"Al-Qoida"ning xalqaro amaliyotlarga mas‘ul rahbari o‘ldirildi

Agar, pokistonlik harbiylarning so‘zlariga tayanilsa, Adnan al Shukrijuma mamlakatning Afg‘oniston bilan chegaraga yaqin shimoliy-g‘arbiy mintaqasiga uyushtirilgan reyd davomida o‘ldirilgan.

Adnan al Shukrijuma "al-Qoida" tarmog‘ining yuqori martabali qo‘mondoni bo‘lgan.

Amerika Federal Qidiruv Byurosi Adnan al Shukrijuma tarmoqning xalqaro amaliyotlariga mas‘ul shaxs bo‘lganini aytmoqda.

Byuroga ko‘ra, al-Shukrijuma melodiy 2001 yil 11 sentyabr hujumlariga bosh-qosh bo‘lganlik gumoni bilan hibsga olinib, hukm etilgan Xolid Shayx Muhammadning o‘rnini egallab turgan.

Amerika harbiylari, yillarki, uni qo‘lda olish istagida yurishgani ham aytiladi.

Ular Adnan Shukrijumani 2009 yilgi Nyu-York yerosti yo‘lida portlash uyushtirish fitnasida qo‘li borlikda ayblashadi.

Shuningdek, o‘ldirilgan qo‘mondon Britaniya va Norvegiyada ham turli hujumlarni rejalashda gumon qilingan.

Xabarlarga ko‘ra, Adnan al Shukrijuma asli saudiya arabistonlik bo‘lgan.

Ammo bir necha yil umrini Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tkazgan.

O‘ldirilgan paytda esa, Janubiy Vaziristonning Shinvarsak mintaqasida bo‘lgani aytiladi.

Xavotir

Image copyright Getty

So‘nggi paytlarda Amerika va Nato harbiylari "al-Qoida" tarmog‘i qo‘mondonlarining aynan Pokiston orqali Afg‘onistonga o‘tish harakatida yurganliklaridan jiddiy xavotir bildirib kelishadi.

AQSh tomonining bayon qilishicha, "al-Qoida" tarmog‘ining Afg‘onistondagi rahbari Faruq al-Qahtaniy al-Qatariy hozir xuddi shuning harakatida.

Ularga ko‘ra, tarmoq Afg‘onistondagi mahalliy ittifoqchilari bilan aloqalarini mustahkamlab, yangi jangarilarini tayyorlash uchun kichik sonda tajribalilarini Afg‘onistonga keltirmoqda.

Amerikalik harbiy mulozimlarga ko‘ra, xuddi shu sababdan ham, Afg‘onistonning Pokistonga chegaradosh sharqiy Ko‘nar va Nuriston viloyatlarida al-Qatariy va uning izdoshlariga qarshi dron hujumlarini kuchaytirishgan.

Tahlilchilarning aytishlaricha, Pokistondagi "al-Qoida" jangarilari xorijiy ittifoq qo‘shinlarining bu yilgi ommaviy safarbarliklari ortidan, yana Afg‘onistondan xavfsiz boshpana topish va o‘zining avvalgi qudratini qayta tiklash ilinjida.

Amerika Josuslik xizmati mulozimlari keltirgan raqamlarga tayanilsa, Afg‘onistonda "al-Qoida" tarmog‘i jangarilarining soni ortib bormoqda va hozirga kelib, bir necha yuzga yetgan.

Ularga ko‘ra, hozir ushbu jangarilar katta sondagi xorijiy ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishlarini kutib, payt poylab turishibdi.

AQSh harbiylarining aytishlaricha, agar, Afg‘onistondagi hech bo‘lmasa bitta bazalaridan dron hujumlarini davom ettirishmasa, al-Qatariy va uning jangarilari alal-oqibat o‘zlarini yana nishonga olishlari mumkin.

"al-Qoida"

Image copyright BBC World Service

Lekin harbiy ekspertlar nazdlarida tarmoq bundan 13 yil avvalgi qudratiga ega emas.

Ammo, ularning birdek e‘tirof etishlaricha, "al-Qoida"ning g‘oyasi hanuz tirik.

Shu bois ham, tarmoq solajak xavfni nazardan qochirib bo‘lmaydi. Uni daf etish ham oson bo‘lmaydi.

O‘z o‘rnida, eslatib o‘tish joiz, AQSh "al-Qoida" tarmog‘i rahbari Usama bin Lodinni 2001 yil Nyu-York va Vashingtonda uyushtirilgan hujumlarga mas‘ul, deb topgandi.

Uning o‘zini esa, Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlaridan 10 yil o‘tib, 2011 yil Pokistonda o‘ldirishga muvaffaq bo‘lgandi.

G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining 2001 yilgi ishg‘oli ortidan, Afg‘onistonda tarmoqning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Tolibon tuzumi ag‘darilgan va ularning panohi ostida bo‘lgan "al-Qoida" jangarilarining aksariyati qo‘shni Pokistondan boshpana topishgandi.

"Al-Qoida" tarmog‘iga 1988 va 1989 yillar oralig‘ida marhum Usama bin Lodin tomonidan asos solingan.

O‘z vaqtida global islomiy jangari tarmoq bo‘lgan "al-Qoida"ga hozir uning muovini Ayman az-Zavohiriy boshchilik qiladi.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002