HRW: "AQSh O‘zbekistonga qarshi sanktsiyalar kiritishga tayyor bo‘lishi kerak"

AQSh ma‘muriyati 1 va 2 dekabrda bo‘lib o‘tadigan ikki-taraflama muzokaralarda O‘zbekistondagi abgor inson huquqlari masalasini ko‘tarishi kerak va, agar zudlik bilan aniq o‘zrishlar qilinmasa, unga qarshi qattiqqo‘l choralar ko‘rishi kerak.

Qarorgohi AQShda joylashgan Human Rights Watch tashkiloti "AQSh-O‘zbekiston yillik ikki-taraflama maslahatlashuvi" arafasida ana shunday chaqiriq bilan chiqqan.

Tashkilotga ko‘ra, AQShning o‘ta qattiqqo‘l munosabatigina O‘zbekistonda davom etayotgan repressiyalarni to‘xtatishga yordam berishi mumkin.

"O‘zbek rasmiylariga aniq aytish kerakki, ularning hukumati davom ettirayotgan repressiyalar jazo choralariga yetaklashi mumkin", - dedi HRWning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov.

AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida har yili bo‘lib o‘tadigan maslahatlashuv ikki hukumat o‘rtasidagi eng yuqori darajali uchrashuvlardan biridir.

Toshkentda bo‘lib o‘tadigan bu sammitga AQSh Davlat Kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha muovini Nisha Bisval va O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov raisdoshlik qiladilar.

HRW chiqargan bayonotda aytilishicha, O‘zbekiston hukumati so‘z erkinligining har qanday ko‘rinishi, siyosiy muxolifat, mustaqil matbuot, mustaqil kasaba uyushmalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari, hamda diniy erkinlikni bo‘g‘ishda davom etmoqda.

Guruh AQSh hukumatini O‘zbekistondagi abgor inson haqlari ahvoliga javobgar bo‘lgan mulozimlarga qarshi viza cheklovlari va bank hisoblarining muzlatilishi kabi jiddiy jazo choralarini qo‘llashga tayyor bo‘lishga chaqiradi.

AQSh Davlat departamenti har yili chop qiladigan hisobotda O‘zbekistonda inson huquqlari keng ko‘lamda buzilishi tan olinadi, biroq, HRWga ko‘ra, AQSh ma‘muriyati konkret choralar ko‘rishdan sahna ortida muloqort olib borish taktikasini afzal ko‘rib kelmoqda.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002