Yosh Islom Karimov: Andijonda nimalar bo‘lganini anglamagandim

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning to‘satdan e’tibordan qolishi hamda O‘zbekistonda tutgan nufuzini yo‘qotishi ko‘plab savollar tug‘diradi. Bu savollarning ba’zilariga javob topish uchun Bi-bi-si muxbiri Natalьya Antelava Londonda Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov bilan uchrashgan. Bir paytlar O‘zbekistonning "eng manfur ayoli" deb atalgan Gulnora Karimova hozirgi kunda qaerda, qay ahvolda, uning qulashiga qaysi omilu kuchlar sabab bo‘lgan, O‘zbekistonda qudrat uchun kurash qay yo‘sinda yuz bermoqda, bu va boshqa savollarni muxbirimiz yosh Islom Karimovga bergan.

Bi-bi-si: Hozirda onangizning ahvoli qanday?

Islom Karimov: Mening u bilan hech qanday aloqam yo‘q. Aloqa qilishning imkoni yo‘q. Men uning ahvoli yaxshimi, tirikmi yoki yo‘q ekanligi haqida ma’lumot ham ololmayman. Undan, singlimdan juda xavotirdaman. Ularni uy hibsida ushlab turishibdi. Lekin ularni boshqa joyga ko‘chirishdimi, ahvollari yaxshilanidimi, yo‘qmi, hech qanday xabarim yo‘q. Agar ahvol yaxshilanganda, u men bilan aloqaga chiqardi, chunki u ham mendan xavotirda bo‘lsa kerak.

Bi-bi-si: Islom, onangiz nafaqat O‘zbekistonda, balki butun mintaqada eng qudratli shaxslardan biri edi, qanday qilib bu ahvolga tushdi?

Islom Karimov: Uning pastga qarab qulashining asosiy sababi fikrimcha, u muayyan guruhdagi odamlar uchun xavf edi. U hammaga quloq tutardi, erkin va mustaqil edi. Hozirda bu nafaqat uning qulashidir, bu ta’bir joiz bo‘lsa, butun boshli avlodning qulashidir. Chunki u mamlakatda erkin fikrlovchilarning tizimini yaratib ulgurgandi. U asos solgan tashkilotlar hukumat va matbuotga ta’sir o‘tkazish qobiliyatiga ega edilar. Bularni G‘arb qadriyatlaridan ilhomlagan odamlar guruhi deyishimimz mumkindir. Hozirda bu butun tizim ishdan chiqarildi, minglab kishilar ishsiz qoldi va yo mamlakatni tark etishdi, qamoqqa tashlandi.

Bi-bi-si: Siz o‘zingiz O‘zbekistonga bora olasizmi?

Islom Karimov: Yo‘q, men O‘zbekistonga bora olmayman. O‘zimni katta xavf ostida sezaman, ammo bu haqda ko‘p o‘ylamaslikka harakat qilayapman. Internet orqali har xil po‘pisalar qilinmoqda, bu erdagi O‘zbekiston elchixonasi men bilan aloqaga chiqmoqchi bo‘layapti, turli sabablar ostida meni O‘zbekistonga qaytarmoqchi bo‘lishmoqda...

Bi-bi-si: O‘zbekistonga qaytsangiz, taqdiringiz nima bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

Islom Karimov: Bu haqda o‘ylamaslikka harakat qilaman. Oqibati yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Eng ijobiy stsenariy mening ham uy qamog‘iga tashlanishim bo‘lsa kerak. Eng yomonini esa tasavvur ham qila olmayman...

Bi-bi-si: Bularning ortida bobongiz turibdi deb o‘ylaysizmi?

Islom Karimov: Yo‘q, men bobomni hozirgi hodisalarda eng oz aybli bir shaxs deb bilaman. U mamlakatni boshqaradi va unga etib keladigan ma’lumotlarning manbalari turlicha. Bu ma’lumotlarni ko‘pda xavfsizlik xizmati nazorat qiladi. Fikrimcha, odamlar hiyla ishlatib, uning atrofida ma’lumot vakuumini yaratib, uni odatda qilmaydigan ishlarini qilishga majburlamoqdalar.

Bi-bi-si: Bu uning qudrati va ta’siri kamayib borayotganligini anglatadimi?

Islom Karimov: U qudratni qo‘ldan boy berib bormoqdami-yo‘qmi ayta olmayman. Voqelikda, amalda nimalar ro‘y berayotganligi haqida tasavvurni yo‘qotmoqda, deb o‘ylayman. U ham joriy vaziyatning qurbonidir. Chunki mening onam zaiflashgani, bobomning ham zaiflashishini anglatadi.

Bi-bi-si: Bobongizni oxirgi marotaba qachon ko‘rgandingiz?

Islom Karimov: 2-nchi yanvar kuni ko‘rgandim. Undan avval Yangi yil kechasi kuni ham ko‘rishga uringandik. Lekin buvimning odamlari bizning yo‘limizni to‘sib chiqishdi. Onam nima uchun bizning yo‘limizni to‘sayotganlar haqida so‘ragan vaqti, buvimdan shunday buyruq bo‘lgan, deb aytishdi. Biz hayron bo‘ldik, esimni tanigandan beri bilamanki, har yili Yangi yil kechasini birga o‘tkazardik. Men tug‘ilishimdan avval ham shunday bo‘lgan. Onam har doim oila a’zolari bilan bo‘lgan. Shuning uchun biz juda hayratga tushdik. Tabiiyki, buvim biz bobomga biron narsani aytib qo‘yishimizdan cho‘chigan.

2 yanvar kuni bobom bilan oxirgi marotaba uchrashganimizda biz o‘rtadagi muammolarni deyarli echgandik. Onam hech qachon unga qarshi hech qanday ish qilmasligini tushuntirdi. Bobom tushungandek bo‘ldi. Ancha jiddiy, lekin tinch suhbatlashdik. Ketar vaqtimiz buvim men, onam va singlimni bir chetga tortib, "Bizning tomon sizlarni yo‘q qiladi", - dedi. Buvilar bunday demaydilar odatda, to‘g‘rimi? Demak, mantiqan, u bizlarga qarshi. Men fevral oyidan beri, reydlar ro‘y bergan vaqtdan beri, ham bobomga, ham buvimga telefon qilishga rosa harakat qildim. Buvim hech qachon javob bermaydi, bersa ham aloqa uziladi. Martmi yo aprel oylarida nihoyat bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldim. U faqat bir gapni aytdi: "Sizlarni yo‘q qilamiz dedim-ku", - deya qaytardi va telefon go‘shagini qo‘ydi.

Bi-bi-si: Bobongizni jahon diktator sifatida taniydi, siz uni yoshlik vaqtingizda qanday eslaysiz?

Islom Karimov: Oddiy inson, uyga kelib, hammamizni quchib, kunimiz qanday o‘tgani haqida suhbatlarini eslayman. Lekin ish haqida gaplashmasdik. Bu yozilmagan qoida edi. Afsuski, shunday holatlar ro‘y berganki, menga bobomni yaxshi tomondan ko‘rsatmagan. Lekin bunisi u tanlagan yo‘l. Men uni faqat bobom sifatida ko‘raman. Boshqacha o‘ylashdan hayiqaman. Chunki mana onam inson huquqlari haqida gapirishga harakat qilganida taqdiri ne kechdi...

Yana bir esdalik. Bobomning mashinasida qizil knopka bor. O‘sha knopka bosilsa, hamma eshiklar qulflanib, sirena yangray boshlaydi. Shu bilan birga hamma havfsizlik xizmati va harbiy qarorgohlarga mashina hujum ostida qolganligi haqida ogoh yuboradi. Yoshligimda har kuni bobom soat sakkiz yarim-to‘qqizlarda ishga ketardi. Bir kuni nonushta vaqtida zerikib ketdim, tashqariga chiqsam bobomning mashinasi turibdi, haydovchi va qo‘riqchisi tashqarida. Mashinalarni yaxshi ko‘rardim, o‘tirsam maylimi desam, mayli deyishdi. Yosh bola qizil knopkani ko‘rsa nima qiladi, albatta bosib ko‘radi. Men ham shunday qildim. Eshiklar taqa-taq yopildi, sirena yangray boshladi, xavfsizlik va harbiylar qarorgohlariga ogoh ketdi... Haydovchi bilan qo‘riqchi eshikni ochishga harakat qilishardi, lekin ular qulflangan. Bular atrofda yugurib, qanday qilib o‘chirish kerakligini o‘rgata boshlashdi, maxsus kod kiritish kerak ekan. Yoshim 6-7 larda edi... Ichkarida o‘tirib, hayratdan qotgan edim. Mashina oynalari mana shunday qalinlikda... Hamma qo‘rqib ketgandi. Bir amallab kodni kiritishni tushuntirishdi, signallarni o‘chirdik... Bo‘ldi, tamom, boshim g‘alvada qoldi, deb o‘yladim. Bobom esa uydan chiqib keldi-da, "Menimcha, nonushtangni tamom qilmading", - dedi. Men uyga kirdim, u ishga ketdi. E, xudoga shukr, oson qutuldim, deb ichkariga kirsam, onam bilan buvimning yuzidagi ifodasini ko‘rib, oson qutulmaganimni tushundim...

Bi-bi-si: Sizning kelajagingiz haqida nima degandi, qanday maslahat bergandi?

Islom Karimov: Bobom bizga hamisha siyosatdan uzoq bo‘linglar, deb maslahat berardi. Siyosat juda chirkin, iflos, murakkab, holdan toldiruvchi va ruhan charchatuvchi narsa derdi. U meni mustaqil, qaerda bo‘lsam ham o‘zimni ta’minlay oluvchi shaxs bo‘lishimni xohlardi.

Bi-bi-si: Andijon hodisalari haqida onangiz bilan gaplashganingizni aytgandingiz, o‘shanda yosh bola bo‘lgansiz, lekin nimalar ro‘y berganini anglaganmidingiz?

Islom Karimov: Men o‘shanda 14 yoshda edim. Hamma sarosimaga tushgandi, xavfsizlik hizmati ham. Men nimalar bo‘layotganini tushunmayotgandim. O‘shandan keyin o‘tgan yillar mobaynida bu haqda so‘raganimda, yonimizdagi hamma....xullas bizga hamma ma’lumotni ham aytaverishmasdi...Bizga aytishlaricha bo‘yicha, bir guruh isyonchi, terroristlar hokimiyatni bosib olishga, tinch aholini o‘ldirishga harakat qilishgan... Keyin hukumat ularni bir yoqlik qilib, hamma narsa joy-joyiga tushdi, deb aytishdi. Nima uchun terroristlar bo‘lsa, ularni ham tinch aholi vakillari deb aytishayapti, deb so‘rasak, bu uchinchi kuchlar ig‘vosi, hiylasi, deb tushuntirishardi... Shuning uchun o‘shanda vaziyatni to‘liq anglamagandim. Aytib o‘tganimdek, biz uyda siyosat haqida gaplashmasdik...

Bi-bi-si: Hozirchi, anglab etasizmi Andijonda nimalar bo‘lganini?

Islom Karimov: Men shaxsan u erda bo‘lmaganman. Faqatgina odamlardan eshitganimni bilaman. O‘sha erda bo‘lgan odamlardan ham eshitganman. U erda nimalar bo‘lib o‘tgani haqida izohlar bor. Mutaxassislar o‘z xulosalarini berganlar. Men ularning xulosalariga tayanishim mumkin, lekin o‘zim xulosa qila olmayman. U erda bo‘lmaganman...Juda yomon kun bo‘lgan. Dahshatli kun bo‘lgan. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, insonlar halok bo‘lgani albatta juda yomon. Lekin batafsil o‘rganishga imkonim bo‘lmagan. Lekin bu hodisa ro‘y bergani juda achinarli holat...

(Davomi bor)

Yosh Islom Karimov o‘z suhbatida qilgan da’volari yuzasidan Prezident Karimovning ikkinchi qizi Lola Karimova Bi-bi-siga quyidagi yozma bayonotini yubordi:

"Ochig‘ini aytaman, ushbu vaziyatda mening nomimga qaratilayotgan yolg‘on ayblovlarni doimiy ravishda rad qilish uchun katta energiya, asab sarflashimga to‘g‘ri kelib, oxir-oqibat esa juda oz, ehtimolki, teskari natijaga erishgan bo‘lardim. Mana shuning uchun ham men matbuotda muntazam ravishda izoh berishni ma’qul ko‘rmayman. Bu shunchaki fantastika janridagi yolg‘ongina emas, balki muayyan vaziyat va mavjud insonlarga ustalik bilan bog‘langan, shafqatsiz va puxta o‘ylangan bo‘hton va ushbu bo‘hton kanchalik xatarli ekanini men yaxshi anglayman. Shu bois ham, vaziyat shuni taqozo etganda, men o‘zimni qonun doirasida muhofaza qilish imkoniyatini o‘z advokatlarimga taqdim etaman. Har qanday tuhmat bizning qalbimizni g‘azablantiradi. Dunyoga kelgan kunidanoq sening o‘zing enagalik qilgan, mehr va muhabbat bilan birinchi qadamlarini tashlashga o‘rgatgan odamingning tuhmati esa yanada ko‘proq og‘ir botadi. Men jajji jiyanimni ilk bor o‘z qo‘limga olgan daqiqalarni eslayman. Bu ulkan iliqlik va muhabbatni men hamon o‘z yuragimda saqlayman va Yaratganga duolarimda unga aql-idrok berib, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashini so‘rayman".

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Your contact details
Disclaimer