"AQSh sanktsiyalari Rossiya hukumatini o‘zgartirishni maqsad qilgan"

Image copyright RIA Novosti

AQShning Rossiyaga qarshi jazo choralaridan asl maqsad Kremldagi hukumatning o‘zgarishi uchun sharoitlarni yaratishdir. Rossiyada Tashqi ishlar vazirining muovini Sergey Ryabkov aynan shunday bayonot bilan chiqdi.

"Biz bu fikrni oxirgi paytda ochiqcha bildirib kelayapmiz, lekin AQSh ma‘muriyati uni rad qilishga urinayotgan bo‘lsa-da, barcha dalil-isbotlar bizda shunday holat yuz berishiga olib keluvchi manzarani yaratish Vashingtonning eng ustivor masalalaridan biriga aylanganiga ishora qilmoqda", - dedi Ryabkov janoblari Davlat Dumasida bo‘lib o‘tgan AQSh-Rossiya munosabatlari borasidagi majlisda.

Ryabkovning aytishicha, AQSh "aksilrossiya mavqei"ni ushlab turish yo‘lida o‘z ittifoqchilariga bosim o‘tkazishda davom etmoqda.

Tashqi ishlar vazirligining inson huquqlari bo‘yicha mulozimi Konstantin Dolgovga ko‘ra esa, AQSh o‘z milliy xavfsizligini bahona qilib, butun dunyo bo‘ylab Rossiya fuqarolariga "ov" qilishni boshlagan.

Ayni damda Dolgov Rossiya bunga javoban "AQSh fuqarolarini o‘g‘irlash"ni boshlamasligini aytdi.

"Sovuq urushning ikkinchi soni"

Image copyright AFP

Dumaning xalqaro masalalar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Aleksey Pushkov bugungi kunda AQSh va Rossiya o‘rtasida mavjud bo‘lgan vaziyatni "Sovuq urushning ikkinchi soni" deb ta‘rifladi.

"Ko‘plar "sovuq urush" iborasini qo‘llamaslikka urinishayapti, chunki hech kim uzoq muddatli ziddiyatni istamaydi. Biroq, bugungi bo‘layotgan voqealar sovuq urushni juda qattiq eslatmoqda. Bu fakt", - dedi u Dumadagi chiqishida.

Pushkovga ko‘ra, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi inqiroz anchadan beri yetilib kelayotgandi. Uning fikrida, Barak Obama ma‘muriyati 1950 yillarda ishlab chiqilgan siyosat, ya‘ni Rossiyani jilovlash va ixotalab qo‘yish siyosatiga sodiqdir.

Sanktsiyalar

AQSh va Ovro‘po Ittifoqi joriy yilning mart oyida Rossiya Qrimni o‘ziga qo‘shib olishi ortidan sanktsiyalar tadbiq qilishdi.

Ko‘p o‘tmay AQSh va Ovro‘po Ittifoqi Rossiyani Ukraina sharqidagi mojaroga aralashishda ayblab, yangi jazo choralarini kiritishdi.

Rossiya hukumati Donbassdagi mojaroga harbiy jihatdan bevosita qatnashayotgani va bo‘lginchilarga yordam berayotganini rad qiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002