Tojikistonda qish: bir oilada besh qurbon

Dushanbe yaqinidagi Vahdat tumanida yashaydigan bir oilaning besh nafar a‘zosi ko‘mirdan islanib halok bo‘lgan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatidan xabar berishlaricha, bu halokat Simiganj qishlog‘ida yuz bergan.

Tunda qo‘lbola pechga yoqilgan sifatsiz ko‘mir uyda ona va uning to‘rt farzandini elitgan.

Islanish natijasida 29 yoshli Nasiba Majidova, uning 6 yoshli qizi – Farida, 5 yoshli o‘g‘li – Saidaslam, 4 yoshli qizi Fazila va 3 yoshli o‘g‘li Muhammad hayotdan erta ko‘z yumishgan.

Oila boshlig‘i to‘g‘risida ma‘lumot berilmagan.

Lekin kuzatuvchilarning aytishlaricha tojikistonlik ko‘p erkaklar Rossiyaga ishlash uchun ketishadi.

Bu fojiadan biroz oldinroq Tojikiston Shimolidagi Spitamen tumanida 54 yoshli Sobir Xolmatov yoqilg‘i islanishidan vafot etgandi.

Hali qish kirmasdan burun ayni shu Spitamen tumanida bir ayol islanib, jon bergandi.

Tahlilchilarning aytishlaricha hali qishning birinchi kuni o‘tmayoq Tojikistonda yoqilg‘i islanishidan halok bo‘lgan insonlar soni o‘n nafardan ortgan.

Ayni shu tahlilchilarning fikricha, qish sovug‘ida uylarni isitish uchun aholi sifati aniqlanmagan ko‘mirni sotib oladi.

Ko‘mir sotuvchilar mashinalarga bu turdagi yoqilg‘ini yuklab olib, qishloqma-qishloq, mahallama-mahalla kezadilar.

Ko‘mir sifati ustidan hech kim nazorat qilmaydi.

Tojikiston poytaxtidan tashqari boshqa shaharlarida isitish tizimi ishdan chiqqani bois va qo‘shni o‘zbekistondan tabiiy gaz berish to‘xtatilgani sabab uylar asosan elektr isitgichlar bilan isitiladi.

Lekin elektr ta‘minoti vaqti cheklangani bois hatto ko‘p qavatli uylarda ham ko‘mir pechkalari yo sandallar o‘rnatilganini ko‘rish mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002