BBC mehmoni - Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchi Jon Hezershou

Image caption "Markaziy Osiyoda musulmonlar radikallashishi bo‘rttirilgan"

BBC mehmoni Jon Hezershou - Markaziy Osiyoda musulmonlar radikallashishi bo‘rttirilgan degan xulosaga kelgan tadqiqotchilardan biridir.

Ana shu xulosa asosidagi tadqiqot shu kunlarda e‘lon qilindi.

Britaniyadagi Ekzeter (Exeter) universiteti professori Jon Hezershou Angliyaning Donkaster shahrida tug‘ilgan.

O‘rta maktabdayoq tarix va siyosatga qiziqib qolgan.

"1980 yillarda men yashab turgan mintaqa Tetcher hukumatining islohotlar siyosatidan zarar ko‘rgan vaqtlar edi", deya xotirlaydi u.

Jon Hezershou 2007 yilda London Iqtisod va siyosiy fanlar kolleji xalqaro munosabatlar kafedrasida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

Londondagi Qirollik kolleji, London iqtisod kolleji, Amerikaning Markaziy Osiyo universiteti va xalqaro tadqiqotlar bo‘yicha Notr Dam universitetida faoliyat olib borgan.

Shuningdek, BMTning G‘arbiy Afrikadagi loyihalarida qatnashgan.

Jon Hezershou Markaziy Osiyodagi nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlik qilgan.

2001-2005 yillar oralig‘ida Qirg‘iziston va Tojikistonda tadqiqotlar olib borgan.

Jon Hezershou ilmiy izlanishlari Markaziy Osiyo va Sharqiy Ovro‘poda jamiyatda dinning tutgan o‘rniga bag‘ishlangan, ushbu mavzuda qator maqolalar chop etgan.

Jon Hezershou o‘zining o‘tkazgan tadqiqotlari natijasida Markaziy Osiyo hukumatlari islomiy ekstremizm va terrorizm xavfini o‘ta bo‘rttirmoqdalar, radikal islomiy harakatlarning mintaqaga xavfi afsona degan fikrga kelgan.

Shu yilning iyun oyida Tojikiston maxsus xizmatlari tomonidan josuslikda gumon qilinib Ekzeter (Exeter) universiteti tadqiqotchisi, Hezershouning shogirdi Aleksandr Sodiqov hibsga olingan, ma‘lum vaqtdan keyin qo‘yib yuborilgandi.

"Markaziy Osiyoda paydo bo‘layotgan kuchlar va mojarolarni bartaraf etish" nomli ilmiy loyiha yuzasidan shogirdi Aleksandr Sodiqov bilan tadqiqotlar olib borgan Hezershou bu voqeaga fikr bildirib, uni mantiqsizlik deb atagan edi.

BBC mehmoni Jon Hezershouga savollaringizni uzbek@bbc.co.uk elektron pochtasiga jo‘natishingiz mumkin.