Transparency International: O‘zbekiston korruptsiya botqog‘idan chiqa olmayapti

Image caption Huquq-tartibot idoralari eng korruptsiyalashgan tizim sifatida ko‘riladi

Jahonda korruptsiya darajasini o‘rganuvchi Transparency International tashkilotining bu yilgi indeksi O‘zbekiston korruptsiya botqog‘idan chiqa olmayotganini ko‘rsatgan.

Tashkilotga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoda korruptsiya ildiz otgan 10 davlatdan biri sifatida qolmoqda.

175 davlatdagi korruptsiya darajasini o‘rgangan tashkilot indeksida O‘zbekiston 166-o‘rinni egallagan.

Korruptsiya darajasini 0 dan 100 gacha bo‘lgan shkalada baholaydigan Transparency International O‘zbekistonga 18 ball bergan.

Bu o‘tgan yilgidan bir ball ko‘p degani, ammo davlatlar soniga nisbatan ayni o‘rindir.

Bu yilgi indeks amalda O‘zbekistonda korruptsiyaga doir vaziyat o‘zgarishsiz qolayotganini anglatadi.

Mintaqada O‘zbekistondagidan ham yomonroq vaziyat faqat Turkmanistonda.

Qozog‘iston 126, Qirg‘iziston 136, Tojikiston esa 152-o‘rinni egallagan.

Transparency International ning qayd etishicha, O‘zbekiston mansub bo‘lgan "Sharqiy Ovro‘po va Markaziy Osiyo" mintaqasida o‘rtacha ko‘rsatkich 33 ballni tashkil etadi.

Tashkilot mintaqada eng yaxshi vaziyat Gurjistonda, eng yomoni esa Turkmanistonda ekanini qayd etgan.

Rossiya korruptsiya darajasi bo‘yicha bu yil 9 o‘rin pastlab, 136 o‘rinni egallagan.

Korruptsiya bo‘yicha dunyoda eng yaxshi vaziyat Daniya, Yangi Zelandiya va Finlandiyadadir.

Bu yilgi ro‘yxat Transparency International tashkilotining yigirmanchi indeksi.

Tashkilot o‘z indeksini ekspertlarning baholari va boshqa tashkilotlar taqdim etgan ko‘rsatkichlarga tayangan holda tuzadi.

Korruptsiyaga botgan

O‘zbekiston tashkilotning yillik ro‘yxatlarida hamisha eng quyi o‘rinlarni egallab kelgan.

Transparency International ekspertlari O‘zbekiston hukumatini korruptsiyaga qarshi hech qanday chora ko‘rmayotgani uchun tanqid qilib keladilar.

Har yili Bosh prokuratura poraxo‘rlik va korruptsiyada ayblangan o‘nlab mansabdor shaxslarning jazoga tortilgani haqidagi hisobotlarni e‘lon qilib keladi, ammo tahlilchilarga ko‘ra, bu choralarni korruptsiyaga qarshi kurash deb atash qiyin.

Maoshlarning kamligi, boshqaruvning shaffof emasligi, mustaqil sud tizimi hamda erkin matbuotning yo‘qligi mamlakatda korruptsiyaning ildiz otishiga sabab bo‘lgan.

Ekspertlarga ko‘ra, korruptsiyaga qarshi kurashuvchi huquq-tartibot idoralarining o‘zi korruptsiya botqog‘iga botib ketgani muammoni yanada chigallashtiradi.

Ijtimoiy sohalar, jumladan, ta‘lim va sog‘liq tizimi ham poraxo‘rlik va korruptsiya eng rivojlangan sohalar sifatida tilga olinadi.

2012 yilda o‘zbek telekommunikatsiya sohasidagi kelishuvlarga doir Ovro‘poda boshlangan va hanuz davom etayotgan tekshiruvlar bois O‘zbekistondagi korruptsiya xalqaro tergov mavzusiga ham aylangan.

Ovro‘po matbuotiga ko‘ra, korruptsiya mojarosiga Prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning aralashgani O‘zbekistonda ushbu muammoning qanchalik ildiz otganini ko‘rsatadi.

O‘zbek matbuoti xalqaro korruptsiya mojarolarini yoritmagan va hukumat mulozimlari ham bu tergovlar yuzasidan hech qanday izoh bermaganlar.

Gulnora Karimovaga yaqin shaxslar ustidan tergov va mahkama esa O‘zbekistonning ichkarisida ham, tashqarisida ham korruptsiyaga qarshi emas, balki mamlakatda boshlanib ketgan siyosiy hokimiyat uchun kurashlarning bir qismi sifatida talqin etiladi.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002