'O'zbekiston paxtadan voz kechsa millionlab ish o'rni yaratiladi'

Image copyright BBCUZBEK.COM

O'zbekiston paxtadan voz kechib, boshqa meva-sabzavot etishtirish va ularni qayta ishlashni yo'lga qo'ysa, sayyohlikni yanada rivojlantirsa, ko'proq odam ishli bo'ladi va aholining daromadi ham ko'payadi, deydi taniqli iqtisodiy tahlilchi.

O'zbekiston paxtadan voz kechib, boshqa meva-sabzavot etishtirish va ularni qayta ishlashni yo'lga qo'ysa, sayyohlikni yanada rivojlantirsa, ko'proq odam ishli bo'ladi va aholining daromadi ham ko'payadi, deydi taniqli iqtisodiy tahlilchi.

O'zbekistondagi qator veb-saytlarning xabar qilishicha, Hindiston Tadbirkorlikni rivojlantirish instituti Toshkentda bandlik markazlarini ochish istagida.

Bu markazlarning yangi bizneslarni tashkil qilish va ishsizlikni kamaytirishda O'zbekiston hukumatiga ko'mak berishi xabar qilinmoqda.

Hindiston matbuoti xabar qilishicha, Hindiston Tadbirkorlik instituti ishsizlik o'ta yuqori bo'lgan sobiq Sho'ro respublikasiga yordamlashadi.

Bi-bi-si Hindiston shimoli-sharqidagi Assam shtatining yirik shahri hisoblangan Guvahati yonida joylashgan Hindiston Tadbirkorlik instituti veb-saytidagi telefonlariga qo'ng'iroq qilganida, institut vakillari hali 2004 yilda O'zbekistonda bandlik markazi ochish taklifi bilan murojaat qilganlarini tasdiqladilar.

Oradan 10 yil o'tganidan keyin Toshkentdagi amaldorlar mamlakatda yangi ish o'rinlarini yaratishda ko'maklashadigan tashkilot zarur ekan, degan qarorga kelganga o'xshaydilar.

Hindiston Tadbirkorlik instituti yangi bizneslarni ochishda va biznes yuritish yangi imkoniyatlarini topishga yordamlashishi aytilmoqda, bu institutning Toshkentda, Samarqand, Sirdaryo va Farg'onada bandlik markazlarini ochishni rejalayotgani xabar qilinmoqda.

Holbuki mustaqillikning ilk yillarida kichik bizneslarga ko'maklashish maqsadida biznes-inkubatorlar tashkil qilingan, Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi, tadbirkorlar va ishbilarmonlarning harakati ekani aytiladigan Liberal-Demokratik partiya tashkil etilgan.

Mamlakatda xususiy biznesga keng yo'l berilishi katta minbarlardan bot-bot e'lon qilib turiladi.

Aslida o'z biznesi bilan shug'ullanmoqchi, 5-10 insonni ish bilan ta'minlamoqchi bo'lgan tadbirkor son-sanoqsiz to'siqlarga duch keladi, bunday paytda yuqorida nomlari tilga olingan tashkilotlardan birortasi himoyaga kelmaydi.

O'zbek biznesmeni o'z bank hisobidagi mablag'larni o'zi xohlagancha boshqara olmaydi, zug'umkor hokimning paxta terimiga chiqishdek noqonuniy buyrug'ini bajarmasa, biznesi butkul yopilib ketish xavfi ostida qoladi.

Militsiya yoki prokurorning ta'ma bilan kelmasligiga kafolat yo'q.

Buning oqibatida O'zbekiston Jahon Bankining ro'yxatida 149-o'rnidan 141-o'ringa ko'tarilgan bo'lsa ham biznes yuritish mushkul mamlakatlardan biri bo'lib qolmoqda.

Xususiy biznes ish o'rinlari yaratadigan sektorga aylanmayapti.

O'zbekiston hukumati har yili 1 million atrofida ish o'rni tashkil qilayotgani haqida e'lon qilib keladi, biroq Bi-bi-si bu raqamlar SSSR zamonidan qolgan qo'shib yozishning eski usuli ekani haqida maqolalar e'lon qilgan.

Bir necha million o'zbekistonlik o'z oilasini boqish maqsadida xorijga chiqib ketishga majbur bo'lganlar.

Davlat nazoratidagi matbuot pul ishlab topish uchun ketgan o'zbekistonliklarni to'qlikka sho'xlik qilayotgan, engil pul topish ilinjidagi odamlar sifatida qoralash kampaniyasini olib boradi.

Ishsizlikni kamaytirish yo'llari

Xo'sh, O'zbekiston hukumatining ishsizlikni kamaytirish yo'lidagi amallari muammoni hal qilishning mos amallarmi?

O'zbekistonlik iqtisodiy tahlilchi Anvar Husainov fikricha, hukumat har ikki yilda mustaqil hayotga qadam qo'yayotgan 1 million maktab bitiruvchilarini ish bilan ta'minlashga harakat qilayapti.

Buning uchun davlat va xususiy sektordagi imkoniyatlar ishga solinayapti.

"Biroq yangi ish o'rinlari yaratish deganda paxta terishga o'xshagan mavsumiy ishlar ham nazarda tutilmasligi kerak", deydi Anvar Husainov.

Iqtisodiy tahlilchi aytishicha, hukumat qarori bilan Toshkent viloyatining Yangi yo'l tumani paxtachilikdan ozod qilingani minglab yangi ish o'rinlarini paydo qilgan.

Baliqchilik xo'jaliklari, meva bog'lari, mevalarni qayta ishlashga ixtisoslashgan chet mamlakat bilan qo'shma korxonalar tashkil etilgani natijasida ham yoshlar ish bilan ta'minlangan va ham Rossiya, Qozog'istonda yurgan insonlar o'zi tug'ilib o'sgan joyga qaytib ishga joylashgan.

"Paxtachilikdan O'zbekiston sug'oriladigan 1 gektar maydondan 650 dollar foyda ko'ripti. Agar paxtachilikdan voz kechilsa, 1 gektar maydondan 10000 dollar daromad olish mumkin. O'zbekistonda yiliga 30 million sayyohni jalb qilish salohiyati mavjud. Agar Xorazmda sayyohlik va sholichilik yanada rivojlantirilsa, yanada ko'p o'zbekistonlikni ish bilan ta'minlash mumkin bo'ladi", deydi Anvar Husainov.

O'zbek rasmiylariga ko'ra, 2013 yilda O'zbekistonga ikki milliondan ziyod sayyoh tashrif buyurgan.

Bu qo'shni Qozog'istonga solishtirganda ikki baravar kam ko'rsatkich.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi