Turkiya Xavfsizlik Kengashiga saylanmadi

Image copyright EPA

Payshanba kungi ovoz berishda Turkiya BMT Xavfsizlik Kengashining vaqtinchalik a‘zoligi uchun yetarli ovoz ololmagan.

"G‘arbiy Ovro‘po va boshqa davlatlar" guruhida 2015-2016 yilda Xavfsizlik Kengashiga vaqtinchalik a‘zolik uchun Turkiya, Yangi Zelandiya va Ispaniya bellashishgan.

Beshta vaqtinchalik o‘rinlar Venesuela, Angola, Malayziya, Yangi Zelandiya va Ispaniyaga berilgan.

Turkiya Birlashgan Millatlarga a‘zo 193 davlat bilan faol ish olib borganiga qaramay, ovoz berishni Ispaniyaga yutqazgan.

Turkiya 2008 yilda Xavfsizlik Kengashiga saylovda 151 foiz ovoz bilan raqiblari Avstraliya va Islandiya ustidan yirik diplomatik g‘alabani qo‘lga kiritgandi.

O‘shanda Turkiya 48 yildan keyin yana Xavfsizlik Kengashiga vaqtinchalik a‘zolikni qo‘lga kiritgan.

BMT Xavfsizlik Kengashining 5 doimiy va 10 vaqtinchalik a‘zosi bor.

Vaqtinchalik a‘zo davlatlar 2 yil muddatga saylanadi.

Doimiy a‘zolar bo‘lgan AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Rossiya va Xitoy veto huquqiga ega.

"Tamoyillardan voz kechmaymiz"

G‘arb matbuoti payshanba kuni Nyu Yorkdagi BMT qarorgohida bo‘lib o‘tgan ovoz berish natijalari "Islomiy davlat"ga qarshi kurashning oldingi jabhasida bormayotgan Anqaraga jiddiy zarba ekani haqida yozgan.

Turkiya o‘z chegarasi yaqinida urushayotgan "Islomiy davlat" davlat jangarilariga qarshi kurashda yordam berish uchun xalqaro bosimlar ostida qolgan.

Turkiyaning Anadolu davlat xabar agentligi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lining "biz ko‘proq ovoz olish uchun o‘z tamoyillarimizdan voz kecholmaymiz" degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

O‘tgan hafta Turkiya "Islomiy Davlat" jangarilariga qarshi harbiy amaliyotlarda AQShga o‘z harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat bergan.

Ammo Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on IDga qarshi havo zarbalari yetarli emasligini aytgan.

Anqara Suriyadagi har qanday amaliyot Prezident Bashar-Assadni hokimiyatdan ketkazishni o‘z ichiga olishi kerak, demoqda.

Janob Erdo‘g‘on xalqaro hamjamiyatni islomiy jangarilar yo‘lini to‘sishda Turkiyaga yetarli yordam bermayotganlikda ayblagan.

"Turkiya, ayniqsa, Suriyadagi favqulodda vaziyat munosabati bilan tahdid haqida xalqaro hamjamiyatga qayta-qayta ogohlantirish yo‘llagan. Xalqaro hamjamiyatning sustligi oqibatida rejimning Suriya aholisiga qarshi zo‘ravon siyosatiga qaramasdan, "Al-Qoida" Suriyada qayta to‘planishga va rejim dastagida "Islom va Shom Islomiy Davlati" nomi ostida yanada ko‘p kuch yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi", degan Prezident Erdo‘g‘on avvalroq BMTdagi chiqishida.