Merkel Putin va Rossiyani qattiq qoralab chiqdi

Image copyright AFP

Olmoniya kantsleri Angela Merkel Rossiyaning Ukrainaga qarshi amallari Ovro‘poda o‘rnatilgan tinch tartibni tahdid ostiga qo‘yishi va xalqaro qonunlarni buzishini aytgan.

Olmoniya parlamenti - Bundestagda chiqish qila turib Merkel xonim Rossiyaning Qrimni qo‘shib olishini hech nima bilan oqlab bo‘lmasligini aytdi.

Biroq, ayni paytda, u Ukrainadagi vaziyatni o‘nglash uchun sabr-toqat kerak bo‘lishini bildirdi.

Avvallari Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi yetakchi diplomatik vositachi deb ko‘rilgan Merkel xonim oxirgi vaqtlarda Moskvaga qarshi qattiq tanqidlar bilan chiqmoqda.

"Rossiyaning Donetsk va Luganskdagi janglardagi bevosita yo bilvosita ishtirokini hech oqlab bo‘lmaydi. Donetsk va Luganskdagi vaziyatni umuman yarashuv deb tasvirlab bo‘lmaydi, shunday ekan, Rossiyaga qarshi iqtisodiy jazo choralari kiritilishi kerak", - dedi Merkel xonim deputatlarning qarsaklari ostida.

Olmon kantsleri o‘tgan bir necha oy davomida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi inqirozni aritish yo‘lida faol ish olib bordi.

Moskva Ukraina inqirozida o‘zining bevosita yo bilvosita ishtiroki borligini qat‘iy rad etadi va Ukrainada Rossiya qo‘shinlari yo harbiy texnikasi yo‘qligini aytib keladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Merkel xonimning Moskvaga qarshi qat‘iy mavqega o‘tishiga o‘zining avvalgi yondoshuvi ish bermagani sabab bo‘lmoqda.

Merkel xonim noyabr o‘rtasida Avstraliyada bo‘lib o‘tgan Yirik 20 sammitida Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashgan va, o‘zi aytishicha, Putinni Ukrainadagi maqsadlarini ochiq aytishga majburlamoqchi bo‘lgan.

Biroq, olmon vakillik guruhi xabariga ko‘ra, qariyb to‘rt soat davom etgan uchrashuv hech qanday natijaga olib kelmagan.

Olmon diplomatlaridan birining bildirishicha: "Putin mutlaq sovuq mavqeda edi. U o‘z qobig‘iga kirib oldi va undan chiqib keta olmayapti".

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002