Alla Seydalieva: "Rusiyzabon qiz maqomni kuylagani ko‘plarni hayratga soldi"

O‘zbekistonlik talaba Alla Seydalieva Londonda Markaziy Osiyo musiqasi, xususan maqom usullari bo‘yicha tadqiqot yuritib bakalavr va magistr diplomlarini qo‘lga kiritgan va endilikda maqomni chuqurroq o‘rganish uchun Britaniyada doktorlik tadqiqotiga tayyorlanmoqda.

Alla Seydalieva rusiyzabon o‘zbekistonlik bo‘lishiga qaramay, maqom uning yuragiga juda yaqin ekanini aytadi. Ibrat Safo u bilan suhbatlashdi.

Seydalieva: Ta’limning uchinchi yilida men o‘z yakuniy kontsertimga osiyo musiqasi elementlarini qo‘shdim. Unda Markaziy Osiyo musiqiy asboblarini qo‘lladim. Bakalavr diplomimni olganimdan so‘ng, men ayni sohada ta’limni davom ettirish uchun Zamonaviy musiqiy tomosha institutiga o‘qishga kirdim. U erda men o‘zbek maqomi texnikasini tadqiq qilishni boshladim. Dissertatsiya ishim "Musiqiy ipak yo‘li" deb nomlangan. Tadqiqotimning bir qismi "O‘zbekiston maqomi va musiqiy an’analari" deb atalgandi. Imtihon topshirganimda men tadqiqotimni taqdim qilishdan tashqari, 45 daqiqa qo‘shiq kuyladim. O‘z tomoshamda tinglovchini Ipak yo‘li bo‘ylab ohanglar safariga olib chiqishga urindim. Men tatar tilida bir qo‘shiq va o‘zbek tilida ikkita qo‘shiqni ijro etdim.

Bi-bi-si: O‘zbek tilidan qanday qo‘shiqlarni ijro etdingiz?

Seydalieva: Men "Jon ukam" qo‘shig‘ini ijro etdim... (Kuylaydi) Jon ukam, andijonlik ukam, omonyor... O‘z talqinimda ijro etdim. Unga sintezatorning elektr elementlarini ham qo‘shdik, turklarning ud va sozlarini ham qo‘lladim.

Bi-bi-si: O‘zbekistondan yiroqda bo‘la turib, maqomni tadqiq qilish naqadar oson yo qiyin bo‘layapti sizga?

Seydalieva: Balki uyimni sog‘inganim uchunmi Osiyo musiqasini o‘rganishga qiziqib qoldim. Men etnik tatarman, o‘zim tug‘ilgan va o‘sib ulg‘aygan O‘zbekistonning musiqasi meni juda o‘ziga torta boshladi. Iyunь oyida men O‘zbekistonga borib, bir oy vaqt davomida Toshkentdagi konservatoriyaga qatnadim. U erda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Munojat Yo‘lchievadan intervьyular oldim. Ravshan Yusupovich Yunusov menga tadqiqot ishlarini olib borishimda katta yordam berdi. Munojat Yo‘lchievaning o‘zi shaxsan menga kichik dars ham berdilar, aynan maqomni kuylash bo‘yicha. Hamma uchun rusiyzabon qiz maqomni o‘rganmoqchi bo‘layotgani kutilmagan hodisa bo‘ldi, ko‘plarni hayratga soldi, lekin hamma menga juda katta yordam berishga tayyor edilar. O‘zi aslida maqom asrlar osha ustozdan shogirdga o‘rgatib kelingan, shuning uchun ustozingiz bo‘lishi muhim. Lekin, 21 asrda uni o‘rganishning qo‘shimcha yo‘llari ham paydo bo‘lgan. Londonda bo‘la turib men Munojat Yo‘lchievaning Yutyubga qo‘yilgan chiqishlarini juda ko‘p tomosha qilganman, Toshkentda disklarni sotib olganman. Agar 10 balli tizimda hisoblaydigan bo‘lsangiz, men hali tadqiqotimning birinchi yo ikkinchi bosqichidaman.