Poroshenko Ukrainaga "haqiqiy tinchlik" o‘rnatilganini aytdi

Image copyright AFP

Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenkoning aytishicha, oxirgi bir necha kun ichida Ukraina sharqidagi mojaroda hech qanday askar o‘ldirilmadi yo jarohat olmadi.

"Sizga hush xabarim bor. Bugunda, oxirgi yetti oy ichida birinchi marta, Ukrainada haqiqiy yarashuv qayd etildi", - dedi juma kuni Avstraliya bo‘ylab safari chog‘ida gapirgan Poroshenko janoblari.

Donbassda Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vositachiligida erishilgan "sukunat rejim"i boshlangan.

Ukraina sharqida mojaro boshlanganidan beri 4 mingdan oshiq odam halok bo‘lgan, milliondan ortig‘i esa o‘z uylarini tashlab qochishga majbur bo‘lganlar.

Payshanba kuni Pyotr Poroshenko Rossiya hukumatiga murojaat qilib, Ukraina hududidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishlari va Rossiya-Ukraina chegarasini yopishlarini so‘radi.

"Iltimos, mening hududimdan qo‘shinlaringizni olib chiqing... Iltimos, chegarani yoping. Men sizga va‘da berib aytaman, agar chegarani yopsangiz, bir, ikki, uch hafta ichida Ukrainada tinchlik va barqarorlik hukm suradi. Buning hammasi juda oddiy", - dedi Poroshenko Avstraliya Bosh Vaziri Toni Abbot bilan birga o‘tkazgan matbuot anjumanida.

Ukraina va G‘arb davlatlari Rossiyani Ukraina sharqida amal qilayotgan bo‘lginchilarni moliyalash va harbiy tayyorlashda ayblashadi.

Moskva bu ayblovlarni rad etadi va mojaroga aloqasi yo‘qligini aytadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002