"Minglab Markaziy Osiyoliklar Suriya va Iroqda jang qilmoqda"

Shu kunlarda Suriya va Iroqda Islomiy Davlat guruhi saflarida minglab Markaziy osiyolik jang qilmoqda.

Bu haqda asli Jizzax viloyatidan bo‘lgan Xurshid Muxtorov Bi-bi-si bilan bo‘lgan suhbatda ma‘lum qildi.

Uning aytishicha, Islomiy Davlat saflarida bo‘lganlarning ko‘pchiligini o‘zbeklar tashkil etadi.

34 yoshli Xurshid Muxtorovga ko‘ra, sobiq Sovet Ittifoqi respublikalaridan borib, Islomiy Davlat saflariga qo‘shilayotgan musulmonlar adadi muntazam ortib bormoqda.

Xurshid Muxtorovning aytishicha, u Suriyaga "besh-olti oy" muqaddam Turkiya orqali o‘tgan.

Islomiy Davlat saflarida Kobani atrofida yuz bergan janglarda qatnashgan va yaralangan.

U hozirda Taqqa mintaqasida yashayotganini aytadi.

Xurshid Muxtorov 2012 yil yanvarida Qo‘shma Shtatlarda Federal Qidiruv Xizmati tomonidan hibsga olingan Jamshid Muxtorovning ukasidir.

Amerika xavfsizlik idoralari 38 yoshli Jamshid Muxtorovni Islom Jihod Ittifoqi tashkilotini moliyalashtirish va terrorchilik hujumini sodir etishga intilishda ayblashmoqda.

Jamshid Muxtorov 2007 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qochqin maqomini olgan va AQShning Kolorado Shtatiga joylashtirilgan edi.

Jamshid Muxtorovni tanigan o‘zbekistonliklar uning Qo‘shma Shtatlarda boshpana olgunga qadar inson huquqlari himoyachisi bo‘lganini aytishadi.

AQSh Davlat Departamentining 2005 yilda O‘zbekistondagi inson huquqlariga oid hisobotida ma‘lum qilinishicha, Jamshid Muxtorovning singlisi Dildora Muxtorova qotillikda ayblanib, hibsga olingan.

Jamshid Muxtorov hibsga olingunga qadar oilasi bilan Denver shahri yaqinidagi Avrora mintaqasida yashagan va yuk mashinasi haydovchisi bo‘lgan.

Xurshid Muxtorovni yaxshi taniganlar, u O‘zbekistonda ekan sport murabbiyi bo‘lganini aytishadi.

Ularga ko‘ra, Xurshid Muxtorov Jizzax shahri sport klublaridan birida kiksboksing bo‘yicha yoshlarga saboq bergan.

Xurshid Muxtorov bilan bo‘lgan suhbatni tinglang.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi