Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston: Skype va Viber nega ishlamayapti?

O‘zbekistonda Skype va Viber singari internetda bepul so‘zlashish imkonini beruvchi xizmatlar ishlamay qolgan.

Ushbu tarmoqlardan foydalanishda muammolar bir hafta oldin paydo bo‘lgani xabar qilinadi.

So‘nggi yillarda yuz minglab o‘zbekistonliklarning ish izlab, chetga chiqishlari bois, internetdagi ushbu aloqa xizmatlari ommalashgan edi.

Ayni paytda yana bir ommabop aloqa tarmog‘i - WhatsApp dan foydalanishda muammolar yo‘qligi aytiladi.

Farazlar

Milliy operator - Uztelecom yuzaga kelgan vaziyatni sharhlamagan, ammo mutaxassislar bu ommabop aloqa tarmoqlarini to‘sib qo‘yish aynan Uztelecom ning tashabbusi ekanini aytishmoqda.

Uzmetronom nashriga ko‘ra, bunga shirkatning moliyaviy ahvoli sabab bo‘lishi mumkin.

"Skype va Viber singari tarmoqlardan foydalanish orqali O‘zbekiston fuqarolari milliy operatorni xalqaro so‘zlashuvlardan mo‘may daromad ko‘rish imkonidan mahrum qiladilar", deb yozadi Uzmetronom.

Nashrning taxmin qilishicha, shirkat rahbariyati internet telefon xizmatlarini to‘sib qo‘yish uchun "axborot xavfsizligi"ni ro‘kach qilgan bo‘lishi ham mumkin.

Skype va Viber ga qo‘yilgan to‘siqlar sababi noma‘lum qolarkan, telekommunikatsiya bozoridagi raqobatdan boshqa farazlar ham o‘rtaga chiqa boshlagan.

Bu farazlar orasida saylovlar yaqinlashayotgan pallada hukumatning axborot oqimini nazorat qilish istagi va hatto Yaqin Sharqdagi islomiy jangarilar ovozining ichkariga kirib kelishi va o‘zbek yoshlarini o‘z saflariga yollashining oldini olish ehtimollari ham aytilmoqda.

Bularning qaysi bir haqiqatga yaqin bo‘lishi mumkin?

BBC ushbu savolni Toshkentdan tahlilchi Suhrob Ismoilovga bergan.