2015 yil kirmasdanoq "keksalarni e‘zozlash" boshlandimi?

Image copyright Umida Akhmedova

O‘zbekistonlik pensioner o‘z vaqtida olmagan pensiyasini talab qilish muddati qisqardi.

"Norma.uz" saytining xabar qilishicha, bundan buyon pensioner pensiyasini uzoq muddat olmagan bo‘lsa, olish uchun murojaat qilgan kungacha bo‘lgan 12 oy pensiyasini olishi mumkin.

Shu paytgacha bu muddat 3 yil edi, ya‘ni biron bir sabab bilan, masalan, uzoq muddatga chetga ketgan pensioner so‘nggi 3 yil ichida qolib ketgan pensiyalarini talab qilishi mumkin edi.

Endilikda bu muddat 1 yil qilib belgilab qo‘yildi, deb xabar qiladi "Norma.uz".

"Norma.uz" axborot-huquqiy portali ushbu yangilik O‘zbekistonning "Fuqarolarning davlat pensiya ta‘minoti haqida"gi qonuniga kiritilgan o‘zgarishga asoslanganini ma‘lum qilgan.

"Norma.uz" sayti agar nafaqa Pensiya jamg‘armasining aybi bilan egasiga berilmagan bo‘lsa, pensioner to‘lanmagan barcha muddat uchun pensiyasini talab qilishga haqqi borligini eslatgan.

Prezident Islom Karimov 5 dekabr kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasining 22 yilligi munosabati bilan 2015 yilni "Keksalarni e‘zozlash yili" deb e‘lon qildi.

Mamlakatda 2002 yil ham "Qariyalarni qadrlash" yili deb atalgan edi.

"Keksalarni e‘zozlash" yili haqidagi xabar Internet ijtimoiy tarmoqlarida ham ancha qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

"Tamom bo‘ldi deyaveringlar. Qariyalarni sho‘ri quriydigan bo‘ldi. Zo‘rg‘a plastikka pensiyani olishayotgan edi o‘zi, shu ham bo‘lmaydi endi. Saylov oldidan faqat bitta ‘qariya’ e‘zozlanarkanda. Afsus", deb sharh qoldirgan "Bobur" nikli internet foydalanuvchi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002