Poroshenko Donbassning maqomini bekor qilmoqchi

Image copyright b

Prezident Poroshenko Ukrainaning bo‘lginchi sharqidagi saylovlar ortidan yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilish uchun Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining favqulodda yig‘inini chaqirgan.

Dushanba kuni televidenie orqali millatga murojaat qilgan janob Poroshenko rossiyaparast bo‘lginchilar nazorat qilayotgan Donbass mintaqasiga berilgan maxsus maqomni bekor qilish masalasini kun tartibiga qo‘yishini aytgan.

U Donetsk va Lugansk viloyatlarida shanba kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonlarini "soxta saylovlar" deb atagan.

Poroshenkoga ko‘ra, "saylovlar" Minskda imzolangan tinchlik bitimiga zid va ushbu bitim shartlarining bajarilishini xavf ostiga qo‘ygan.

Bitimga muvofiq, Ukraina dekabr oyida bu ikki mintaqada saylovlarni o‘tkazishi kerak edi.

Kreml rossiyaparast bo‘lginchilar rahbarlari g‘alaba qozongan saylovlarni qo‘llab-quvvatlagan.

Moskva yakshanba kuni e’lon qilingan bayonotida Donbass mintaqasining Ukrainaga tegishli ekani haqida hech narsa demagan.

Bo‘lginchilar rahbarlari saylovlar Minsk bitimiga zid emasligi va ularning natijalarini bekor qilish imkonsiz ekanini aytishgan.

Jazo choralari

G‘arb saylovlarni noqonuniy deya qoralagan.

AQSh, BMT va Ovro‘po Ittifoqiga ko‘ra, bo‘lginchilar nazorat qilib turgan hududlardagi noqonuniy saylovlar Minskda erishilgan kelishuvlarni qo‘pol ravishda buzgan va Ukrainadagi inqirozni yanada chuqurlashtirishi mumkin.

Oq Uy Moskvaga qarshi yangi jazo choralari bilan tahdid qilgan.

"Agar Moskva Minskda o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bundan keyin ham bajarmasa va o‘zining beqarorlashtiruvchi va xatarli harakatlarini davom ettiraversa, buning badali ham o‘sib boraveradi", -deb aytgan AQSh Milliy Xavfsizlik Kengashi vakili Bernadett Mixen.

Ukraina sharqida shu yil aprelidan buyon 4 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan.

Kiev Moskvani bo‘lginchilarni qurollantirish va Ukraina sharqiga muntazam qo‘shinlarni yo‘llashda ayblaydi, ammo Moskva buni rad etadi.