilmagan.

Bu kabi taqchillik oxirgi yillarda Toshkentda tez-tez kuzatiladi.

Odatda O‘zbekistondagi rasmiylar benzin taqchilligi borasidagi muammoni tan olishmaydi.

O‘tgan avgust oyi xorij matbuotida yonilg‘i taqchilligi borasidagi xabarlardan keyin "O‘zneftmahsulot" aktsionerlik kompaniyasi benzin taqchilligi yo‘qligini aytib chiqqandi.