Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Saylov oldidan ko‘tarilsa, muammo hal bo‘larmikan?

Samarqand shahri markazida yashayotgan aholi tabiiy gaz va elektr ta‘minoti borasidagi qiyinchiliklar haqida internet saytlariga xat yo‘llashgan.

"Shaharning eski qismida (Registon maydonidan bir kilometr masofada) kommunal xizmatlar iste‘moli bo‘yicha biror-bir insoniy huquqlar mavjud emas. Sadriddin Ayniy ko‘chasi bo‘ylab va uning atroflarida gaz mutlaqo yo‘q. Elektr energiyasini esa sutkaning muayyan vaqtida bir necha soatgina berishadi, xolos.

Bu yerdagi aholi uylarini isitish uchun o‘rta asrlardagi kabi pechga o‘tin yoki ko‘mir yoqishadi. Xudoga shukurki, yozda bunday tartibsizlik kuzatilmadi. Ammo qish yaqinlashishi bilan elektr energiyasini muntazam ravishda o‘chirishlar boshlanyapti.

Mahalla (ya‘ni, mahalla qo‘mitasi – tah.) bu holatga hech qanday chora ko‘rmayapti, shahar elektr tarmog‘ida esa transformatorlar yuklamani ko‘tara olmayotganini aytishadi. Biroq bizning bunga shubhamiz bor, chunki elektr energiyasi muayyan vaqtda berilyapti, transformatorlar esa har kuni bir vaqtda ishdan chiqishi dargumon. "Shahargaz" tashkiloti gaz yo‘qligini hech qanday izohlamayapti.

OAV! Ushbu mavzuni ko‘tarish va uni, ayniqsa saylovlar oldidan rahbar shaxslarga yetkazish bo‘yicha so‘nggi umidimiz sizdandir", deb yozishgan samarqandliklar.

Kommunal xizmatlardagi uzilishlar, gaz yo‘qligi, elektr bir kecha-kunduzda bir necha soatgina berilayotgani O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida kuzatilayotgani haqida xabarlar bor.

BBC samarqandlik jurnalist va blogger Toshpo‘lat Rahmatullayevdan, shikoyatda aytilganidek, Samarqandda kommunal xizmatlar shu qadar izdan chiqib ketganmi, issiqlik ta‘minot markazlari qish mavsumi oldi ta‘mirlanganmi, deb so‘radi.

-----------------------------------------------------------------------------------------

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002