Yangi vebsaytlar O‘zbek OAVlarini sal jonlantirdi

Image copyright AP

O‘zbekistonda kuchli nazorat ostida ishlaydigan ommaviy axborot vositalarida ozgina ko‘zga tashlanadigan o‘zgarishlar ro‘y berganday.

Bu kabi ijobiy o‘zgarishlar yangi websaytlarning vujudga kelishi bilan izohlanadi. Ular internet foydalanuvchilari orasida ommabop bo‘lmoqda. Mazkur websaytlar o‘zining uslubi va mazmuni jihatidan boshqalardan ajralib turadi.

G‘arb standartlari bo‘yicha, ushbu yangi o‘zbek saytlari unchalik oshkora bo‘lmasligi mumkin, lekin shunday bo‘lgan taqdirda ham, ular davlat tomonidan nazorat qilinadigan OAVlardan ancha farq qiladi.

Ular davlat televideniyesi va gazetalari bermaydigan xabarlarni yoritib bormoqda.

Jumladan, mazkur saytlar sobiq SSSR mamlakatlarida ro‘y bergan ijtimoiy norozilik chiqishlarini, viloyatlardagi elektr va energiya yetishmovchiliklarini, narx-navoning oshishi, hamda migratsiya muammolarini ko‘tarmoqda.

Ularning yozish uslubida rasmiy OAVdagi kabi balandparvoz iboralar mavjud emas. Ular o‘quvchiga tushunarli, aniq va qisqa xabarlarni yetkazishga intiladi. Ularning yana bir jihati shundan iborat-ki, mazkur saytlar ommabop ijtimoiy tarmoqlar bilan integratsiya qilingan. Bu esa smartfonlardan foydalanadigan yoshlar uchun juda qulaydir.

Cheklovlar

Ba‘zi masalalarda OAVga qo‘yilgan cheklovlarni aylanib o‘tishga imkon topganiga qaramay, ushbu saytlar xukumatni yoki uning siyosatini ochiqchasiga tanqid qilmaydi. Ular odatda chet el ommaviy axborot vositalari tomonidan chop etilgan xabarlarni tarjima qilish bilan kifoyalanadi. Shunday bulsa-da, shuning uzi ham o‘zbek tilida so‘zlashuvchi aholi uchun muhim rol uynaydi. Sababi, bu yo‘l bilan mahalliy aholi rasmiy OAVning e‘tiboridan chetda qoladigan "nozik masaladagi" xabarlarni o‘qish imkoniga ega bo‘lmoqda.

So‘ngi yillarda ochilgan Anhor.uz, uz24.uz, Kun.uz, Daryo.uz, Podrobno.uz, Gazeta.uz va 12news.uz saytlari O‘zbekiston AOV maydonida o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Biroq mazkur websaytlarning asl egasi yoki ularning orqasida kim turganligi ochiqlanmaydi.

O‘zbekistonning rasmiy OAV o‘zining balandparvoz iboralarni ishlatishi va hukumatparastligi uchun tanqid ostiga olinadi. Qolaversa, rasmiy OAV aholiga haqiqatdan ham muhim bo‘lgan yangiliklarni yoritmasligi hech kimga sir emas. Masalan, rasmiy OAV Ukraina bo‘hronini yoritmagan bo‘lsa, aksincha mazkur saytlar uni yoritib bordi. Unga aloqador deyarli barcha xabarlar chet el OAVlaridan olingan bo‘lsa-da, bu xabarlar o‘zbek tilida so‘zlashuvchi mahalliy aholi uchun Ukraina bo‘hroni xaqidagi yagona manba bo‘ldi.

Ularning yana bir ko‘zga tashlanadigan joyi shuki, ular uzun va zerikarli tekstning o‘rniga yoki "nozik masalalarda" xabar berishni o‘zgacha uslubini qo‘llashadi: masalan shakar va benzin tanqisligi haqidagi xabarlarda, uzun navbatlar suratini chop etishdi. Inflyatsiya haqida so‘z borganda, dasta-dasta so‘mning rasmini yoki mashina olishga navbatdagilarning qoplab pul ko‘tarib turganining rasmini ilova qilishdi. Ularning sarlavhaga yondoshishi ham davlat OAVinikidan ancha farq qiladi, ya‘ni sarlavhalari qisqa va aniq.

Shunday bo‘lsa-da, ularning ishlash uslubi odatda boshqa saytlarni monitoring qilish yo‘li bilan olingan xabarni tarjima qilishdan iborat. Ushbu saytlarning ko‘pgina qismida o‘zlarining Facebook, Odnoklassniki.ru, va Twitter sahifalari mavjud bo‘lib, mahalliy standartlar bo‘yicha olib qaraganda, ular bahslar uchun ancha katta platforma yaratadi.

Bu kabi faollikning oqibati nimaga olib kelishi mumkin?

Axborotga chanqoq aholi shu vaqtga qadar asosan ko‘cha-ko‘yda eshitgan gap-so‘zlar bilan kifoyalanardilar. Yoki imkoni borlari muxolifat/chet el OAVlaridan so‘ngi yangiliklardan xabar topardi. Endi esa, ularga ma‘lum darajada "filtrlangan xabarlarni" o‘qish imkoni berildi.

Buni qanday izohlasa bo‘ladi, balki bu kelayotgan parlament va prezident saylovlari oldidan qilinayotgan "ko‘z bo‘yamachilik"dan boshka narsa emasdir? Yoki bo‘lmasa, buning orkasida muxolifat yo-da chet el OAVlarini o‘kigandan ko‘ra, nazorat ostida beriladigan xabarlarni yetkazib turish yotadi?

Nima bo‘lgan takdirda ham, ba‘zi kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, o‘z saytlarini yopishga majbur bo‘lgan Zerkalo XXI, Novosti Uzbekistana Olam.uz, Mezon.uz va Segodnya.uz saytlarning taqdiri kutmoqda.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002