Marhum talabaning oilasi prezidentga ochiq xat yozdi

Image copyright Reuters

2014 yilning 2 oktyabr kuni Sirdaryoda paxta terimida payti kaltaklab o‘ldirilgan Guliston Universiteti talabasi Shamsiddin Bobosaidovning oila a‘zolari uning qotillari jazolanishiga umid bilan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov nomiga ochiq xat yozishgan.

Shamsiddin Bobosaidov ishining tafsilotlari bilan tanishgan toshkentlik mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovning so‘zlariga ko‘ra, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani prokuraturasi qotillik bo‘yicha jinoyatni yopdi-yopdi qilishga urinayotgani sababli marhumning yaqinlari mamlakat prezidentiga murojaat etishmoqda.

Bundan oldin Bobosaidovlar tuman prokuraturasi, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi, Ichki Ishlar vazirligi, Respublika Bosh Prokuraturasiga ishni qayta ko‘rib chiqishni so‘rashgan.

Biroq, dastlabki ekspertiza xulosalari, guvohlarning ko‘rsatmalari bo‘lganiga qaramasdan, prokuratura ishni qotillik bo‘yicha qayta qo‘zg‘ashni istamayapti. Yangidan o‘tkazilgan ekspertiza esa "Shamsiddin Bobosaidov qayd qilish chog‘ida tili tiqilib vafot etgan", deya xulosa bergan.

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidan bo‘lgan 19 yoshli Shamsiddin Bobosaidov paxtada bir necha kishi tomonidan qattiq kaltaklanishi natijasida hayotdan ko‘z yumgan.

"Agar qotillik paxta dalasida sodir bo‘lmaganida jinoyatni qilganlar allaqachon jazosini olgan bo‘lardi. Lekin ish bevosita paxta siyosatiga bog‘liqligi sababli uni yopishga harakat qilinmoqda",-deydi Abdurahmon Tashanov.

Ochiq xatda aytilishicha, qotillikka guvoh bo‘lgan talabalardan yolg‘on ko‘rsatmalar yozib olingan, qotillik zo‘r berib yashirishga urinilyapti.

Mazkur qotillik bo‘yicha jinoyat ishini Respublika Bosh Prokuraturasiga topshirishga ko‘rsatma berishingizni so‘raymiz, deyiladi prezidentga yozilgan xatda.

O‘zbekiston fuqarolari bundan ilgari ham muammolarini yechishda yordam berishni so‘rab mamlakat prezidentiga xat bilan chiqishgan.

"Bizning kuzatishimizcha, prezidentga murojaat qilingandan so‘ng nisbatan 10-20 foiz hollarda, masalan, har o‘ntadan bitta yo ikkitasi rahbarlar tomonidan o‘rganilib, joylarga yuborilgan hollar bo‘lgan", deb aytadi Abdurahmon Tashanov.

Azizlar, Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002