Rubl yana tushdi, Rossiya iqtisodi retsessiyaga yuz tutmoqda

Rossiya Markaziy Banki 10 noyabrdan buyon birinchi marta rublning qiymatini ushlab turish uchun mudoxala qilgani ma‘lum bo‘lgan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, dushanba kuni Markaziy Bank valyuta bozorida 700 million AQSh dollarini sotgan.

Shu kuni dollar va yevroning kursi 3-4 rublga "sakragani" kuzatilgan.

Markaziy Bank "moliyaviy beqarorlikka tahdid yuzaga kelgani taqdirda" interventsiya qilish huquqini saqlab qolishini aytmoqda.

1 dekabr kuni Moskva birjasida 1 dollar 54 rublga yaqinlashgan, yevro esa 67 rubldan oshgan. Kunning ikkichi yarmida esa rubl birdaniga ko‘tarilgan va 1 dollar 52,19 rubl, yevro esa 65,23 ga tushgan.

Ammo oradan bir kun o‘tib, 2 dekabr kuni rublning tushishi yana davom etgan.

Chorshanba kuni Moskva vaqti bilan ertalab soat 10 holatiga Moskva birjasida 1 dollar 54,66 rubl, 1 yevro esa 67,76 rublga sotilgan.

Ayni paytda chorshanba kuni xom neft narxi 35 tsentga ko‘tarilib, barreliga 70,89 dollarni tashkil etgan.

Rublning tushishi 27 noyabr kuni neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti - OPEK jahonda neft narxi tushayotganiga qaramay, ishlab chiqarishni kamaytirmaslikka qaror qiilish ortidan tezlashgandi.

Kuniga 30 million barrellik joriy kvota kamida yana yarim yil saqlanib turishi kutilmoqda.

Retsessiya

Seshanba kuni Rossiya hukumati kelasi yil mamlakat iqtisodi retsessiyaga yuz tutishi haqida ogohlantirgan.

Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vazirligining bashorat qilishicha, kelasi yil Yalpi ichki mahsulot bor-yo‘g‘i 0.8% ga o‘sishi kutiladi.

Bundan avvalgi bashorat 1.2 foiz edi.

Vazirlik shuningdek, aholi daromadlarining kamayishi va inflyatsiyaning ortishini ham aytgan.

Vazir o‘rinbosari Aleksey Vedevga ko‘ra, bunga g‘arbning jazo choralari va sarmoyadorlarning ikkilanishlari sabab.

Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, 2016 yilga kelib, Rossiya iqtisodining yana o‘sa boshlashi kutiladi.

Janob Vedevning aytishicha, Rossiya iqtisodidagi muammolar faqat tushib borayotgan neft narxlari-yu jazo choralari bilangina bog‘liq emas.

Unga ko‘ra, mamlakat iqtisodidagi tuzilmaviy muammolar ham hozirgi tushishga hissa qo‘shmoqda.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002