Imom o‘limi: "O‘zbeklar Birligi" rus va o‘zbek xizmatlaridan shubhalanmoqda

Istanbuldagi O‘zbeklar Birligi tashkilotining rahbari o‘zbekistonlik imom Abdulloh Buxoriyning o‘limi ortida O‘zbekiston va Rossiya maxfiy xizmatlarini gumon qilayotganini bildirdi.

"Bizda bor ma‘lumotlarga ko‘ra, bu suiqasdni o‘zbek-rus xavfsizlik xizmatlari birgalikda uyushtirganlarini tahmin qilayapmiz", - dedi O‘zbeklar Birligi tashkilotining rahbari Adam Chevik.

Turkiya politsiyasi imomni o‘ldirishda gumon qilingan shaxsni qo‘lga olgan va uning Rossiya fuqarosi ekanini bildirgan. Politsiya hodisa yoki gumondor haqida hozircha boshqa ma‘lumot bermayapti.

Imomning janozasi juma kuni Istanbuldagi Fotih masjidida o‘qilishi va u so‘ngra Eyub qabristonida dafn etilishi rejalangan.

Asli ismi Mirzag‘olib Hamidov bo‘lgan 38 yoshli imom sakkiz yildan beri Turkiyada yashab kelardi. U turk ayoliga uylangani sabab Turkiya fuqaroligiga ega bo‘lgani ishoniladi. Unga nisbatan O‘zbekistonda jinoiy ish ochilgan yo ochilmagani noma‘lum.

Imom o‘zining "Ihsanilim" nomli madrasasiga Markaziy Osiyodan kelgan yoshlarni jalb qilib, ularga Islomiy ta‘lim berib kelgan.

Uning chiqishlari internetda ham ommaboplashib, murid va muxlislari soni ko‘p bo‘lgani aytiladi.

Imom Buxoriy o‘z ma‘ruzalarida yoshlarni ochiqchasiga Suriyadagi jihodda ishtirok etishga undab kelgan. U, xususan, o‘zbekistonlik musulmonlar ham Suriyadagi Bashar al-Assad tizimiga qarshi kurashish farziga ega ekanliklarini aytgan.

Suriya va Iroqdagi jihodchilar saflarida shu kunlarda yuzlab o‘zbekistonlik yoshlar jang olib borishmoqda va ularning aksari bu jang maydonlariga Turkiya orqali o‘tadilar.

G‘arb hukumatlari Turkiyaning "jihodchilar tranzit yo‘li"ni yopmaslikda ayblab keladi.

U, shuningdek, O‘zbekistonda ham Islomiy davlat o‘rnatilishi vaqti yetilgani haqida bayonotlar qilgan.

Jumladan, o‘tgan oy oxirida u Sahviy tahallusi bilan audioblog yurituvchi Muhammadsolih Abutovga bergan intervьyusida O‘zbekiston xalqi Islomiy davlatni istashini aytgan.

"Hozirgi dunyodagi hukumatlar Islom hokim bo‘lishini istamasa-da, baribir Islom hokim bo‘ladi. Bu aniq bo‘lgan narsa, boshqa chora yo‘q, boshqa yo‘l yo‘q", - degan u suhbat davomida.

"Bizning millatimizning ko‘pchiligi Islomiy sha‘riyatni, Islomiy hukmni, Islomiy siyosat, Islomiy hukumatni xohlaydi. Shunday bir yaxshi gumondamiz", - deb aytgan imom.

Uni tanigan jurnalist Kamoliddin Yo‘ldoshning aytishicha, imom yaqin kunlarda o‘ziga tahdid mavjud ekani haqida gapirib kelgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002