Italiya prezidenti mafiya mahkama ishida ko‘rsatma bera

Italiya Prezidenti Jiorjio Napolitano Rimda o‘tayotgan shov-shuvli aksil-mafiya mahkama ishida ko‘rsatma berishi kutiladi.

Prokurorlar 1990-yillarda hukm surgan qonli davrga yakun yasash uchun vazirlar, politsiya rahbarlari va mafiya o‘rtasida ehtimoliy kelishuv bo‘lganini tergov qilishmoqda.

Tergovga binoan, 1993 yilda yuz bergan portlashlar ortidan hukumatdagi rasmiylar Mafiyadan zo‘ravonlikni to‘xtatishni so‘rab, mafiya a’zolariga yumshoq jazolarni va’da qilishgan.

U vaqtda Sitsiliyada yuz ergan yirik portlashlarda mafiyaga qarshi kurashayotgan ikki prokuror halok bo‘lishgandi.

Sakson to‘qqiz yoshli Prezident Napolitano bu kabi muzokaralar bo‘lganidan bexabar bo‘lganini aytadi.

Seshanba kuni mazkur mahkama ishi Sitsiliya viloyatining markazi Palermodan Rimga o‘tkaziladi. Prezidentning ko‘rsatmasi esa yopiq eshiklar ortida tinglanadi.

Prezidentning o‘zi qandaydir qonunbuzarlikda ishtirok etgani da’vo qilinmayapti.

Tergovchilar mashinalarga o‘rnatilgan bombalar va qotilliklar avj olgan 1990-yillardagi mafiya zo‘ravonliklarini tekshirishmoqda.

Image caption Yaqin yillarda Italiyada qator yuqori darajali mafiya rahbarlari qamaldi

Yaqin yillarda Italiyada qator yuqori darajali mafiya rahbarlari qamaldi Muxbirimizga ko‘ra, prokurorlar mafiya bilan muzokaralar haqida Prezident Napolitanoga yaqin yillarda xabar berilgan bo‘lishi mumkinligiga ishonishadi va prezident aynan qanday ma’lumotga ega ekanini bilishmoqchi.

O‘tgan yil oktyabrida u hakamlarga maktub yo‘llab "hech qanday foydali ma’lumot"ga ega emasligini aytgan, biroq agar zarur bo‘lsa, ko‘rsatma berishga tayyorligini izhor qilgan.

Hozirda sobiq Ichki ishlar vaziri Nikola Manchino Rim, Florentsiya va Milandagi hujumlar ortidan mafiya bilan muzokaraga kirishda ayblanib mahkamaga tortilgan.

Janob Manchino ayblarni rad etadi.

O‘tgan yili mahkama Prezident Napolitano va janob Manchino o‘rtasidagi 2011 va 2012 yillardagi suhbatlar haqida so‘rash mumkin emas deya qaror chiqargandi.

Xufiyona yozib olingan bu telefon suhbatlar Prezident Napolitanoning arizasi asosida yo‘q qilingan.

Sobiq ichki ishlar vaziri qator boshqa ayblanuvchilar, xususan qamoqdagi ikki mafiya rahbarlari Toto Riina va Bernardo Proventsano bilan birgalikda sud qilinmoqda.

Mahkama kamida ikki yildan so‘ng hukm chiqarishi kutiladi.