Bag‘dodiyning hibsga olingan xotini qimmatli muzokara nuqtasi

Image copyright Getty

Xabarlarga ko‘ra, Livanda Iroq va Suriya hududlarida o‘z islomiy xalifaligini e‘lon qilgan Abu Bakr al-Bag‘dodiy xotinlaridan biri va o‘g‘lini hibsga olingan.

Hodisa Suriya va Livan chegarasida yuz bergan. Aytilishicha, askarlar qo‘lga olishgan paytda ikkovlon Suriyadan Livanga kesib o‘tmoqchi bo‘lishgan. Mahalliy matbuotning yozishicha, Bag‘dodiyning ayoli allaqachon Livan armiyasi qarorgohida tergov ham qilingan.

Bag‘dodiyning turmush o‘rtog‘i hibsga olinganligi haqida ilk xabar bergan Livan ro‘znomasi al-Safir maqolaga "Livan armiyasining qimmatli ovi" deya sarlavha bergan.

Unda aytilishicha, xorij josuslik xizmatlari bilan hamkorlikda armiya Bag‘dodiy xotinlaridan biri va o‘g‘lini Suriyadan Livanga chegara osha qalbaki hujjatlar yordamida kirib kelishga harkat qilgan vaqti qo‘lga olganlar.

Xabar berilishicha, hozirda ularni mudofaa vazirligining so‘roq markazida ushlab turibdilar.

Harbiy rasmiylar bu xabarni tasdiqlamaganlar, lekin agarda bu xabar rost bo‘lsa, Bag‘dodiyning rafiqasi va o‘g‘li Livan atrofida vujudga kelgan o‘ta nozik o‘yinning bir qismiga aylanib qolishlari mumkin.

Image copyright

Islomiy davlat va yana bir islomiy jangari guruh Nusra Jabhasi 20ga yaqin o‘g‘irlab ketilgan Livan armiyasi askarlarini garovda ushlab turibdilar.

Agarda Livan hukumati qamoqdagi jangarilarni ozod qilmasa ularni o‘ldirish bilan po‘pisa qilganlar.

Ana shu boradagi oldi-berdida endilikda Bag‘dodiy rafiqasi va o‘g‘li qimmatli muzokara nuqtasi bo‘lishlari mumkin.

Bag‘dodiy o‘tgan iyun oyida Islomiy Davlat tashkiloti rahbari sifatida taqdim qilingandi.

Tashkilot Suriya va Iroqning ba‘zi qismlarida Xalifalik e‘lon qilgan.

Image copyright n

O‘tgan oyda Bag‘dodiyning o‘zi Amerika havo hujumi oqibatida o‘ldirildi, yoki jarohatlandi, degan xabarlar tarqagandi, lekin keyinchalik "Islomiy davlat" bu xabarni rad etib, Bag‘dodiy ovozi yozilgan tasmani taqdim etgandi.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002