Nega ayrim arablar Shariatga qarshi?

Image copyright BBC World Service

Shu kunlarda ayrim ijtimoiy muloqot tarmoqlarida xuddi shu ruhdagi bahsu munozaralar qizib bormoqda: Shariatni joriy etishdan voz kechishga oid da‘vatlar ham yangramoqda.

Shariat qonunlariga til tekkizish aksariyat musulmon mamlakatlarida anchayin qaltis ish sanaladi.

Biroq "why we reject implementing Sharia" heshtegi "Twitter"da bir kecha-kunduzning o‘zida 5.000 foydalanuvchi tomonidan qo‘llanilibdi.

Xuddi shu mazmundagi bahsu munozaralarning o‘zi esa, yana Saudiya Arabistoni va Misrda qizib borayotgan ekan.

Gapni-gapga ulayotgan asosiy mavzu: Shariat qonunlarining qanchalik arab davlatlari ehtiyojlari va zamonaviy qonunchilik tizimlariga mos kelishi-kelmasligi haqida.

"Why we reject implementing Sharia" ("nega biz Shariatning joriy etilishiga qarshimiz") heshtegini hozir Shveytsariyada istiqomat qiluvchi asli misrlik doktor Aliya Gad boshlab bergan.

Aliya xonimning BBCga aytishicha, "dinning o‘ziga hech bir qarshiligi yo‘q".

"Ammo men dindan siyosiy tizim sifatida foydalanishlarini yoqlamayman", - deydi u.

Radikal ruhdagi musulmonlar adliya tizimlarini Shariat tamoyillariga mos ravishda isloh qilishga da‘vat etishadi.

Ayrimlari esa, xuddi shu qonun-qoidalar asosida, qattiq jazo choralarining joriy etilishini xohlashadi.

Aliya xonim esa, ba‘zi bir yoshlarning fikrlari bu qadar radikallashib borayotganidan xavotirda ekanini aytadi.

Image copyright BBC World Service

"Hozir, qayoqqa qaramang, "Islomiy Davlat"ning ham ruhan va ham jismonan yoyilib borayotganiga guvoh bo‘lasiz", - deydi u.

Aliya xonim o‘zining twitlaridan birida bir xil jinoyat sodir etgan shaxslarning Shariat va g‘arbona qonunlar asosida qanday jazolanishlarini taqqoslab, bahsu munozaraga yanada turtki beradi.

Shundan so‘ng, arablaru musulmonlar nega Shariatdan voz kechishlari lozimligiga oid da‘volarini birma-bir keltirgancha, bu onlayn-muloqotga qo‘shilib ketganlarning soni ham oz bo‘lmaydi.

"Chunki uning adolat va tenglikni ta‘minlaganiga oid biror bir ijobiy misol yo‘q", - deyiladi bunday twitlarning birida.

"Mana, Islomiy Davlat, Somali va Afg‘onistonda joriy etishdi. Oqibatini esa, ko‘rib turibmiz", - deydi boshqasi.

Bu bahsu munozaraga asli saudiya arabistonilik, ammo hozir G‘arb davlatlarida istiqomat qiluvchi ayrim saudiyaliklar ham qo‘shilishgan.

"Biz Saudiya Arabistonida Shariat qonunlarini joriy etishga urinib ko‘rdik. Xuddi shu bois ham diniy boshqaruvning "achchiq ta‘mi" bizga bevosita tanish", - deb twit qilgan ularning biri Kaliforniyadan.

"Shariatga amal qilish bilan biz noinsoniy qonunlarga rioya qilamiz. Saudiya Arabistoni Shariat qonun-qoidalari asosida qatl etilganlarning qonlariga botib ketgan", - deb yozadi saudiyalik boshqa bir ayol.

Ammo onlayn-bahsga qo‘shilgan aksariyat bu qadar tanqidiy fikr bildirishdan anchayin yiroq bo‘lishgan.

Bu kabi "Twitter" foydalanuvchilarining aytishlaricha, muammo Shariat qonun-qoidalarida emas, uning yanglish tushunilib, noto‘g‘ri talqin etilishida.

"Shariatning hech bir yanglish yeri yo‘q. Hamma gap biz uni qanday qo‘llashimizda", - deydi hozir Bahraynda yashovchi misrliklardan biri.

Image copyright BBC World Service

Boshqa bir misrlik esa, "Shariatni har kim har xil tushunadi. Deylik, "Musulmon birodarlari" uni o‘zicha talqin etadi, Salafiylar o‘zicha, "Islomiy Davlat", "Boko Haram" va yana "al-Qoida", - deya twit qilgan.

Onlayn-munozaraning boshqa ishtirokchilari esa, heshtegning o‘zini haqoratomuz, deb topishgan.

Uni boshlab bergan doktor Gadni "dahriy"likda ayblashgan.

Birovi, "Siz hamjinsbozlik, spirtli ichimliklar va zino tarafdori bo‘lganingiz uchun ham, Shariatni istamaysiz", - deya sharh qoldirgan.

Jinsiy mavzular va salomatlik mavzusidagi bahslari bilan YouTubeda ancha tanilib qolgan doktor Gad esa, o‘zi boshlab bergan munozaralarga bildirilayotgan bu kabi fikrlarga ko‘nikib qolganini aytadi.

Aliya xonimning ta‘kidlashicha, o‘z fikrini erkin izhor etish huquqini qadrlagani, Misrda qolgan do‘stlari bundayin imkoniyatdan mosuvo ekanliklari bois, bu heshtegni qo‘llashni boshlagan.

"Agar, men Misrda bo‘lganimda, bu kabi jasoratning yarmiga ham ega bo‘lmasdim", - deydi u BBC bilan suhbatida.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002