"O‘zbekistonda fermerlarning barchasi davlatdan qarzdor"

Anhor.uz paxtani tashqi bozorda sotishdan tushadigan mablag‘ning bir qismi endi fermer xo‘jaliklariga berilishini ma‘lum qilgan.

Malag‘ fermerlarning davlat tashkilotlari oldidagi qarzdorlikni to‘lash uchun sarflanishi yozilgan.

BBC ushbu mavzuni o‘rganish jarayonida fermerlarning barchasi qarzga botganini bildi.

O‘zbekiston fermerlar kengashidan mas‘ulning aytishicha, mamlakatda faoliyat yuritayotgan 73 ming fermer xo‘jaligining barchasi davlatdan qarzdor.

O‘zbekiston fermerlar kengashidan ismini ommaga oshkor qilishni istamagan mulozimlardan biri O‘zbekistondagi faoliyat yuritayotgan 73 ming va tugatilish arafasida turgan yana 7 ming fermer xo‘jaligi qarzga botganini aytdi.

Ya‘ni ro‘yxatdan o‘tgan 80 ming fermer xo‘jaligining barchasi davlatdan qarzdor.

BBC bilan gaplashgan mas‘ul ularning nima sababdan qarzga botgani haqida telefon orqali ma‘lumot berolmasligini aytdi.

Unga ko‘ra boshqa tashkilotlar kabi fermerlarning ham qarzga botishi normal holat.

Fermerlar kengashidan mas‘ulning aytishicha, anhor.uzda chiqqan yangilik Vazirlar mahkamasining birorta qarori yoki tegishli hujjatga asoslanmagan.

Shu boisdan ushbu xabar borasida biror fikr bildirish qiyin.

Anhor.uz da chiqqan xabarda yozilishicha, paxta tolasini sotish bo‘yicha ichki va haqiqiy narxlar orasidagi musbat farqni to‘plash va undan foydalanish tartibiga o‘zgarishlar kiritildi.

Ushbu miqdor soliqqa tortilmaydi va uning 50% paxta yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklariga ularning respublika Davlat byudjeti yoki xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar oldidagi kreditorlik qarzini yopish uchun yo‘naltiriladi.

Davlat mulozimlari fermer xo‘jaliklari tashkil qilinish ortidan yer o‘z egasini topganini va mulkchilik rivojlanganini bot-bot ta‘kidlashadi.

Biroq Fermerlar kengashi mas‘ulining gapi aksini tasdiqlamoqda.

100 gektar yerga egalik qiluvchi fermerning BBCga aytishicha, davlatdan 160 million so‘m yoki 66 ming dollar qarzi bor.

Uning ta‘kidlashicha, garchi har yili paxta va g‘alla topshirish bo‘yicha davlat rejasi ortig‘i bilan bajarsa ham "O‘zneftmahsulot", "O‘zagromashservis" kabi davlat tashkilotlaridan qarzdor bo‘lib qolmoqda.

Fermerning izohlashicha, dalat paxta va g‘allani bozor narxidan juda ham past bahoda sotib oladi va natijada fermerning boshi qarzdan chiqmaydi.

Qarzdorlik natijasida ko‘plab fermerlar xo‘jaligini tashlab Rossiya va Qozog‘istonga qochib ketishga majbur bo‘lgan.

Qolgan fermerlarga qochib ketganlarning yeri ham qo‘shib berilgan.

Fermerlarning o‘zi va kuzatuvchilar juda ko‘pchilik fermerlarning qullardek sharoitda ishlashga majburligini ta‘kidlashadi.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002