Xalifaga...ehtiyoj bormi?

Image copyright n

Iyun oyida “Islomiy Davlat” Suriya va Iroqdagi hududlarni o‘z bag‘riga olgan mintaqada xalifalik tashkil qilinganini e’lon qildi.

Abu Bakr al Bag‘dodiy o‘zini xalifa deb tanitdi.

Edvard Stourton tarixga nazar tashlaydi va xalifalik nima hamda uning “jozibali” tomonlarini tahlil qilishga harakat qiladi.

“Islomiy Davlat” rahbari o‘zini xalifa deb e’lon qilishi aksariyat uchun avvaliga misli ko‘rilmagan xayolparastlikday tuyuldi.

Abu Bakr al Bag‘dodiy esa uning “Islomiy Davlati” ga qo‘shilish barcha musulmonlar uchun shart bir amal ekanini aytar ekan, Yaqin Sharqda ayni da’vatni misli ko‘rilmagan nafrat bilan qarshilashdi.

Ammo IDning qudratiga past nazar bilan qarash xatarlimi?

Tabiiyki, “Islomiy Davlat”ning shafqatsiz amallari aksariyat musulmonlar ongidagi xalifalik tushunchasiga tom teskaridir.

So‘nggi xalifalik Usmonlilar imperiyasi edi.

Bundan to‘qson yil avval bu xalifalik barbod bo‘ldi.

Shunda ham, 2006 yilda Gallup o‘tkazdan so‘rovnoma Misr, Marokash, Indoneziya va Pokistonda yashaydigan musulmonlarning uchdan ikki qismi “barcha musulmon davlatlarni birlashtirib” yangi xalifalik barpo etilishini dastaklashlarini ma’lum qildi.

Nima uchun bu qadar ko‘p musulmonlar zohiran imkonsiz bir ishni orzu qiladilar?

Tarix saboqlari

Bu savolga javob xalifalik tarixi qa’riga berkingandir.

Arabcha “xalifa” so‘zining ma’nosi “merosxo‘r” va “vakil”ga yaqinroqdir.

Qur’onda xalifalik adolatli hukumat bilan uyg‘un tasvirlanadi.

Odam Ato, Dovud va Sulaymon alayhissalomlar er yuzida Allohning xalifalari bo‘lishgani aytiladi.

Muhammad Payg‘ambar (SAV) 632 yilda vafot etishi bilan uning izdoshlari “Rashidunlar” yoki “To‘g‘ri yo‘ldagi Xalifalar” o‘ttiz yil hukmronlik qilishdi.

Bu to‘rtovlon Reza Pankxo‘rstga ko‘ra, ommaning dastagi bilan tayinlangan edi.

Uning aytishicha, aynan o‘sha davrda xalifalik ideali shakllangan.

Ya’ni, “xalq tanlagan...xalqning dardi bilan yashaydigan, Islom qonunlarini tadbiq etadigan va ularning bajarilishi uchun mas’ul bo‘lgan” bir shaxs va ayniqsa, bu shaxsning “qonundan

tepada emasligi” kabi qadriyatlar o‘rtaga chiqqan.

Shia musulmonlari esa tarixning bu kabi talqinini rad etishadi.

Ularga ko‘ra, ilk xalifalar Muhammad Payg‘ambarning (SAV) jiyani bo‘lmish Hazrati Alining qudratiga qarshi bosh ko‘tarishgan.

Ammo bugun avtoritar rejimlarda yashayotgan musulmonlar uchun xalifalarning xalq tomonidan tayinlanishi eng jozibali g‘oyalardan biri bo‘lishi mumkin.

Xalifalik aksariyat musulmonlarda o‘zlarining tarixda qanchalar qudratli bo‘lishganini ham eslatadi.

"Payg‘ambar o‘limidan etmish yil o‘tgach Islom dunyosi Ispaniya va Marokashdan tortib Markaziy Osiyo va Pokistongacha yoyildi. Yirik bir imperiya bunyod bo‘ldi. Bu qudratga sohib yagona rahbar edi”, deydi professor Hyu Kennedi.

Islomning Oltin asrida Bag‘dodda abbosiylar adabiyot, musiqa, tibbiyot, ilm-fan va matematikani rag‘batlantirishdi.

Alhol bu sulolalar shunaqa katta bir hududni egallashdiki, alal-oqibat idora qilishda mushkulotlar yuzaga chiqdi.

Xalifalik va qudrat

Qudrat bo‘linib borar ekan, xalifalik g‘oyasiga ham darz eta boshladi.

Xalifalik ittifoq va birlikning ramzi edi.

Ammo oradan yuz yil o‘tib ikki xalifalik o‘rtaga chiqdi.

Sunniy ilohiyotchi Shayx Rizvon Muhammadga ko‘ra, “...ikki xalifa o‘zini Xudoning erdagi soyasi deb e’lon qilar ekan, o‘sha davr musulmonlari bunga pragmatik yondashishlariga guvoh

bo‘lamiz. Ular musulmonlar manfaatlarini bir emas, ikki xalifa himoya etishi mumkin degan qarashni qabul qilishdi. Islom ulamolari ham buni e’tirof etdilar”.

Abbosiylar xalifaligi besh asr umr ko‘rdi va 1258 yilda shafqatsiz xotima topdi.

Bag‘dodni mo‘g‘ullar istilo qilar ekan, so‘nggi xalifani gilamga o‘rashdi va mo‘g‘ul otlari ostiga tashlashdi.

Bu qanchalar devonalik bo‘lmasin, o‘sha davr uchun rahbarlarga ko‘rsatilgan hurmat ekani va ularning qoni to‘kilmasdan qatl qilinishi kerakligi bilan izohlanadi.

Shunda ham xalifalik saqlanib qoldi.

Abbosiylar sulolasi vakillari Misrda Mamluklar tomonidan xalifalikka loyiq ko‘rildilar.

Mamluklar davrida ular ramziy bir ahamiyat kasb etishardi.

16-asrning boshlarida yangi Islomiy Saltanat bo‘y ko‘rsatdi.

Usmoniylar xalifaligi 400 yil qudratda bo‘ldi.

Xalifalik nihoyat Mustafo Kamol Otaturk tomonidan yakson qilindi.

Hozirgi Turkiyaning otasi deb tanilgan Otaturk Turkiyani “eskilikdan” zamonaviylikka olib chiqish uchun ham xalifalikni barbod etish kerak deb ishongan edi.

1300 yil umr ko‘rgan Islom xalifaliklarining musulmon ziyolilari zehniyatidagi o‘rni beqiyos edi.

Lids universitetidan Salmon Sayidga ko‘ra, musulmon ziyolilari fundamental savollarni o‘rtaga otishdi.

“Musulmonlar islomiy davlatda yashashlari kerakmi? Bu davlat qanaqa bo‘lishi kerak?”

Yigirmanchi asrning o‘rtalariga kelib Misr rahbari Jamol Abdul Nosir bu savollarga “dunyoviy “javob topganday bo‘ldi.

U panarabizm xalifalikka muqobil ekanini uqtirar va 1950 yillarga kelib Misr va Suriyani birlashtirgan “Birlashgan Arab Respublika”sini tashkil qildi.

Ammo Isroil davlati tashkil etilishi bilan Yaqin Sharqda hamma narsa o‘zgarib ketdi.

Panarabizm Isroilning harbiy qudratiga bardosh berolmadi.

Devona orzular og‘ushidami va yo...

Reza Pankxo‘rst Hizbut Tahrir a’zosi va bu tashkilot xalifalikni tiklashni o‘z maqsadi deb e’lon qilgan.

Uning aytishicha, xalifalik g‘oyasining tirilayotganiga sabab musulmonlar o‘zlari yashayotgan siyosiy tuzumdan rozi emaslar...

Yaqin Sharqda Hizbut Tahrirni xush ko‘rishmaydi.

Bunga sabab ham ayni tashkilotning xalifalik g‘oyasidir.

Pankxo‘rst to‘rt yil Misr qamoqxonasida o‘tirib chiqdi.

Arab bahorining ilk inqiloblari Tunis, Misr va Liviyada kechar ekan, G‘arbdagilar Yaqin Sharq kelajagi demokratiya bilan bog‘liq degan qarashga tobe bo‘lishdi.

Keyin esa Misrda demokratik yo‘lda qudratga kelgan Musulmon Birodarlari hukumati general Abdul Fatah Sisi boshchiligida armiya tomonidan ag‘darib tashlandi.

Oradan ko‘p o‘tmay “Islomiy Davlat” dahshatlari sodir bo‘ldi.

Suriya va Iroqda fuqarolar urushi boshlandi.

"Aksariyat “Islomiy Davlat”ning paydo bo‘lishi general Sisining hukumat ag‘darishi bilan boshlandi deb ishonadi”, deydi Salmon Sayid.

Aksariyat sunniy ulamo xalifalikning siyosiy bir loyiha ekanini rad etadi.

Shayx Rizvon Muhammadga ko‘ra, xalifatning kaliti ruhoniylikdadir.

“ Islomiy Davlat insonning o‘zida boshlanishi kerak va bu insonning zakovati va ruhida akslanishi lozim”, deydi u.

“Islomiy Davlat”ning zo‘ravon xalifaligini aksariyat rad etadi.

Ammo ID tarixdagi xalifalikka oid ma’lumotlarni o‘z maqsadlari yo‘lida mohirona qo‘llamoqda.

Tarixchi Hyu Kennediga ko‘ra, “Islomiy Davlat”ning qora rangdagi bayrog‘i va kiyimlari 8 asrdagi Abbosiylarnikiga monanddir.

“Islomiy Davlat”ning xalifalik orzusi devonalarcha havoyi bo‘lishi mumkin, ammo bu guruh o‘z asoslarini o‘tmishdagi g‘oyalar emas, hayotiy haqiqat bo‘lgan voqealarga qurmoqda...