Ekspertlar: NATO va Rossiya o‘rtasidagi tanglik ortib bormoqda

Image copyright BBC World Service

NATO va Rossiya munosabatlari mart oyida Qrim anneksiyasidan keyin keyin sezilarli darajada yomonlashdi, deya ta’kidlanadi xavfsizlik masalalari bo‘yicha g‘arblik ekspertlar hisobotida.

Ovro‘pa rahbariyati tarmog‘i (European Leadership Network) ekspertlari oxirgi 8 oy ichida Rossiya va NATOga a’zo davlatlar o‘rtasida qirqqa yaqin xavfli hodisalar yuz berganini qayd etdilar.

Ular 11 hodisani, jumladan, Estoniya xavfsizlik politsiyasi xodimining Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlab ketilishini alohida qayd etdilar.

Shuningdek hisobotda Shvetsiya suv hududlarida Rossiyaga taalluqli ekani taxmin qilingan suv osti kemasining qidirilgani alohida tilga olinadi.

Joriy yilning 3-martida bag‘rida 132 yo‘lovchisi bilan Kopengagendan Rimga parvoz qilgan SAS avia shirkatiga tegishli uchoq, havoga ko‘tarilishi bilanoq, Rossiya josus uchog‘iga to‘qnashib ketishiga bir bahya qolgan.

"SAS shirkati uchuvchilari mahorati tufayligina to‘qnashuv yuz bermadi", - deyiladi Ovro‘pada hamkorlik va xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilot - European Leadership Network ekspertlari tayyorlagan hisobotda.

Londonda joylashgan ushbu tashkilotning direktori Ien Kirns Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi tanglik jiddiy mojaroga aylanib ketmasligi uchun amaliy tadbirlar olishga chaqirdi.

"Biz uchun jiddiy vazifa muloqotni uyushtirishdir. Unda biz vaziyat nazorat ostidan chiqsa bu hech kimning, jumladan na Putin va na Rossiyaning manfaatiga xizmat qilmasligini ochiqcha aytmoqchimiz. Men ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni o‘tkazish kerak, deb o‘ylayman. Chunki, hozirda Rossiya rahbariyati, nima qilsak ham oqibati hech narsa bo‘lmaydi, deb o‘ylayotganga o‘xshaydi", - dedi Ien Kirns Bi-bi-si bilan suhbatda.

Shu yilning sentyabr oyi boshlarida Rossiya armiyasi Kanada yaqinidagi Labrador dengizida qanotli raketalarni sinovdan o‘tkazdi.

Rossiya uchoqlari Kanada havo hududiga o‘tmagan esa-da, bu amal NATO tomonidan "ig‘vogarona" deya baholandi.

Ettinchi sentyabrda esa Rossiya uchog‘i Qora dengizdagi Kanadaning "Toronto" fregatidan 300 metr balandlikda katta sur’atda uchib o‘tdi.

NATO xabar berishicha, 2014 yilda NATO uchoqlari yuzdan ziyod Rossiya uchoqlarini tutish uchun havoga ko‘tarilgan.

Bu 2013 yilga nisbatan uch baravar ko‘pdir.

Britaniya Harbiy havo kuchlari xabar berishicha, noyabr oyi boshida Britaniya havo chegarasiga Rossiya bombardimonchi uchog‘i yaqinlashar ekan Britaniya Typhoon qiruvchi uchoqlarini havoga ko‘tarishga majbur bo‘lgan.

Rossiyalik harbiy ekspertlarga ko‘ra, bu Rossiya havo hududlari yaqinlarida josuslik parvozlarini davom ettirayotgan g‘arb havo kuchlariga javob amalidir.

Aprel oyida NATO Rossiya bilan fuqaroviy va harbiy hamkorliklarni butunlay to‘xtatishini e’lon qilgandi.