General Do‘stum: "Tolibon vaziyatdan foydalanmoqda"

Qo‘shni Afg‘oniston vitse-prezidentining aytishicha, so‘nggi oylarda butun mamlakat bo‘ylab kuzatilayotgan kunda-shundalik hujumlarga yangi hukumat tarkibining hanuz noma‘lum qolayotgani sabab bo‘lmoqda.

"Xuddi shu bois ham, biz hozir na-da xalq va na-da millatga xizmat qilishga imkonlimiz. Afg‘onistonda xavfsizlikni ta‘minlash yo‘lida ham hech narsa qilolmay o‘tiribmiz", - deb aytgan Abdulrashid Do‘stum janoblari.

Janob Do‘stum bu haqda o‘tgan hafta o‘zining BBCga bergan ilk suhbati chog‘ida bayon qilgan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Afg‘onistonda yangi milliy birdamlik hukumati qudratga kelgan o‘tgan ikki oy ichida Tolibon harakati o‘z hujumlari sonini keskin oshirgan:

O‘zining doimiy jang jabhasi bo‘lib kelgan janubiy va janubiy-sharqiy viloyatlar qolib, O‘zbekistonning shundoq biqinidagi shimoliy mintaqalarda ham qayta faollashishning uddasidan chiqqan.

Ayniqsa, katta sondagi xorijiy ittifoq qo‘shinlari va ular tomonidan tayyorlangan afg‘on xavfsizlik kuchlari hozir bo‘lgan poytaxt Kobulni, agar ta‘bir joiz bo‘lsa, so‘nggi haftalarda o‘zining yangi "jang jabhasi"ga aylantirgan.

Kobul o‘tgan ikki hafta davomida deyarli har kuni isyonchilarning qonli hujumlariga sahna bo‘lmoqda.

Ham mahalliy va ham xalqaro kuzatuvchilarning birdek e‘tirof etishlaricha, Afg‘onistonning eng tinch hududi, deb ko‘rilgan poytaxt Kobul mamlakatda Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yildan buyon bu kabi zo‘ravonliklarga sahna bo‘lmagan.

Ular aynan poytaxt Kobuldagi bu kabi holat katta sondagi xalqaro ittifoq qo‘shinlari o‘zlarining ommaviy safarbarliklarini yakunlab qolgan bir yilda Afg‘onistondagi vaziyatni izdan chiqarib yuborishi mumkinligidan xavotirdalar.

Agar, ayrim raqamlarga tayanilsa, o‘tgan yilgisi bilan taqqoslanganda, Kobulda isyonchilarning hujumlari qariyb ikki yarim barobariga ortgan.

O‘zbek generaliga ko‘ra esa, "toliblar yangi hukumatning taqdiri bilan bog‘liq mavhum vaziyatdan foydalanishmoqda. Xudkushlik hujumlariga zo‘r berishmoqda, portlashlar va terrorchilik amallariga qo‘l urishmoqda".

Yangi hukumat

Image copyright AFP

Afg‘onistonda yarim yillik saylov bo‘hroni ortidan, shu yil sentyabr oyi oxirida yangi milliy birdamlik hukumati iqtidorga kelgan, ammo o‘zlariga berilgan 45 kun muhlat ichida yangi hukumatni tashkil qilishning uddasidan chiqa olmagan.

Kuni-kecha Afg‘onistonning yangi prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani va ijroiy rais doktor Abdulla Abdullalarning bu xususda bir to‘xtamga kelganliklari ham ma‘lum qilingan.

Ammo buning ortidan poytaxt Kobulda bergan rasmiy matbuot anjumanida janob G‘ani yangi hukumat tarkibining e‘lon qilinishi uchun yana ikki-uch hafta muhlat lozim bo‘lishini bayon qilgan.

Janob Do‘stumning aytishicha esa, xuddi shu manzarada "Afg‘onistonda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat poytaxt Kobul qolib, mamlakatning boshqa viloyatlarida ham yomonlashgan".

Afg‘oniston vitse-prezidentining so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, yangi hukumat tarkibi yuzasidan prezident va ijroiy rais orasidagi asosiy tortishuvlar ham aynan mamlakat xavfsizligiga mas‘ul vazirliklar ustida ketayotgan bo‘lgan.

"Mudofaa, Ichki ishlar vazirlari tayin etilishi kerak. Bu vazirliklar xavfsizlik kengashiga Afg‘oniston bo‘ylab kechayotgan zo‘ravonliklar yuzasidan hisob berishlari lozim. Josuslik Xizmati rahbari tayin etilsin. Mana, London anjumaniga borishi kerak, Moliya vaziri belgilansin. Agar, bu ish amalga oshmasa, bo‘lmaydi. Chunki xalqaro hamjamiyatning yordamisiz biz hech ish qilolmaymiz", - deb aytgan janob Abdulrashid Do‘stum.

BBC muxbirining, "Siz Afg‘onistondagi yirik "Milliy Islomiy Uyg‘onish" partiyasining rahbarisiz. Shunday ekan, sizning tarafdorlaringiz ham o‘zlariga yangi hukumat tarkibidan o‘rin berilishini istashadi. Agar, sir bo‘lmasa, siz o‘zingiz nechta vazirlik o‘rniga ko‘z tikayapsiz?", - degan savolga esa, janob Do‘stum, "Men bu xususda bir ro‘yxat berganman. To‘g‘ri, biz bir partiyaning rahbarimiz. Tarafdorlarimiz ham bor. Ammo hamma narsaga ko‘z tikayotganimiz yo‘q. Oddiy qilib aytganda, o‘z haqqimizga rozimiz", - deb javob bergan.

Afg‘onistonda zo‘ravonliklar kuchaygan va yangi hukumat tarkibi rasman e‘lon qilinmagan bir manzarada Afg‘oniston prezidenti va ijroiy raisi boshchiligidagi hay‘at Natoning sammitida ishtirok etish uchun kecha dushanba kuni Bryusselga jo‘nab ketgan.

Bryusseldagi yig‘in chog‘ida harbiy ittifoqning Afg‘onistondagi yangi vazifasi qanday bo‘lishi masalasi ham muhokama etiladi.

Zo‘ravonliklar

Image copyright AP

Afg‘onistonning Amerikada tahsil olgan yangi prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani siyosiy doiralarda anchayin g‘arbparast, deb ko‘riladi.

Tolibon harakati esa, bu yilgi prezidentlik saylovlaridan tortib, yangi milliy birdamlik hukumatini ham tan olmasligini bayon qilgan.

Ularga qarshi o‘z hujumlarini davom etdirishga va‘da bergan.

Harakatning o‘zi esa, yarim yillik saylov bo‘hroni sabab, yanada kuchayishga muvaffaq bo‘lgan.

Ustiga ustak, janob G‘ani iqtidorga kelishi ortidanoq, rasmiy Vashington bilan sobiq hamkasbi Homid Karzay qariyb bir yilcha ortga surib kelgan muhim xavfsizlik bitimini ham imzolagan.

Shu kunlarda ushbu kelishuv Afg‘oniston parlamentining har ikki palatasi va prezident G‘ani tomonidan yana bir bor rasman tasdiqdan o‘tgan.

Yangi xavfsizlik bitimi Afg‘onistonda bu yilgi ommaviy safarbarlik ortidan ham, o‘n mingdan ortiq xorij askari va ular qator harbiy bazalarining qolishiga qonunan izn beradi.

Boshqa tomondan, agar Amerika matbuoti xabarlariga tayanilsa, prezident Barak Obama Afg‘onistondagi AQSh harbiylarining vakolatini kengaytirgan.

Ularning toliblarga qarshi jang olib borishlariga ham izn bergan, isyonchilarga qarshi kurashlarida afg‘on xavfsizlik kuchlarini havodan turib dastaklashga ham va‘da qilgan.

Afg‘oniston Tolibon harakati esa, o‘tgan 13 yil davomida afg‘on tuprog‘ida biror bir chet el askari bo‘lishiga keskin qarshi ekanini oshkora bayon etib keladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi ikki voqe‘lik ham toliblarning jig‘iga tegmay qolmagan.

Sulhu madora

Image copyright EPA

Qudratli o‘zbek generali Afg‘oniston yangi prezidentining 1-muovini sifatida shu yil sentyabr oyida bayon qilgan ilk so‘zlarida, "Tolibon bilan muloqotga tayyor" ekanligini bildirgandi.

Prezident saroyida so‘zlarkan, janob Do‘stum Afg‘onistonni hozirgi vaziyatdan qutqarish lozimligini ta‘kidlagandi.

Afg‘onistonning yangi milliy birdamlik hukumati ham, hozircha, afg‘on tuprog‘ida jang olib borayotgan barcha qurolli guruhlarga nisbatan birlamchi siyosatlari sulhu madora bo‘lishi mavqeida qolayotir.

Iqtidorga kelganiga bor-yo‘g‘i ikki oy bo‘lganiga qaramay, prezident G‘ani xuddi shu maqsadda allaqachon Saudiya Arabistoni, Xitoy va Pokistonga ham safar qilib ulgurgan.

Tolibon harakati bilan muzokaralarida birining g‘oyaviy, boshqasining moliviy va yana birining iqtisodiy ta‘siri katta bo‘lgan bu har uch davlatning qo‘llovini ham qo‘lga kiritgan.

Ammo, ta‘kidlash joiz, o‘tgan 13 yil badalida harakat bilan turli darajada tinchlik muzokaralari olib borish urinishlari deyarli samara bermagan.

Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umar afg‘on tuprog‘ida xorijiy askar bo‘lar ekan, muloqotlarga bormasligini ta‘kidlab keladi.

Ammo yaqinda Natoning Afg‘oniston taqdiriga bag‘ishlangan Uels sammiti arafasida harakat xos bayonot bilan chiqib, sulhu madora istagida ekaniga ishora qilgandi.

Sobiq kommunist va afg‘on o‘zbeklari yetakchisi ham sanalgan Abdulrashid Do‘stum esa, bungacha uzoq yillar Tolibonga qarshi urishib kelgan.

General Do‘stumning kuchlari xalqaro ittifoq kuchlarining dastagi bilan 2001 yilda Afg‘onistonda Tolibon tuzumini qulatishda ham muhim o‘rin tutgan.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra esa, Tolibon muammosiga yakuniy yechim topishda birgina muzokaralar yo‘li ish bermaydi va kun tartibida harbiy tanlov ham saqlab qolinmog‘i lozim.

Kecha dushanba kuni poytaxt Kobulda yig‘ilgan 200 dan ortiq diniy ulamolar ham yangi afg‘on hukumatini Tolibonga nisbatan qattiqqo‘l siyosat olib borishga da‘vat etishgan.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002