O‘zbek militsiyasi: osoyishtalikni qo‘riqlash o‘rniga dilxushlik

O‘zbekistonning Chirchiq shahrida militsiya xodimi o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan paytda yosh qizni otib o‘ldirgan.

Aniqlanishicha, militsiya xodimi qiz bilan uchrashib yurgan.

Lekin qotillikning asosiy sababi hozircha noma’lumligicha qolmoqda.

Chunki militsiya xodimi fojia yuz bergan erdan qochib ketgani xabar qilinadi.

Oradan bir necha kun o‘tgach, uning o‘ligi topilgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidan IA REGNUM axborot agentligiga bildirishlaricha, militsiya xodimi o‘zini otib o‘ldirgan.

O‘q militsiya xodimiga xizmat yuzasidan berilgan to‘pponchadan uzilgani aniqlangan.

Marhum qiz ham xuddi shu to‘pponcha bilan otib o‘ldirilgan.

Samarqandda esa, militsiya xodimi o‘zi xizmat qilayotgan er – bank binosiga yarim tunda yoqtirgan qizini taklif etgan.

Lekin u mizg‘igan payt qiz to‘pponchasini olib, qochib qolgan.

Uyqudan uyg‘ongan militsiya xodimi to‘pponchasi yo‘qolganini ko‘rib, yaxshi ko‘rgan qiziga ustma-ust bir necha marta qo‘ng‘iroq qilgan.

U javob bermagach, bo‘lib ӯtgan voqea to‘g‘risida o‘z hamkasblariga xabar bergan.

To‘pponcha o‘g‘irlab qochgan qizni topib, qo‘lga olish uchun militsiya qidiruv e’lon qilgan.

Bu orada u qiz voqea yuz bergan erdan yuzlab kilometr nariga etgan bo‘lgan.

Uni Toshkent shahrida qӯlga olishgan.

Tahlilchilar aytishlaricha, xizmat vazifasini bajarayotgan paytda ko‘ngilxushliklar, xizmat doirasidan boshqa ishlar bilan shug‘ullanish O‘zbekistondagi militsiya xodimlari orasida tez-tez uchraydigan holga aylangan.

Militsiya xodimlari o‘zlariga berilgan katta huquqlardan foydalangan holda, ularning ish haqi uchun soliq to‘laydigan aholiga xizmat qilmasdan, ko‘ngillariga kelgan ishni qilishlari aytiladi.