Xalqaro Amnesti: Isroilning G‘azodagi binolarga hujumi "urush jinoyatidir"

Image copyright AFP

Xalqaro Amnesti tashkiloti yozgi ixtiloflar chog‘i Isroil tarafidan G‘azodagi to‘rtta baland qavatli binoning nishonga olinishini "urush jinoyati"ga tenglashtirgan.

Inson haqlari guruhi qo‘lga kiritgan dalillar binolar "atayin vayron etilgani va bunga harbiy oqlov yo‘q"ligini ko‘rsatgan.

Tashkilot mazkur amallar yuzasidan mustaqil va xolis tekshiruvlar boshlanishiga chaqirgan.

Isroil esa, hisobotda asossiz ayblovlar aks etgani va Hamasning "bunday binolardan harbiy maqsadlarda foydalanishi" e‘tibordan chetda qolganini aytgan.

Londondagi Isroil elchixonasi chiqargan bayonotga ko‘ra, Amnesti Falastin tarafdan Isroil aholisiga qarshi uyushtirilgan raketa hujumlariga oid tekshiruvlar olib borishi lozim edi.

O‘tgan yoz G‘azoda ketgan qarama-qarshiliklar chog‘i kamida 2, 189 falastinlik nobud bo‘lgan. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, ularning 1, 486 nafari oddiy odamlardir. Shuningdek, BMTning aytishicha, 11, 000 inson tan jarohati olgan.

Isroil tarafda esa, 67 askar va aholi orasidan 6 kishi hayotdan ko‘z yumgan, muayyan sonda yaralanganlar bor.

"Oqlov yo‘q"

Otashkesim kuchga kirishiga 4 kun qolganda Isroil qiruvchi uchoqlari Rafahdagi 4 binoga yirik bombalar tashlagandi.

Xalqaro Amnesti tashkiloti 4 holatda ham biron bir kishi o‘ldirilmaganini e‘tirof etadi. Ammo, bir qator insonlar tan jarohati olishgan va yuzlab odamlar uy-joylari, bizneslari hamda mulklaridan ayrilishgan

Tashkilotning aytishicha, Isroil hukumati binolar nima uchun vayron etilgani yuzasidan aytarli tushuntirish bermagan. Faqat mazkur turar-joylardan birida Hamasning boshqaruv markazi joylashgani, boshqasida esa, "falastinlik jangarilarga aloqador inshootlar" bo‘lgani qayd etilgan.

"Barcha dalillar ushbu keng ko‘lamli vayronagarchiliklar atayin va harbiy asoslarsiz amalga oshirilganini ko‘rsatadi", deydi Xalqaro Amnesti tashkilotining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha bo‘limi direktori Filip Luter.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002