"O‘zbekiston Konstitutsiya kunini qonunbuzarliklar bilan nishonlaydi"

8 dekabrda O‘zbekistonda Konstitutsiya qabul qilingan kun.

Mustaqil Inson huquqlari himoyachilari Alyansi tarqatgan bayonotda aytilishicha, O‘zbekistonda Qonun shartlari hukumatning o‘zi tomonidan doimiy ravishda buzib kelinadi.

Konstitutsiyaning 2- moddasiga binoan, "Davlat xalq irodasini aks ettiradi va uning manfaatlari uchun xizmat qiladi. Davlat idoralari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas‘uldirlar".

Amalda esa, fuqarolar davlat siyosatidan qoniqmaydilar, amaldorlarning mas‘uliyatsizligi va e‘tiborsizligidan norozilik bildirib keladilar.

Davlat idoralari va amaldorlar faqat o‘z manfaatlarini himoya qiladi, deyiladi Alyans bayonotida.

Konstitutsiyaning 13- moddasida ko‘rsatilishicha, "O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi".

Aslida fuqarolarning huquq va erkinliklari buziladi, ularning ommaviy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilishi va uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum qilinishi kuzatiladi.

Shuningdek, Konstitutsiyada taqiqlanganiga qaramasdan, tergov jarayonida va qamoqda mahbuslarga muttasil ravishda qiynoqlar qo‘llaniladi. Biroq mutasaddi idora xodimlari tomonidan sodir etiladigan bunday jinoyatlar jazosiz qolib ketaveradi.

Jumladan, Alyansdagi oxirgi ma‘lumotlarga ko‘ra, 49-koloniyada saqlanayotgan Mixail Qurbonov, 46-sonli qamoqxonadagi Andrey Xvan doimiy ravishda qiynoqlarga solib kelinmoqda.

Asosiy qonunning 28- moddasida fuqarolarning respublika hududida erkin harakatlanishlari kafolatlanadi. Biroq amalda viloyatdan poytaxtga keladigan insonlar Toshkentda qisqa muddatda ro‘yxatdan o‘tishlari talab qilinadi, aks holda ular hibsga olinishi mumkin.

Konstitutsiyaga muvofiq, fuqarolar o‘z fikrlarini mitinglar, yig‘ilish va namoyishlar ko‘rinishida bildirish huquqiga egalar. Lekin O‘zbekistonda odamlarga yakka holda ham piket o‘tkazish imkoniyati berilmaydi.

2014 yilda Adeleida Kim, Yelena Urlayeva norozilik aktsiyasi o‘tkazganlari uchun hibsga olinganlar. Adelaida Kimga mahkama tomonidan jarima solingan.

Konstitutsiyaning 37- moddasida majburiy mehnat taqiqlangan. Biroq O‘zbekiston aholisining katta qismi davlat tomonidan har yili paxta terimiga majburan jalb qilinadi.

Davlat jamiyatning ilmiy va texnik rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qilishi ta‘kidlanadi, ammo olim va kashfiyotchilar to‘liq nazorat ostida. Xususan, Hamza tuman mahkamasi olim Sanjar Saidjonovni kimyoviy o‘g‘itlar o‘rniga biomahsulot kashf qilganiga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atgan va uning kashfiyoti tortib olingan.

Konstitutsiya kuni O‘zbekistonda bayram hisoblanadi. Aksariyat aholi esa qonunda belgilangan huquqlar faqat qog‘ozda qolib ketishini bildiradi.

Farg‘onalik faol Ne‘matjon Sodiqovning huquqbonlik faoliyati tufayli nafaqat o‘zi, balki o‘g‘illari ham jinoiy javobgarlikka tortilgan.

O‘zbekistonda eng huquqsiz qatlam mardikorlarning huquqini himoya qilib chiqqan Faxriddin Tillayev va Nuriddin Jumaniyozovlar uzoq yillarga ozodlikdan mahrum qilingan.

O‘zbekiston hukumati mamlakatda siyosiy mahbuslar yo‘qligini aytib keladi. Biroq O‘zbek qamoqxonalarida hukumat siyosatiga qarshi bo‘lgani uchun hibsga olingan minglab siyosiy va diniy mahbuslar mavjud.

Murod Jo‘rayev, Samandar Qo‘qonov kabi o‘nlab siyosiy mahbuslar qariyb 20 yildan buyon tutqunlikda qolmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer