"Disko Mulla" nega shakkoklikda ayblanmoqda?

Image copyright BBC World Service

Agar, Pokistondan olingan xabarlarga tayanilsa, u Muhammad payg‘ambar(s.a.v) ayollaridan birini haqorat qilgan.

So‘z esa, sayyida Oysha raziyallahu anho haqida ketmoqda.

Pop yulduzidan obro‘li musulmon ulamosiga aylangan Junayd Jamshid Oysha raziyallahu anho doimo Muhammad payg‘ambar(s.a.v)ning e‘tiborlarini o‘ziga tortish harakatida bo‘lganliklarini aytarkan, hatto, bir kuni shu maqsadda o‘zlarini yolg‘ondakam xasta qilib ko‘rsatganliklarini ham iddao qilgan.

Pokistonlik ulamoning ushbu so‘zlari aks etgan videochiqishi esa, ko‘pchilikning e‘tiborini o‘ziga tortmay qo‘ymagan.

Mamlakatdagi sunniy musulmon guruhlaridan biri "Sunniy Tehrik" uni "shakkoklik"da ayblab chiqqan.

Bu kabi ayblovlar Pokistonda juda hassos sanaladi va unda aybdor, deb topilganlar, odatda, o‘lim jazosiga yuz tutishadi.

Hozir bu ishga politsiya aralashgan va rostdan ham ulamo Junayd Jamshid o‘z so‘zlari bilan "shakkoklik" qilganmi-yo‘qligini tekshirishga tushib ketgan.

Orada allaqachon yana bir videomurojaati orqali uzr so‘rashga ham ulgurgan sobiq pop yulduzining o‘zi esa, o‘ta an‘anador sunniy musulmon guruhi "Tablig‘i Jamoat"dan.

"Men o‘z xatoimni tan olaman. Ammo bu so‘zlarni qasddan aytmaganman", - deya uzrxohlik qilgan ulamo hazratlari.

Image copyright facebook

"Chin ko‘ngildan Allohdan va barcha musulmonlardan meni ma‘zur tutishlarini so‘rayman. Ishoning, men buni ataydan qilmaganman".

Islomobodda bo‘lgan muxbirimiz Shayma Xalilning aytishicha, Junayd Jamshid juda obro‘li va badavlat musulmon ulamosi bo‘lgani uchun u bilan bog‘liq hozirgi mojarolar ko‘pchilikni hayron qoldirmay qo‘ymagan.

Chunki Pokistonda "Shakkoklik to‘g‘risidagi qonun", odatda, qasd olish va yoki ozchiliklar vakillarini nishonga olish maqsadida qo‘llab kelingan.

Ammo Junayd Jamshidning ustidan rasman shikoyat arizasi bilan chiqqan "Sunniy Tehrik" guruhini bu kabi uzrxohliklar fikridan qaytara olmagan ko‘rinadi.

Guruh voizi Muhammad Mubinning BBC Urdu Xizmatiga aytishicha, "shakkoklik sodir etib bo‘linganidan keyin, bu kabi kechirim so‘rashlar qonuniy jarayonni to‘xtata olmaydi".

Diniy ulamolik yo‘lini tutmasidan avval Junayd Jamshid qo‘shiqlariyu musiqiy albomlari doimo hit bo‘lib kelgan mashhur "Vital Signs" musiqiy guruhining a‘zosi bo‘lgan.

Islomobodda bo‘lgan boshqa bir muxbirimiz Ilyos Xonning xabar berishicha, voqealarning so‘nggi rivoji manzarasida shakkoklikda ayblanayotgan musulmon ulamosi o‘zining qayerdaligi ma‘lum emas.

Karachi politsiya idorasi vakili Mahmud Abbosning aytishicha, hozir bu ish tergovchilar tomonidan tekshirilmoqda.

"Biz endi Junayd Jamshidni hibsga olishimiz lozim. Shundan so‘ng, tovon puli evaziga ozodlikka chiqadimi yoki ustidan tushgan shikoyat arizasiga norozilik bildirib, mahkamaga murojaat etadimi, bu, endi, uning o‘z ishi bo‘ladi", - deb gapiga nuqta qo‘ygan politsiya zobiti.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002