"Yangi temir yo‘ldan butun Markaziy Osiyo mintaqasi foyda ko‘radi"

Image copyright AFP Getty

Turkman-Eron chegarasidagi "Oq Yayla" qishlog‘ida Fors ko‘rfazini Qozog‘iston bilan bog‘laydigan yangi temir yo‘lni foydalanishga topshirish tantanali marosimi bo‘lib o‘tgan.

Marosimda Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov qatnashganlar.

Uzunligi 925 kilometrni tashkil etadigan ushbu yangi temir yo‘ldan butun Markaziy Osiyo mintaqasi manfaat ko‘radi, deb aytgan Eron Prezidenti janob Ruhoniy.

Loyihaga "Shimol-Janub" deb nom berilgan.

"Qozog‘iston-Turkmaniston-Eron" temir yo‘lini barpo etish shartnomasini uch mamlakat rahbarlari 2007 yilda imzolagan edilar.

Qurilish ishlari 2009 yilda boshlangan.

Temir yo‘lning 140 kilometri Qozog‘istondan, 700 kilometri Turkmaniston va 85 kilometri Eron hududidan o‘tishi xabar qilinmoqda.

Loyihaga Osiyo Taraqqiyot banki va Islom Taraqqiyot banki ham hissa qo‘shganlar.

Ushbu yo‘lning loyiha quvvati yiliga 10-12 million tonna yukni olib o‘tishga mo‘ljallangan.

Tantanali ochilish marosimida Prezident Hasan Ruhoniy, Eron temir yo‘lning yuk olib o‘tish quvvatini oshirishga tayyor, deb aytgan.

Janob Ruhoniy endi temir yo‘l yonida Kaspiybo‘yi mamlakatlari yangi dengiz yo‘nalishlarini ham barpo etishlari maqsadga muvofiqligini aytgan.

BBC ushbu loyiha tarixi va ahamiyati haqida Turkmaniston masalalari bo‘yicha sharhlovchi Mekan Navro‘zovdan so‘radi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002