"Haj tanqidchisi" hibsga olindi

Image copyright BBC World Service

Buning ortidan, bangladeshlik yuqori martabali siyosatchi tovon puli evaziga ozodlikka chiqish huquqidan mahrum etilib, Islom dinini tahqirlash aybi bilan qamoqxonaga yuborilgan.

Xabarlarga ko‘ra, sobiq vazir Abdul Latif Siddiqiy uzoq muddat xorij safarida bo‘lgan va o‘tgan yakshanba kuni Bangladeshga qaytgan.

Butun Bangladesh bo‘ylab musulmonlarning noroziliklariga sabab bo‘lgan so‘zlarini esa, janob Siddiqiy Nyu-Yorkda, televizion shoulardan birida aytgan.

Siyosatchi o‘zining "Hajga butkul qarshi ekani" va uni Muhammad payg‘ambar(s.a.v) tujjoriy maqsadlarni ko‘zlab, o‘ylab chiqarganini iddao qilgan.

"Haj ziyoratini ado etish uchun ikki million kishi Saudiya Arabistoniga bordi. Bu – shuncha ish kuchining hayf ketishidir. Chunki Haj ziyoratini ado etayotgan kishilar hech bir ish qilishmaydi-da", - degan u.

Sobiq vazirning so‘zlariga tayanilsa, "Bo‘lajak hojilar o‘z mamlakatlari iqtisodidan yulib, shuncha pulni chetda sarflashadi".

Aynan Nyu-Yorkda aytgan so‘zlari ortidan, uni hibsga olishga oid da‘vatlar yangragan.

Yigirmadan ortiq kishi esa, biz musulmonlarning ko‘nglimizni og‘ritdi, degan mazmundagi shikoyat bilan mahkamaga ham murojaat etishgan.

Janob Siddiqiyning chiqishiga, ayniqsa, radikal Islomiy partiyalarning munosabatlari juda g‘azabnok bo‘lgan: Ular namoyishlarga ham qo‘l urishgan.

"Hifajat-i-Islom" mutaassib guruhi esa, siyosatchini, hatto, "shakkok", deb ham e‘lon qilgan.

Xuddi shuning barobarida, ular Bangladeshdagi boshqa muxolif partiyalar bilan birga sobiq telekommunikatsiya vazirini zudlik bilan qo‘lga olishni talab qilishgan.

Xabarlarga ko‘ra, shundan so‘ng, Abdul Latif Siddiqiy poytaxt Dakada hibsga olingan.

Order ustiga order

Image copyright BBC World Service

Odamlarning noroziligi va o‘nlab shikoyat arizalari ortidan, mahkama janob Siddiqiyni hibsga olish uchun bir emas, bir necha bor rasman buyruq bergan.

Xabarlarga ko‘ra, aynan mahkamaning ustma-ust orderlari sabab, AQSh va Hindistonda uzoq vaqt qolib ketganiga qaramay, janob Siddiqiy, baribir, Bangladeshga qaytgan.

Islomiy guruhlar esa, uni hibsga olish uchun hukumatga 24 soat muhlat berishgan.

Ayrimlari esa, siyosatchini, hatto, qatl etishga ham chaqirishgan.

Abdul Latif Siddiqiyning o‘z ixtiyori bilan politsiya idorasiga borgani aytiladi.

Bu orada janob Siddiqiy Hindistondan BBCga intervyu bergan va o‘z so‘zlarini norasmiy bir yig‘in chog‘ida, katta sondagi odamlar qarshisida aytmaganini bildirgan.

O‘z o‘rnida, sobiq vazir mamlakati rahbarini "xijolatda qoldirgani" uchun afsus-nadomatda ekanini ham aytgan.

77 yoshli Abdul Latif Siddiqiy 70-yillar boshida Bangladeshning Pokistondan mustaqilligi yo‘lida kurash olib borgan.

Bangladesh Bosh vaziri Shayx Hasinaning ishongan yordamchilaridan biri bo‘lgan.

Image copyright Reuters

Haj Islom dinidagi beshta farzdan biri bo‘lib, musulmon kishi iqtisodiy va jismonan bunga tayyor bo‘lib, qurbi yetsa buyuriladi.

Musulmonlarning birdamligi va Allohga e‘tiqodini namoyish etuvchi marosim qariyb 1400 yildan buyon davom etib keladi.

Haj ziyorati musulmonlarga qanchaga tushishi, moliyaviy xarajatlarining oshib borayotganiga qaramasdan, butun dunyo bo‘ylab millionlab ziyoratchilar o‘z ruhiy ehtiyojlarini qondirishda davom etishadi.

Har yili Makkaga safar qiluvchilar Saudiya Arabistoni iqtisodiga milliardlab dollar olib kirishadi.

Restoranlar, sayyohlik agentliklari, aviashirkatlar va telefon kompaniyalari eng ko‘p foydani Haj marosimi vaqtida olishadi.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002