Misr: Muborak oqlanishidan norozilar ko‘chalarga chiqishdi

Misrning sobiq prezidenti Husni Muborakga nisbatan uch yil avvalgi g‘alayon chog‘ida tinch namoyishchilarni o‘ldirish aybi bekor qilinar ekan, yuzlab g‘azabnok misrliklar ko‘chalarga chiqqanlar.

2011 yilgi inqilobning tug‘ilgan joyi deb bilingan Qohiradagi Tahrir maydoniga 2 ming nafarcha odam yig‘ilgan. Politsiya ularga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gazni ishga solgan va to‘qnashuvlarda kamida bir kishi halok bo‘lgani aytiladi.

Muborak janoblari avvalroq umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingandi, biroq qayta ochilgan mahkama uni oqladi.

Image copyright AP

Qaror ortidan televideniye orqali gapirgan Muborak "hech noto‘g‘ri ish" qilmaganini aydi.

86 yoshli sobiq prezident davlat pullarini talon-taroj qilish aybi bilan uch yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.

Tahrir maydonida bo‘lib o‘tgan namoyish avvalgilariga qaraganda kichikroq edi, biroq muxbirimizga ko‘ra, u ramziy jihatdan muhim edi.

Maydonga ham liberallar, va ham islomchilar yig‘ilishgan va ozodlik chaqiriqlari yangragan.

Image copyright EPA

Muxbirimiz Orla Gerinning aytishicha, maydonga yetib kelgan politsiya ko‘zni yoshlantiruvchi gazni qo‘llab olomonni sarosimga solib qo‘ydi. O‘q ovozlari ham eshitilgan.

Misrning harbiy hukumati ruxsatsiz namoyishlar o‘tkazilishi ta‘qiqlab qo‘ygan.

Muborak hozirda harbiy kasalxonada qolmoqda. U yana bir necha oydan so‘ng ozodlikka chiqishi kutiladi.

Sobiq prezident 2011 yil 11 fevralda iste‘foga chiqqandi, biroq shu sanaga yetaklagan bir necha haftalik g‘alayonlarda kamida 800 kishi xavfsizlik qo‘shinlari tomonidan o‘ldirilgan.

Halok bo‘lgan namoyishchilarning oilalari mahkamaning oxirgi qarorini eshitib g‘azab otiga minganlar.

"Qashshoqlar uchun hech qanday adolat yo‘q. Mana sizga Muborakning qonuni", - dedi Aleksandriyadagi namoyishlarda o‘g‘li Muhammaddan ayrilgan Ramazon Ahmad.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002