Hindistonda o‘nlab kishilar jarrohlikdan so‘ng ko‘rmay qolishdi

Hindistonning Panjob shtatida ko‘z jarrohlik amaliyotidan keyin 50 dan ortiq inson butunlay ojiz bo‘lib qolgan.

Jabrlanganlarning hammasi qashshoq oilalardan bo‘lgan keksalar ekani xabar qilinadi.

Amritsar shahri bosh jarrohining BBCga aytishicha, mijozlarning ko‘rish qobiliyatini endi qaytarishning iloji yo‘q.

Bundan bir yarim hafta oldin Gurdaspur tumanidagi shifokorlar tibbiy jamlog‘da o‘nlab mijozlarning kataraktalarini olganlar.

Image copyright RAVINDER SINGH

Hodisadan keyingi tekshiruvlarda jarrohlik amaliyotlari mahalliy hukumat ruxsatisiz, o‘ta abgor sanitariya sharoitlarida o‘tkazilgani aniqlangan.

Ayni paytda politsiya tibbiy jamlog‘ni tashkil qilgan va unda ishlagan jarrohlarni qidirmoqda.

Hindistonda tibbiy xizmatga qurbi yetmaydigan millionlab qashshoq oilalar ana shunday og‘ir sharoitlarda jarrohlik stoliga yotishga majbur bo‘ladilar.

Hindistonning Orissa shtatida ayollarni ommaviy ravishda sterelizatsiya qilish amaliyoti mobaynida ayollarning qorin bo‘shlig‘ini shishirish uchun jarroh tomonidan velosiped nasosidan foydalanganligi ma‘lum bo‘lganidan so‘ng bu sohadagi hukumat dasturi to‘xtatilgani aytilgandi.

Noyabr oyining boshida Chxattisgarx shtatida sterilizatsiya amaliyotidan so‘ng 15 ayolning vafot etishi orqasidan shifokor hibsga olingan.

Ma‘lum bo‘lishicha, atigi uch soat ichida jarroh va uning yordamchisi yaroqsiz asboblar yordamida 80 dan ortiq ayolni bichgan, har bir ayolga bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa vaqt sarflangan.

Xarobalar yaqinida omonat qurilgan tibbiy jamlog‘larda bunday fojealar tez-tez takrorlanishiga qaramasdan, hukumat ularning amal qilishini to‘xtata olmaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002