Kobulda yuz bergan portlashda kamida 5 nafar inson halok bo‘ldi

Image copyright Reuters

Afg‘oniston Sog‘likni saqlash vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, poytaxt Kobulda yuz bergan portlashda kamida besh nafar inson halok bo‘ldi va yana kamida 30 nafar inson jarohat oldi.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, qurbonlarning aksari oddiy yo‘lovchilar bo‘lgan.

Vazirlikka ko‘ra, portlash xudkush hujumchi tomonidan sodir etilgan.

Hodisada Britaniya elchixonasiga tegishli bir avtomobil zarar ko‘rgan.

Britaniya elchixonasi vakilining ma‘lum qilishicha, mashina ichida bo‘lganlar jarohat olgan.

Kobuldagi BBC muxbiri Richard Galpinning aytishicha, hujumda elchixona nishonga olingan bo‘lishi mumkin.

Hujum uchun mas‘uliyatni Tolibon harakati o‘z zimmasiga olgan.

Intihoriy hujumchining mototsiklda bo‘lgani aytiladi.

Xorijiy kuchlarning aksari Afg‘onistonni kelgusi oyda tark etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda toliblar hujumlarni kuchaytirmoqda.

Uch kun muqaddam Kobul sharqida NATO kuchlariga qarshi sodir etilgan bomba hujumida ikki nafar amerikalik askar halok bo‘lgandi.

Sentyabr oyida qudratga kelgan prezident Ashraf G‘aniy Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatishga va‘da bergan.

Kelgusi yil yanvaridan boshlab Afg‘onistonda bor-yo‘g‘i 12 ming nafar NATO askari qolishi kutilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002