Prezident Putin O‘zbekistonga safar qiladi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rossiya prezidentlik devoni matbuot xizmatiga ko‘ra, Prezident Vladimir Putin ertaga rasmiy safar bilan Toshkentga boradi.

Ma‘lum qilinishicha, mazkur safar O‘zbekiston rahbari Islom Karimovning taklifiga binoan uyushtirilgan.

Kremlga ko‘ra, Toshkentdagi muzokaralar chog‘i ikki tomonlama strategik hamkorlikni rivojlantirish va birinchi o‘rinda savdo-sarmoya sohasidagi loyihalar muhokama qilinadi.

Shu bilan birga, janob Putinning yordamchisi Yuriy Ushakovning jurnalistlarga bildirishicha, Amerika va Ovro‘po Ittifoqi jazo choralari ortidan Rossiyaga O‘zbekiston qishloq xo‘jalik mahsulotlarini import qilish masalasi ham ikki o‘rtadagi muloqotlar mavzusi bo‘ladi.

"Yangi imkoniyatlar ochilmoqda va ushbu sohada ishlar bir necha oydan beri allaqachon amalga oshirilmoqda", deb aytgan Yuriy Ushakov.

O‘zbekistondan iqtisodiy tahlilchi Anvar Husainovning BBC bilan suhbatda aytishicha, Rossiya-O‘zbekiston aloqalarida oxirgi yillar ortga chekinish kuzatilgandi.

Ammo, tahlilchiga ko‘ra, agar Rossiya rahbari yirik sarmoyalar olib kirish, neft va yoqilg‘i sohasida ochiq va‘dalar bilan keladigan bo‘lsa, munosabatlarda yana oldinga qadam tashlanishi mumkin.

"Endi bu siyosat ochiqchasiga bo‘lishi kerak. Rossiya berguvchi davlat bo‘lishi kerak", deydi Anvar Husainov.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002