Jihod mavsumi: "Islomiy Davlat"ning oyog‘i Markaziy Osiyoga yetadimi?

Image copyright AFP

Ham mahalliy va ham xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, joriy pallada bu haqda qat‘iy xulosa chiqarishga erta.

Ularning bu kabi baholari mintaqadagi qator isyonchi guruhlarning "Islomiy Davlat"ga o‘z dastaklarini oshkora izhor etishlari ortidan yangramoqda.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, birinchilardan bo‘lib bunday bayonot bilan chiqqanlar orasida O‘zbekiston Islomiy Harakati ham bor.

Yaqinda harakat rahbari Mujohid Usmon G‘oziy, "barcha a‘zolari nomidan o‘zlarining Islomiy Xalifat bilan bir safda ekanliklarini e‘lon qilgan"di.

Ularning bayonotidan qisqa vaqt o‘tmay, Pokiston Tolibon Harakati rahbari Mavlono Fazlullohning ham xuddi shunday istakda ekaniga oid rasmiy xabarlar paydo bo‘ldi.

Orada harakat rahbariyatining bunday istakda emasligiga oid raddiyalar ham yangragan esa-da, kuni-kecha Bosh matbuot voizi va besh nafar mintaqaviy qo‘mondonining "Islomiy Davlat" guruhini dastaklash qarorida ekanliklari ma‘lum bo‘ldi.

Image copyright Reuters

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, bu kabi bayonot va raddiyalar Pokiston Qurolli kuchlari yarim yildan buyon qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasida keng ko‘lamli harbiy amaliyotlar olib borayotgan, Pokiston Tolibon Harakati rahbariyati saflarida tarqoqlik va bo‘linishlar kuzatilayotgan bir manzarada o‘rtaga chiqmoqda.

Pokiston Tolibon Harakati va ularning yaqin ittifoqchisi sifatida ko‘riluvchi O‘zbekiston Islomiy Harakati, yillarki, aynan Shimoliy va Janubiy Vaziriston mintaqalaridan boshpana topib kelgan.

O‘zbekiston Islomiy Harakati rahbari esa, "Islomiy Davlat" guruhiga dastaklari izhor etilgan so‘nggi bayonotida aynan ana shu harbiy amaliyotlar sabab, o‘zlarining Vaziriston mintaqasida nochor ahvolda qolganliklarini ilk bor oshkora tan olgandi.

O‘tgan bir necha oyning o‘zida Iroq va Suriyadagi kattagina hududlarni bosib olib, o‘z islomiy xalifaligini e‘lon qilgan "Islomiy Davlat" esa, joriy paytda barcha jangari guruhlar orasidan "eng boyi" va qudratlisi sifatida e‘tirof etilmoqda.

Joriy paytda bu mutaassib jihodiy guruh a‘zolarining soni 30 mingdan ortishi va ular saflarida dunyoning deyarli har burchagidan jang qilish uchun kelayotgan insonlarning borliklari aytiladi.

Bayonotlar nimani anglatadi?

Pokistondan yetakchi mintaqaviy tahlilchi Ahmad Rashid ham BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida isyonchi guruhlarning bu kabi ustma-ust bayonotlari sababini eng avvalo "Islomiy Davlat" erishayotgan yutuqlar bilan bog‘laydi.

"Buning birlamchi sababi, menimcha, "Islomiy Davlat" guruhining Yaqin Sharqda qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlari bilan bog‘liq. Keyin, nazarimda, O‘zbekiston Islomiy Harakati va Tolibon saflaridagi yosh jangarilarni ularning g‘oyasi ham o‘ziga jalb etmoqda. Agar, xotirangizda bo‘lsa, O‘zbekiston Islomiy Harakati Markaziy Osiyoda islomiy xalifalik barpo etishni maqsad qilgan. "Islomiy Davlat" esa, allaqachon Yaqin Sharqda o‘z xalifaligini e‘lon qilib, endi uni butun musulmon olamiga yoyish istagida", - deydi tahlilchi.

Suhbatdoshimiz, o‘z o‘rnida, hozirga kelib, hatto, butun Janubiy Osiyodagi qolgan jangari guruhlar ham erishayotgan yutuqlari sabab, "Islomiy Davlat"ga anchayin ijobiy ko‘zda qaray boshlashayotganini aytadi.

Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi Pol Rojers esa, yaqinda qilgan bayonotlarini bu ikki jangari guruh mavqe‘laridagi anchayin jiddiy o‘zgarish sifatida baholadi.

Image copyright BBC World Service

"Mujohiddin Usmon G‘oziyning bayonoti yaqqol O‘zbekiston Islomiy Harakatining hozirga kelib, "Islomiy Davlat" Janubiy va G‘arbiy Osiyoda faoliyat yuritib kelayotgan ko‘plab kichik guruhlardan ko‘ra globalroq, degan to‘xtamga kelganiga dalolat qiladi. Menimcha, ular hozir musulmon olamidagi uchta muqaddas makonni ko‘z ostiga olgan globalroq islomiy harakatga e‘tibor qaratgan ma‘qul, degan o‘yga kelishgan. O‘z o‘rnida, bu – harakatning millatchi qarashlaridan anchayin ortga chekinganiga ham dalolat qiladi. Mavjud holat, o‘z navbatida, "Al-Qoida" tarmog‘ini tashvishga solmay qo‘ymaydi, albatta. Chunki o‘zini dastaklayotgan guruhlar anchayin millatchi qarashda bo‘lishsa ham, tarmoq hamisha o‘zini global, deya iddao qilib kelgan", - deydi tahlilchi suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, O‘zbekiston Islomiy Harakati nisbatan kichik va asosan quvg‘indagi guruh bo‘lsa ham, "Islomiy Davlat"ni dastaklashiga oid so‘nggi bayonoti siyosiy jihatdan oldinga qo‘yilgan jiddiy qadam ham bo‘lgan.

"Shuni alohida ta‘kidlash kerakki, mintaqadagi isyonchi guruhlar, ayniqsa, O‘zbekiston Islomiy Harakati juda kichkina guruh. Shu bois ham, ularning "Islomiy Davlat" guruhini dastaklash qarori faqat siyosiy jihatdan katta ahamiyat kasb etadi. Ya‘ni, ular endi o‘zlarini global jihodiy guruhning bir qismi sifatida ko‘rsatishlari mumkin bo‘ladi", - deydi u.

Image caption "Bularning barchasi joriy paytda faqat siyosiy ramzdan o‘zga narsa bo‘lmaydi..."

Ammo, xuddi shu o‘rinda, tahlilchi Pol Rojersning ta‘kidlashicha, harakatning bu kabi bayonoti joriy paytda amalda deyarli hech narsani anglatmaydi, desa ham bo‘ladi.

"Hozir bu ikki guruh o‘zaro qandaydir aloqada bo‘lishlari mumkin. Balkim, oralaridagi munosabatlarni anchayin mustahkamlashga ham muvaffaq bo‘lishar. Ammo bularning barchasi joriy paytda faqat siyosiy ramzdan o‘zga narsa bo‘lmaydi. Hozir eng muhim masala – qolgan yirik isyonchi guruhlarning "Islomiy Davlat" atrofida uyushish-uyushmasliklari bilan bog‘liq. Chunki "Islomiy Davlat" ilgari surayotgan g‘oya hozircha butun dunyo bo‘ylab ildiz otib ulgurgani yo‘q", - derkan, tahlilchi hozir bunday xavf mavjud ekanini ham inkor etmaydi.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, bularning barchasi inobatga olinsa, joriy paytda bu ittifoqchilik Markaziy Osiyoga solishi mumkin bo‘lgan jiddiy tahdid haqida so‘z yuritish noo‘rin bo‘ladi.

O‘z o‘rnida xalqaro tahlilchining ta‘kidlashicha, so‘nggi bayonoti O‘zbekiston Islomiy Harakatiga Pokiston shimoli-g‘arbidagi ichki nizolarda ham hech bir ma‘noda qo‘l kelmaydi.

Pokiston Qurolli kuchlarining shu yil yoz oyida boshlagan yirik harbiy amaliyotlaridan biroz avval esa, ayrim mahalliy tahlilchilar so‘nggi paytlarda O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari soni yana ortmoqda, degan baholar bilan chiqishgandi.

Ular O‘zbekiston Islomiy Harakati so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlaridan yangi a‘zolar yollab, qo‘shni Afg‘oniston shimolida faollashish orqali mintaqa chegaralariga yaqinlashishga urinayotgani haqida so‘z yuritishgandi.

Pokiston Qurolli kuchlarining hozir ham davom etayotgan harbiy amaliyotlari natijasida hanuz Vaziristonda bo‘lgan harakat a‘zolarining qanchalik jiddiy talofat ko‘rganliklari ma‘lum emas, rahbarlarining taqdiri ham noayonligicha qolmoqda.

Ammo harbiy doiralarda harakat jangarilarining soni bir necha yuzdan bir necha mingtagacha, deb taxmin qilinadi.

Maqsad "yashab qolish emas"...

Image copyright AFP

Xuddi shu manzarada ham O‘zbekiston Islomiy Harakati va ham ayrim pokistonlik yuqori martabali qo‘mondonlarning "Islomiy Davlat"ni dastaklashlariga oid bayonotlariga to‘xtalarkan, Frantsiyadan mintaqaviy siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov bu ikkovlonning maqsadlari faqatgina "yashab qolish emas", deydi.

"Bular juda ham kuchli siyosiy, harbiy inqirozlarni bosib o‘tishgan. Ularning bugungi kundagi asosiy xohish-istaklari faollashuv, o‘zlari uchun moliyaviy va insoniy oqimlarni kuchaytirish. Agar, ular Suriya va Iroqdagi jabhaga qo‘shiladigan bo‘lishsa, ular uchun ana shu har ikki eshikning ham ochilishini taxmin qilish mumkin. Biz bilamizki, butun dunyodan o‘sha jihodchilik tafakkurida shaxslar bugun Iroqqa, Suriyaga kelishayapti, al-Bag‘dodiyga bay‘at berishayapti. Ya‘ni, ularning yo‘qotish emas, aynan qandaydir resurslar ilinjida "Islomiy Davlat"ga qo‘shilishlari ehtimoli kuchli", - deydi suhbatdoshimiz.

O‘z o‘rnida, O‘zbekistonga shundoq qo‘shni Afg‘oniston Tolibon Harakati "Islomiy Davlat" guruhini dastaklashda nega jim, degan savolga kelganda Londondan xalqaro tahlilchi Pol Rojers buning sabablarini bir necha omillar bilan izohlaydi.

Uning aytishicha, AQSh boshchiligidagi ittifoq kuchlarining jig‘iga tegmaslik, Afg‘onistonda o‘z mavqeini saqlab qolish va anchayin millatchi g‘oyaga ega ekani bois, harakat "Islomiy Davlat"ni qo‘llashga bormaydi.

O‘z o‘rnida, suhbatdoshimiz Afg‘onistonda hozirligi juda oz, Pokistonda avvalgi turishidan asar ham qolmagan bo‘lsa-da, "Al-Qoida" tarmog‘i hamon dunyodagi jihodiy guruhlar orasida o‘zini yo‘lboshlovchi sanashi bois, o‘rnimni egallaydi, degan xavotirda "Islomiy Davlat"ga juda shubha bilan qarashi va uning gullab-yashnashi yo‘lida har qanday qo‘llovdan o‘zini tiyishini ta‘kidlaydi.

Eslatib o‘tish joiz, "Islomiy Davlat" guruhining 2000 yillar boshlarida aynan "al-Qoida" tarmog‘ining Iroqdagi bir tarmog‘i sifatida paydo bo‘lgani aytiladi.

Harbiy manbalarga ko‘ra, orada asosan xudkushlik hujumlari uyushtirish bilan shug‘ullanib kelgan guruh Iroqda kuchayib borayotgan zo‘ravonliklar va qo‘shni Suriyadagi fuqarolar urushidan foydalanib, 2011 yilda yangi janggari kuch sifatida o‘rtaga chiqadi.

Oradan uch yil o‘tib, Iroq va Suriyadagi ulkan hududlarni bosib oladi, qator neft konlarini qo‘lga kiritadi va o‘z nazorati ostidagi yerlarda islomiy xalifalik e‘lon qiladi.

"Islomiy Davlat" guruhining Iroqdagi shialar va Suriyadagi alaviylar boshchiligidagi hukumatga qarshi sunniy arab jamoalaridan kuch olishi, asosiy daromad manbai o‘zlari bosib olgan konlardagi neft kontrabandasi, tovon puli, banklarni talash va mahalliy aholidan yig‘ib olayotgan soliqlari hisobidan ekani aytiladi.

Amerikalik yuqori martabali harbiy mulozimlar esa, yaqinda "shu paytgacha Islomiy Davlat" kabi "mukammal va yaxshi moliyalangan guruhga guvoh bo‘lmaganliklari"ni e‘tirof etishgandi.

Agar, Amerika matbuotida keltirilgan ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, guruh tarkibida havoda bo‘ladimi yoki yerda, jang olib borish san‘atini puxta egallagan sobiq harbiy zobitlargacha bor.

Xalqaro harbiy ekspertlar esa, "Islomiy Davlat"ning xuddi Livandagi "Hizbulloh" guruhiga o‘xshab, qisman terrorchi, qisman partizan va qisman hali shakllanib ulgurmagan davlatiga ega, ustiga ustak juda moslashuvchan guruh ekaniga diqqat qilishadi.

"Islomiy Davlat"ning "jozibasi"

Image copyright Reuters

Frantsiyadan mintaqaviy siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov ham xuddi shu o‘rinda dunyodagi qolgan isyonchi guruhlar bilan solishtirganda, "Islomiy Davlat"ning qolgan jihodchilar uchun jozibali bo‘lgan bir qancha muhim jihatlari borligini ta‘kidlaydi.

"Bular G‘arbning, birinchi o‘rinda Amerika Qo‘shma Shtatlarining "Islomiy Davlat" guruhi va xalifi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga qarshi urush e‘lon qilishi, guruhning qo‘l ostida juda katta hudud va anchagina salmoqli iqtisodiy, moliyaviy resurslarning mavjudligidir. Na "al-Qoida"da, na Afg‘oniston Tolibon harakati Mulla Muhammad Umarda mana shunday katta resurslar bor va ularning birortasi faoliyat olib boruvchi hudud bu qadar qaynoq to‘qnashuvlar nuqtasi emas".

"Ularni birlashtirib turuvchi pozitsiya bu – mafkura: Bir tomondan, islomiy davlat qurish. Ikkinchi tarafdan, G‘arbga qarama-qarshi turish. Ya‘ni, Islomni qarshilik mafkurasi sifatida talqin etish", - deydi u.

Tahlilchiga ko‘ra, xuddi shu sababdan ham, jihodchilar o‘z oldlariga ana shu jabhaga qo‘shilib, Iroq va Suriyada G‘arbga qarshi kurashish kabi vazifani qo‘yayotgan bo‘lishlari mumkin.

Suhbatdoshimizning aytishicha, bundan keyin ham butun dunyodan jihodchilarning Iroqqa yig‘ilish tendentsiyasi borgan sari kuchayib boradi va yaqin yillar ichida asosiy kurash nuqtasi ham ana shu Iroq bo‘ladi.

"Bugun global jihodiy maydonda uchta katta tashkilot qolayapti va biz ularning o‘rtasidagi qudrat taqsimoti (iyerarxiya), munosabat qanday ekanini bilmaymiz. "Al-Qoida" bu – katta brend, lekin uning resurslari, ayniqsa, insoniy resurslari juda ham cheklangan. Butun dunyo bo‘yicha ham mingtaga bormaydi, degan ma‘lumotlar bor. Endi, Afg‘oniston toliblari bu – ancha qudratli tashkilot. Lekin bugungi kunda ularning o‘z qo‘l ostlarida bo‘lgan hududlari va yirik moliyaviy manba‘lari mavjud emas. Boshqa tomondan, toliblar hali ancha vaqt siyosiy fursat kutishda davom etishlari mumkin. Lekin bugungi kunda dunyoda eng faol va qudratli bo‘lgan jihodiy tashkilot, bu – albatta, "Islomiy Davlat" va uning rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy", - deydi tahlilchi.

U, aynan o‘zi tilga olib o‘tgan omillarni nazarda tutarkan, bu ikki jangari tashkilotdan hech bo‘lmaganda bittasi ma‘lum muddatdan keyin al-Bag‘dodiyga bay‘at keltirishi ehtimolini ham nazardan soqit etmaydi.

Bugungi iqtisodiy qudratini nazarda tutarkan, Pokistondan mintaqaviy tahlilchi suhbatdoshimiz Ahmad Rashid "Islomiy Davlat" hozirgi kunda Janubiy va Markaziy Osiyodagi ayrim jangari guruhlarni moliyalash mavqeida ekanini aytadi.

O‘zbekistonliklar va "Islomiy Davlat"

So‘nggi yillarda turli matbuot nashrlarida O‘zbekiston doxil qator Markaziy Osiyo davlatlaridan ham "Islomiy Davlat" safiga borib qo‘shilayotganlar haqidagi xabarlar tez-tez bo‘y ko‘rsata boshlagan.

Ulardan ayrimlari BBC doxil ayrim boshqa G‘arb nashrlari bilan aloqaga chiqib, o‘zlarining "Islomiy Davlat" guruhi safida jang qilayotgan o‘zbekistonlik ekanliklarini ham iddao qilishgandi.

Jumladan, Xurshid Muxtorov ismli shaxs BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida hozir Suriya va Iroqda o‘ziga o‘xshagan markaziy osiyoliklarning soni minglab ekani va ulardan ko‘pchiligi o‘zbeklar ekanini da‘vo qilgandi.

Ammo "Islomiy Davlat" saflarida jang qilayotgan o‘zbekistonliklarning aniq soni borasida rasmiy raqamlar yo‘q.

Mintaqaviy va xalqaro tahlilchilar bugun Iroq va Suriyada jang qilayotgan markaziy osiyoliklar soni bir necha yuzdan bir necha mingga yetishi mumkinligini taxmin etisharkan, ularning soni ortib borayotganiga ham diqqat qilishadi.

Xuddi shu manzarada, hatto, xalqaro tahlilchilar orasida ham jihodchilar saflarida jang qilib, vatanlariga qaytayotgan bu kabi fuqarolarning o‘z davlatlari xavfsizligi uchun asosiy muammoga aylanishlari mumkinligi haqidagi xavotirlar yo‘q emas.

Image copyright l

Ayrim mintaqa davlatlari esa, allaqachon o‘z fuqarolarining "Islomiy Davlat" nazorati ostidagi hududlarga safar qilishlarining oldini olish yo‘lida qator chora-tadbirlarga ham qo‘l ura boshlashgan.

Boshqa tomondan, ayrim tahlilchilarga ko‘ra, agar, mintaqadagi boshqa isyonchi guruhlar va qo‘mondonlar ham "Islomiy Davlat" guruhini tanlaydigan bo‘lishsa, bu – O‘zbekistonning shundoqqina biqinidagi Afg‘oniston va Pokistonga eng avvalo shafqatsiz jang usullarining kirib kelishiga zamin yaratadi.

Ta‘kidlash joiz, yaqinda Pokistonning Afg‘onistonga yaqin shimoliy-g‘arbiy Peshovar shahrida "Islomiy Davlat" tarafdorlari guruhni olqishlovchi varaqalarni tarqatishayotganiga oid xabarlar ham paydo bo‘lgandi.

Ammo, suhbatdoshimiz, Frantsiyadan mintaqaviy siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov Erondan tortib, Saudiya Arabistonigacha, Yaqin Sharqdagi qator davlatlarning "Islomiy Davlat"ga qarshi mavqe‘da ekanliklarini nazarda tutgan holda, bularning barchasi Iroqdagi voqealarning qanday yakun topishiga bog‘liq bo‘lishini ta‘kidlaydi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘tgan oy audio-murojaat bilan chiqib, faqatgina Iroq va Suriya bilan chegaralanish niyatlari yo‘qligi, bundan keyingi nishonlari Saudiya Arabistoni bo‘lajagini bayon qilgandi.

Saudiya podshohligi esa, Islomning beshigi, musulmonlar uchun muqaddas ikki haram sohibi, jahondagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi va eksport etuvchi davlat sanaladi.

Xuddi shu sababdan ham, shu yil yozida o‘z xalifaligini e‘lon qilarkan, "Islomiy Davlat"ning vaqti kelib, albatta, aynan Saudiya Arabistoniga ko‘z tikishi ko‘pchilik uchun kutilgan yangilik bo‘lgandi.

Bu kabi xabarlar manzarasida saudiyalik ayrim mulozimlar o‘zlarigina "Islomiy Davlat"ni mavh etishga qodir va buning uchun qonuniy huquqqa ega mintaqadagi yagona davlat ekanini ham iddao qilishgandi.

Musulmon olamida katta nufuzga ega Saudiya Arabistoni Bosh muftiysi esa, bundan ham ancha avval guruhni "Islomning dushmani", deya e‘lon qilgandi.

Ammo...

Image copyright AP

Guruhning shafqatsiz jang olib borish uslubi va qisqa vaqt ichida erishishga muvaffaq bo‘lgan yutuqlari yaqinda Saudiya Arabistoni doxil qator Yaqin Sharq davlatlarini o‘z ichiga olgan AQSh boshchiligidagi harbiy koalitsiyaga asos solinishiga sabab bo‘lgan va ittifoqchilar allaqachon havodan turib, "Islomiy Davlat" mavqe‘lariga zarba berishni boshlab yuborishgan.

Shuni ham ta‘kidlash joiz, so‘nggi oylarda mintaqadan guruhning ko‘zga ko‘rinarli yutuqlariga oid xabarlar yo‘q.

"Xuddi shu sababdan ham, "Islomiy Davlat" tashkiloti taqdirining qanday bo‘lishi O‘zbekistonga ta‘sir qilish darajasini belgilab beradi. Agar, "Islomiy Davlat" barqaror bir fenomenga aylansa, bu jarayon, bu muammo kengayishi, Afg‘onistondagi jihodiy faoliyatning kuchayishi va O‘zbekistonning chegaralariga yaqinlashishiga sabab bo‘ladi. Lekin hali bunday deyishga juda ham erta", - deydi bu tahlilchi suhbatdoshimiz ham.

Boshqa bir tahlilchi suhbatdoshimiz Ahmad Rashid ham, "Islomiy Davlat" yangi fenomen ekani, g‘oyalari halicha Markaziy Osiyo, Pokistonu Afg‘oniston va toliblar orasiga u qadar keng kirib bormagani, shu bois ham, guruhning mintaqa uchun rostmana tahdidga aylanishi haqida so‘z yuritish, hozircha, juda noo‘rin bo‘lishini aytadi.

"Joriy paytda "Islomiy Davlat" Yaqin Sharqda katta yutuqlarga erishayapti. Ammo, so‘zsiz, guruhning Markaziy Osiyoda ham shunday muvaffaqiyatlarga erishishini ko‘rishni istovchi odamlarni ham yo‘q deb bo‘lmaydi", - deydi tahlilchi.

Image copyright AP

O‘z o‘rnida, ayrim g‘arblik tahlilchilar "Islomiy Davlat"ning bu yaqin orada dunyo uchun jiddiy tahdidga aylanishi haqida ham qat‘iy xulosa chiqarishga hali vaqtli ekanini aytishadi.

Ular o‘z xulosalari sababini eng avvalo zafar cho‘qqisiga birdaniga erishgan ayrim ekstremistik guruhlarning o‘z yutuqlaridan tezda boshlari gangib qolishi bilan izohlashadi.

Boshqa tomondan, bu kabi tahlilchilar "Islomiy Davlat"ning qudrati bosqchinlik va etnik tozalashlarga asoslangani uchun ham, guruhning ichdan zil yetishga moyil ekanini ta‘kidlashadi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, ham O‘zbekiston Islomiy Harakati, ham Pokiston va ham Afg‘oniston Tolibon harakati hali-hanuz o‘zini global jihodiy tarmoq sifatida ko‘ruvchi "al-Qoida"ning yaqin ittifoqchilari sanalishgan.

Tarmoq va uning hozirgi rahbari Ayman az-Zavohiriy, shu jumladan, Afg‘oniston Tolibon harakati rahbariyati ham hozircha o‘z ittifoqchilarining yaqinda qilgan bayonotlariga rasman biror bir munosabat bilan chiqishmagan.

O‘z o‘rnida, mintaqaviy tahlilchilar "Islomiy Davlat" guruhini dastaklashga oid kutilmagan bayonotlari manzarasida O‘zbekiston Islomiy Harakati va Pokiston Tolibon harakati qator yuqori martabali qo‘mondonlarining o‘z islomiy xalifaliklarini barpo etish rejalariga nima bo‘lishi savoli ochiq qolayotganini aytishadi.

"Islomiy Davlat" guruhi esa, shu yil iyun oyida e‘lon qilgan rasmiy bayonotida o‘z xalifaliklari kengayib, qo‘shinlarining qadami yetib borgan har qanday hududdagi barcha amirliklar, guruhlar, davlatlar va tashkilotlar yo‘qqa chiqishini ta‘kidlagandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002