Rubl qadrsizlanishda mutlaq yangi rekord o‘rnatdi

Image copyright Reuters

Moskva birjasidagi tonggi savdolarda bir AQSh dollarining qiymati qariyb 49.9 rublga chiqdi.

Bir yevro esa, Rossiya tarixida kuzatilmagan darajada qimmatlab, 62 rublni tashkil etdi.

Bunga OPEKka a‘zo davlatlarning qarori ortidan, jahon bozorida neft qiymatining keskin pastga tushib ketishi sabab bo‘ldi.

Neft qazib chiqaruvchi va eksport etuvchi davlatlar karteli esa, jahon bozori to‘lib-toshib ketganiga qaramay, baribir, mahsulot ishlab chiqarishda davom etamiz, degan to‘xtamga keldi.

Bundan avval Rossiya rubli AQSh dollari va yevroga nisbatan qayd etgan yangi rekordi 7 noyabr kuniga to‘g‘ri keladi.

O‘shanda bir AQSh dollarining qiymati 48.64 rublni tashkil etgandi.

Rossiya davlat byudjetining yarmiga yaqinini yoqilg‘i mahsulotlari eksportidan kelayotgan tushumlar tashkil etadi.

Image copyright AFP Getty

Shu yil boshidan buyon esa, Rossiya rubli qariyb 30 foiz qiymatini yo‘qotdi.

Rossiya rubli nega qulamoqda?

Bunga rasmiy Kremlning Ukraina inqirozida tutgan o‘rni sabab, G‘arb tomonidan ustma-ust kiritilayotgan sanktsiyalar va jahon bozorida neft qiymatining tushib borayotgani sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, OPEKning 27 noyabr kungi qarori ham neftning yanada arzonlab ketishiga olib kelgan.

Deylik, “Brent” turidagi neftning bir barreli, hatto, 72 AQSh dollariga ham baholanmagan.

Bu esa, 2010 yilning avgust oyida so‘ralgan narxdan ham ancha pastdir.

Ta‘kidlash joiz, neft narxi shu yil iyun oyidan buyon 30 foizga arzonlashga ulgurgan.

Rossiya Moliya vaziri kuni-kecha G‘arbning sanktsiyalari tufayli o‘zlari 40 milliard dollar atrofida zarar ko‘rishlarini ham e‘tirof etgandi.

Image copyright AP

Prezident Vladimir Putin esa, yaqindagina jahon neft bozoridagi ahvolga G‘arbdagi "fitnachi kuchlar"ni ayblab chiqqandi.

Ammo Rossiya rahbari neft narxining tushishi mamlakati iqtisodiyotiga ziyon yetkazishini tan olsa-da, buning “halokatli bo‘lmasligi”ni ta‘kidlagandi.

Ta‘kidlash joiz, barcha shu voqealarning manzarasida ham rasmiy Kreml, baribir, jahon bozorida neft narxining barqarorlashishiga umid qilmoqda.

Rossiya rubli keskin qadrsizlanishining oqibatlari esa, butun Markaziy Osiyo bo‘ylab ham yaxshigina sezilayotgani aytiladi.

Chunki aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi Rossiyadan kelayotgan pul o‘tkazmalari va import mahsulotlariga qaram.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya rubli ortidan allaqachon mahalliy pul birliklari ham o‘z qadrini yo‘qota boshlagan.

Bu esa, o‘z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlarida keng iste‘moldagi import mahsulotlari narxlarining qimmatlashishiga sabab bo‘lgan.

Xuddi shu manzarada mintaqaviy tahlilchilarning birdek e‘tirof etishlaricha, Rossiya iqtisodi orqaga ketishining ta‘siri Markaziy Osiyoga uzoq muddatli bo‘ladi.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002