Britaniya Afg‘onistondagi so‘nggi harbiy bazasini tark etmoqda

Image copyright MOD

Britaniya harbiylari Afg‘oniston janubidagi Helmand viloyatida joylashgan harbiy bazasi ustidan nazoratni Afg‘on qo‘shinlariga topshirgan.

Helmanddagi baza Kemp-Bastion deb atalgan.

Kemp-Bastiondan Bi-bi-si muxbiri Jonatan Bil shunday xabar qiladi:

"Helmand ustida Britaniya bayrog‘i 2006 yildan buyon hilpirab turardi. Britaniya qo‘shinlarining aksari uchun asosiy harbiy baza bo‘lgan Bastionda oddiy marosim bo‘lib o‘tdi - unda Britaniya bayrog‘i oxirgi marta tushirildi. Bu soniyalar ramziy - kamida Britaniya uchun - uning Afg‘onistondagi urushi nihoyasiga etdi".

Harbiy bazani Afg‘on qo‘shinlariga topshirish marosimida Afg‘oniston, AQSh va Britaniya madhiyalari ijro etilgan.

Endi Helmanddagi eng yirik harbiy baza Afg‘on xavsizlik kuchlarining nazoratiga o‘tdi.

Shuningdek, qo‘shni Kemp-Levernek bazasi ham afg‘onlar tasarrufiga berilgan.

Kemp-Levernek AQSh bazasi edi.

Britaniya AQSh etakchiligidagi aksilterror amaliyotlariga 2001 yilda qo‘shilgan, Kemp-Bastionda Britan harbiylarining aksari joylashgan.

2009 yilda u erda 10000 Britaniya harbiysi bo‘lgan.

Bundan tashqari janubiy Afg‘onistonda 137 Britaniya patrul bazasi faoliyat yuritgan.

Baza Britaniyadagi Reding shahri kattaligiga teng bo‘lgan, uning perimetri qariyb 35 yarim kilometrni tashkil etgan.

2001 yildan buyon Afg‘onistonda jami 140000 britaniyalik harbiy bo‘lgan.

Rasmiylarga ko‘ra, Britaniya qo‘shinlarining Afg‘onistondagi hozirligi 30 milliard AQSh dollariga tushgan.

Afg‘onistonda 452 Britaniya harbiysi halok bo‘lgan.

2014 yil Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlarni olib chiqishning oxirgi yili etib belgilangan.

Kelgusi yildan Afg‘onistonda kam sondagi Britaniya harbiylari qoladi.

Ularning asosiy vazifasi Kobul shahridagi harbiy akademiyani boshqarish bo‘ladi.